“Manchester Siti” derbida “Manchester Yunayted”ni yirik hisobda mag‘lub etgach, klub bosh murabbiyi Xosep Gvardiola matbuot anjumanida ishtirok etib, jamoadagi o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanov haqida to‘xtalib o‘tdi.
Taniqli murabbiy Husanovning jismoniy tayyorgarligi va o‘yindagi harakatlarini yuqori baholadi:
— Keyingi 11 oy mobaynida biz har uch kunda maydonga tushishga majbur bo‘ldik. Shunday holatda futbolchining salohiyati qanchalik muhim ekanini yaqqol ko‘rish mumkin. Men Husanovning jismoniy imkoniyatlarini yaxshi bilaman — u juda tezkor va o‘ng qanotni mukammal yopib berdi. U ko‘p to‘p yo‘qotmadi, faqat ba’zi vaziyatlarda ortiqcha energiyasi sabab to‘g‘ri qaror qabul qilishda shoshildi.
Biroq shuni ta’kidlash joizki, “Yunayted” safidagi juda tezkor futbolchi Dorguga qarshi ham Abduqodir katta ishonch va qattiqqo‘llik bilan o‘yin namoyish etdi. Bu uning katta bellashuvlarda ham o‘zini ko‘rsata olishini tasdiqlaydi, — dedi Gvardiola.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi bo‘lgan Abduqodir Husanovning “qizil iblislar”ga qarshi harakatlari statistikasi ham yomon emas. “Sofascore” portali himoyachiga 7,4 ball qo‘ydi va bu ko‘rsatkich uning o‘yindagi ishonchli harakatlarini tasdiqlab turibdi.
Gvardiolaning ushbu so‘zlari Abduqodir Husanovning Angliya Premer-ligasida tobora katta tajriba orttirayotganini va muhim o‘yinlarda o‘z so‘zini ayta olishini yana bir bor namoyon qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!