O‘zbekiston milliy jamoasi yetakchisi va to‘purari Eldor Shomurodov Turkiya Superligasida ham o‘z hisobini ochib, yurtdoshlarni quvonchga sherik qildi.
30 yoshli hujumchi “Roma” klubidan bir mavsumga ijara asosida “Istanbul Bashakshehir” safiga qo‘shilgan edi. U shu kunga qadar muntazam maydonga tushib keldi, hatto UYEFA Konferensiyalar ligasida olti marta to‘p tepib, bir golli uzatma amalga oshirgandi. Biroq yangi jamoasi uchun birinchi golini kiritish uchun unga to‘qqizta bahs zarur bo‘ldi.
Turk chempionatining beshinchi turi doirasida “Bashakshehir” kuchli raqib – “Beshiktosh” maydonida mehmon bo‘ldi. Ushbu bellashuv orqali Eldor tarixiy golini kiritdi. 71-daqiqada u raqib darvozasini ishg‘ol etib, jamoasini hisobda oldinga olib chiqqandi. Ammo bahs oxiriga qadar mezbonlar vaziyatni tubdan o‘zgartirib, ikki bor to‘p kiritib, 2:1 hisobida g‘alabani qo‘lga kiritishdi.
Qayd etish kerakki, “Bashakshehir” rahbariyati shu kunlarda jamoani mavsumga tayyorlagan Chag‘dash Atan bilan xayrlashgan va uning o‘rniga nemis futbolida nom qozongan Nuri Shahinni bosh murabbiy etib tayinlaganini ma’lum qilgan edi. Shu paytda klubni vaqtincha rejalashtirish va strategiya bo‘limi direktori Marko Petssayuoli boshqarib turdi.
Bellashuvdan keyin Petssayuoli quyidagicha izoh berdi:
— Biz faqat ikki marta mashg‘ulot o‘tkazishga ulgurdik, ko‘plab futbolchilar terma jamoalardan jarohat bilan qaytdi. Shu bois to‘liq tarkibda tayyorgarlik ko‘ra olmadik. Lekin o‘yinchilarning jangovar rruhini saqlab qolishga urindik. Birinchi bo‘limda yaxshi harakat qildik, lekin golli imkoniyatlarni to‘liq ishlata olmadik. Ikkinchi taymda esa standart vaziyatlar orqali samara izladik. O‘yin amaliyoti yetishmasligi mag‘lubiyatga olib keldi.
Eldor Shomurodov birinchi golini urdi va men bundan juda xursandman. Bu goldan keyin Shomurodovning o‘ziga bo‘lgan ishonchi oshadi. Endi yangi bosh murabbiy Nuri Shaxin qo‘l ostida “Istanbul Bashakshehir” yanada ijobiy o‘ynab, yaxshi natijalarni qo‘lga kiritadi, — dedi u.
Eslatib o‘tamiz, “Istanbul Bashakshehir” Turkiya chempionatidagi navbatdagi bahsini 21-sentyabr kuni o‘z maydonida “Antalyaspor”ga qarshi o‘tkazadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!