00:30 / 01.03.2018
2 960

Futbolimiz ochiq yarasiga ishora – buni kim qanday tushunadi?

Futbolimiz ochiq yarasiga ishora – buni kim qanday tushunadi?
Chamasi 10 kuncha avval navqiron muxlislardan biri Ikromjon O‘ktamaliyev to‘satdan so‘rab qoldi:

- Nima deb o‘ylaysiz, O‘zbekiston terma jamoasi qachon jahon chempioni bo‘ladi?
Ochig‘i, savol bizni haddan ziyod hayratlantirdi. Chunki futbolimizning bosh maqsadi jahon chempionati final bosqichiga yo‘llanma olish ekanligi barchaga ma’lum. Ikromjon va uning navqiron tengdoshlarini esa jahon chempionligi masalasi qiziqtirmoqda.

Futbolni real tahlil qiladiganlar bu to‘g‘rida hattoki, o‘ylab ham ko‘rishmaydi. Buning uchun ularni ayblash noo‘rin, albatta. Axir shirin xayollar, orzu-havaslar uchun ham qandaydir asos, mantiq bo‘lishi kerak-da! Hozirgi holatda futbolimiz va jahon chempioni maqomini yonma-yon qo‘yish o‘ta noqulay.

Jahon kubogiga yaqqol da’vogar, ammo unga hali erisholmagan qancha-qancha kuchli terma jamoalar turganida, mundial yo‘llanmasiga yetisholmayotgan futbol muhitida shunday ajabtovur savolning tug‘ilishi, haqiqatan ham, favqulodda hodisa.

Tushunamiz, bu g‘alati savol qaysidir futbol bilimdoni ensasini qotiradi yoki oddiygina kulgusiga asos beradi. Hozirgi vaziyat shunday. Reallikdan qochishning iloji yo‘q. Ammo Ikromjonning savolini batamom chetga surib qo‘yish adolatsizlikdir, nazarimizda.

Tuyaning hammomni orzu qilishi haqidagi maqol butunlay boshqa masala. Navqiron avlodning beg‘ubor orzulari sabab, futbol tarixida “sensasiya” ro‘y berishini inkor etmaylik aslo. Yana 50 yoki 100 yildan so‘ng ehtimolki, Yevropa futboldan zerikib, yangi sport turini kashf etar...

Misol uchun, bir vaqtlar Daniya yoki Gretsiya terma jamoalarini Yevropa chempioni bo‘lishini xayolga sig‘dirish ham mushkul edi. Biroq xayolotga sig‘mas ishlar haqiqatga aylandi. J.Koreyada tashkillashtirilgan qishki Olimpiadada esa sport dunyosi yana bir kutilmagan voqeylik oldida hayratdan yoqa ushladi.

Qarangki, xokkeyning doimiy favoritlari - Shvetsiya, Kanada yoki AQSH termasi emas, balki hamisha autsayder sanalgan Germaniya jamoasi Olimpiada chempioni bo‘lishga yaqin keldi. Aniqrog‘i, qandaydir bir daqiqa nemislarning buyuk “sensatsiya”dan mahrum qildi.

Yo‘q, aslida ularning kumush medal yutishlariyoq haqiqiy “sensasiya”. Axir bor-yo‘g‘i 20-30 yil avval Germaniya xokkeyi bugungi Albaniya, Norvegiya, Islandiya futboli kabi taassurot uyg‘otardi. Mana, islandlar futbolda allaqachon xomxayoldek tuyuladigan ishlarni amalga oshirib qo‘yishdi.

Endi navbat Germaniya xokkeyiga! Nemis xokkeychilari chorak finalda shvetsiyalik, yarim finalda esa kanadalik ustalarni uyaltirishdi. Avvallari bu kabi uchrashuvlardan oldin hech bir ikkilanishsiz Shvetsiya va Kanada terma jamoalariga g‘alaba yozilardi.

Asosiysi, prognozlar 100 foiz o‘zini oqlardi. Xullas, o‘sha qat’iy tartib, ko‘nikilgan qolip buzildi. Germaniya terma jamoasi ko‘z o‘ngimizda jahon xokkeyi tarixini yangiladi. Shunday ekan, navqiron muxlislar avlodi o‘zbek futboli imkoni va kelajagini yuqori baholashga haqli.

Navqiron yoshlarimizga xayrixoh bo‘lib, bir yoqimli qiyosni tilga olamiz. Rossiya xokkeyi oradan 26 yil o‘tib, yana qishki Olimpiada shohsupasiga ko‘tarilishni uddaladi. Futbolchilarimiz esa bundan 24 yil oldin Osiyo o‘yinlarida zafar quchishgandi. Demak, Tokio-2020 Olimpiadasi vaqtida bu muddat 26 yilni tashkil etadi.

Demoqchimizki, futbolimiz taqdirini g‘oyibona Olimpiada chempioni unvoni bilan tutashtirsak arziydi. Yosh futbolchilarimiz shunga yarasha dadil va g‘olibona qadam tashlashgani bu xulosaning o‘zagi, mustahkam tayanchidir. E’tiborlisi, Rossiya termasi ham guruh bosqichining dastlabki bahsida ancha kuchsiz sanalgan slovakiyalik xokkeychilarga yutqazdi.

Hammasi prinsipial raqib - AQSH termasini 4ta shayba farqi bilan yengishdan so‘ng boshlandi. Final bahsining so‘nggi daqiqasida Nikita Gusev hisobni tenglashtirib, Rossiya xokkeyi shonli tarixini sharmandalikdan qutqardi. Jamoaning eng yosh a’zosi Kirill Kaprizov esa g‘alaba shaybasi - oltin golni urdi.

O‘ylaymizki, bu ma’lumotlar Osiyo chempioniga aylangan yosh futbolchilarimiz bilan bog‘liq ayrim xotiralarni yodingizga soldi. Ha, aytgancha, Kirill Kaprizovning iste’dodi va kelajagiga ham dastlab ishonqiramay qarashgan. Futbolimizda yosh iste’dodlar taqdiriga xuddi shu tahlit yondashuv hamon borligi rost.

Qiziq, Ravshan Haydarov final uchrashuvida butun mas’uliyatni zimmasiga olib, Andrey Sidorovga ishonch bildirsayu, “So‘g‘diyona” aksincha, Osiyo chempioni bilan “do‘stona” xayrlashsa.

Futbolimiz shu zayl chempionlarni, iste’dodlarni boy beradi. Ularni asrash o‘rniga goho yo‘ldan adashtiradi, yosh futbolchiga mayoq bo‘lishdan o‘zini tiyib, ba’zan uni jazolash, bir umrga chetlatish haqida o‘ylaydi.

Mutasaddilarning ijobiy xulosalaridan umidvor holda, yosh futbolchining taqdiriga qayg‘urib, uni o‘rtoqlik uchrashuvlari bilan yupantirayotgan jamoaga esa katta miqdorda jarima belgilaydi. Ana shundan yondashuv ta’sirida futbol dunyosida ba’zi istisnolar borligini unutadi.

Holbuki, mutasaddilarning o‘zlari Superliga va Pro-liga ishtirokchilarini tanlashda istisnolarga yo‘l qo‘yishmoqda. Muxlislar hammasini ko‘rib, bilib turishibdi.

Futbolimiz kelajagini o‘ylab, bunday istisnolarni to‘g‘ri tushunishga ham intilishmoqda. Xullas, mavjud sharoitda, yangilanish jarayonida futbolimizni qat’iy qonun-qoidalar asosida boshqarish har doim ham o‘zini oqlayvermaydi.

Mutasaddilarga tegishli ilojsiz istisnolarning sababi shu. Xalqimiz “Pichoqni avval o‘zingga ur, og‘rimasa birovga”, deydi murakkab vaziyatlarda muvozanat qaror topishini istab.

Muhtaram muxlis! Yuqoridagi mulohazalardan muddao ne? Istaymizki, futbolimiz rahbariyati insoniylik tamoyillaridan kelib chiqib, o‘zi shundoq ham moliyaviy holati ancha og‘ir jamoalarga nisbatan moliyaviy jazo - jarimani yengillashtirsa, bir umr sevimli sport turidan chetlatilgan futbolchilarga xatolarini tuzatish imkonini yaratsa.

Zero, “Navbahor” kabi nomdor klubni Superligada asrab, moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash yuzlab homiy tashkilotlarga oson bo‘lmayotgani kabi bir futbolchining kamol topishi ham mashaqqatlarga to‘la uzoq muddatdir.

Unutmaylikki, bugungi bitta adolatli istisno ertaga futbolimiz foydasiga katta naf keltirishi mumkin. Superliga starti arafasida shu kabi muammolar xususida yana bir bora mushohada yuritilsa, yomon bo‘lmasdi.

Salom, bizni mushohadaga chorlovchi, yangiliklarga undovchi Superliga! Debyut mavsuming muborak!
Muhammad Vali

Manba: www.interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Futbolimiz ochiq yarasiga ishora – buni kim qanday tushunadi?