08:02 / 26.08.2018
2 413

Sanʼat Sharipov: “Hozir futbolimiz oʻtish davrini boshdan kechirmoqda, vaqt oʻtishi bilan hammasi takomillashib boradi”

Санъат Шарипов: "Ҳозир футболимиз ўтиш даврини бошдан кечирмоқда, вақт ўтиши билан ҳаммаси такомиллашиб боради"
Yaqinda taniqli futbol mutaxassisi, Xalqaro sport huquqshunosligi boʻyicha diplom egasi boʻlgan Sanʼat Sharipov OʻFAda maslahatchi sifatida ish boshlagani haqida xabar qilib oʻtgandik. OʻFA matbuot xizmati Sanʼat Sharipov bilan oʻzbek futbolida olib borilayotgan islohotlar, xorij tajribasi va boshqa mavzularda suhbat uyushtirdi. Quyida ana shu suhbatni eʼtiboringizga havola qilamiz.

- Siz juda koʻp mamlakatlarda boʻlgansiz, koʻplab milliy chempionatlarning bevosita guvohiga aylangansiz. Oʻzbekiston Superligasining hozirgi formati haqida qanday fikr bildirasiz? Amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar oʻz samarasini bermoqdami?

- Mustaqillikka erishganimizdan buyon milliy chempionatimizda turli yillarda 20 tadan 16 tagacha jamoalar toʻp surib kelishgan edi. Bunda uyda-mehmonda tizimi qoʻllanar edi. Yurtimizda futbol yildan yilga rivojlanib bormoqda. Oʻz oʻrnida PFL ham rivojlanmoqda. PFL rahbariyati 12 ta jamoa qatnashadigan hozirgi formatni tanlashidan asosiy maqsad ham aynan millliy chempionatimizni rivojlantirish boʻlgan, deb oʻylayman. Chempionatning qiziqroq oʻtishi, murosasiz bahslarning koʻpayishi, soʻnggi turlarga qadar intrigani saqlab qolish uchun ham ushbu tizim futbol mutasaddilari tomonidan ishlab chiqilganiga shubham yoʻq. Bir narsani aytib oʻtishni istardim. Kim xato qilmaydi bilasizmi, ishlamagan odam.

Ish bor joyda albatta kamchiliklar boʻladi. Bu tizimga ayrim futbol mutaxassislarining eʼtirozi boʻldi. Bu tabiiy hol. Butun dunyo futbolida eʼtirozlar mavjud va bu har doim davom etadi. Hozir futbolimiz oʻtish davrini boshdan kechirayotgandek. Vaqt oʻtishi bilan barcha ishlar mukammallashtirib borishiga umid qilaman. Tizimning mukammallashishida rahbariyatdan tortib barcha xodimlargacha tinmay izlanish olib borishmoqda. Shu sabab ham ishqibozlar futbolga qaytishmoqda. Stadionlarimiz ishqibozlar bilan toʻlmoqda. Namangan, Buxoro, Qoʻqondagi stadionlarni misol qilib keltirishim mumkin. Chempionatning 12 jamoali tizimga oʻtishi yaqin kelajakda oʻz mevasini beradi albatta. Vaqt oʻtishi bilan bu formatda qolamizmi, yoki boshqa mukammalroq format oʻylab topiladimi bilmadim.

Ammo asosiy maqsad, yaʼni futbolni rivojlantirish doimo asosiy maqsad boʻlib qolaveradi. Shu oʻrinda qoʻshimcha qilib oʻtishni istardim. Dunyoga mashhur “Pepsi” brendining Superliganing titul homiysiga aylangani bejiz boʻlmasa kerak. Fikrimcha, bu futbolimiz rivojlanayotganidan, chempionat uchun toʻgʻri format tanlanganidan darak beradi. Men Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasiga yaqinda ish boshladim. Oldin boʻlib oʻtgan ishlarga baho bera olmayman. Ammo hozirda oʻz koʻzim bilan koʻrgan bir narsani aniq aytishim mumkin – Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasida barcha futbolni rivoji yoʻlida astoyidil mehnat qilmoqda.

- Futboldagi shaffoflikni taʼminlash, qingʻirliklarga qarshi kurashish maqsadida OʻFAda yangi boshqarma tashkil qilindi. Ushbu boshqarmaning faoliyati davomida eʼtibor qaratish boʻlgan eng asosiy jihatlar nimalardan iborat?

- Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse prezidenti Umid Ahmadjonov tomonidan futboldagi shaffoflikni taʼminlash, qingʻirliklarga qarshi kurashish boshqarmasi tashkil qilindi. Bu juda ham yosh boʻlim boʻlganligi sababli oldinda oʻrganishi kerak boʻlgan ishlar talaygina. Avvalo ushbu boshqarmaning huquqiy tarafdan vakolati qanday ekanligini aniqlashtirib olishimiz zarur. Tajriba orttirib, barcha tashkiliy-huquqiy ishlar toʻgʻri yoʻlga qoʻyilgandan soʻng albatta bu boʻlim futbolimizga juda katta foyda berishni boshlaydi.

- Bizga maʼlumki, sentyabr oyida Rossiyaga safar uyushtirilib, ushbu mamlakat futbol uyushmasi, Rossiyadagi sport huquqshunosligi boʻyicha faoliyat yuritayotgan kompaniyalar faoliyati oʻrganiladi hamda hamkorlik oʻrnatiladi. Oktyabrda esa mazkur soha boʻyicha FIFA sammiti oʻtkaziladi. Bu haqida nima deya olasiz?

- Sentyabrda Rossiyaga uyushtiradigan safarimiz davomida Rossiya futbol uyushmasi va professional futbol ligasi vakillari bilan “Lokomotiv” va “Spartak” jamoalari rahbarlari bilan uchrashuv oʻtkazamiz. Uchrashuvlar davomida futboldagi audit va yuridik ishlarning professinal yoʻlga qoʻyilishi bilan bogʻliq masalalar boʻyicha tajriba orttiramiz. Normativ hujjatlar bilan tanishish imkonimiz boʻladi. Kelishilgan oʻyinlarning oldini olish, futbolchilar bilan tuziladigan mehnat shartnomalari boʻyicha savollarimizga javob olishga harakat qilamiz. Keyingi mavsumlardan boshlab professional futbol ligamizda yagona mehnat shartnomasini amalga kiritishni PFL rahbariyatiga taklif bilan chiqmoqchimiz.

Bunda klublar mehnat shartnomasini oʻzlaricha tuza olishmaydi. Bu yoʻlda biz Shveysariya, Italiya va Rossiyaning sport huquqshunosligi boʻyicha yetakchi mutxassislari bilan muzokaralar olib borishni rejalashtirganmiz. Agar rejamiz amalga oshsa, unda Superliga va Proligadagi klublarimiz PFL tomonidan ishlab chiqiladigan shartnomalarni tatbiq qilishga majbur boʻladi. Kelishilgan oʻyinlar borasida ham toʻxtalib oʻtishni istardim. Bunday oʻyinlarni isbotlash oson narsa emas. Bunda faqatgina gumonga asosan qaror qabul qila olmaysiz. Qoʻlingizda aniq dalil-isbotlar mavjud boʻlishi shart. Bu illat futbol bozorida juda ham uzun ildiz otib ketgan.

Bunday oʻyinlarni isbotlash eng qiyin masalalardan biridir. Bu illatga yaqqol misol qilib 2006 yilda Italiyada boʻlgan mojarolarni keltirib oʻtishimiz mumkin. Oʻshanda Italiya futbolida roʻy berayotgan qingʻirliklar huquq-tartibot idoralari tomonidan aniqlangan edi. Bizda ham bunday idoralar bilan aloqa oʻrnatishimiz uchun reglamentni qayta koʻrib chiqqan holda, ularga ayrim vakolatlarni berishimizga toʻgʻri keladi.

- Noyabr oyida Toshkentda maxsus seminar tashkil qilinar ekan. Ushbu seminarga kimlar taklif etiladi hamda asosiy mavzu nimalardan iborat boʻladi?

- Xaqiqatda noyabr oyida Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi sport huqushunoslari uchun Toshkentda katta seminar oʻtkazishni rejalashtirgan. Ushbu seminarga Rossiyaning eng mashhur sport sohasida ish olib boradigan yuridik kompaniyani taklif etamiz. Ushbu seminar Oʻzbekiston Superligasi va Pro-ligasi yuristlari, mutaxassislari va biz bilan birga futbolni nazorat qilishda hamkorlik qiladigan huquq tartibot organlar, soliq inspeksiyasi vakillari uchun soʻzsiz foydali boʻladi. Ushbu seminarda futbolimizdagi bir qator ogʻriqli masalalar koʻtarilib, uni huquqiy tomondan yechimini topish muhokama qilinadi. Ulardan biri oʻtgan yillarda bizda doimiy ravishda klub va oʻyinchilar orasidagi mehnat shartnomalari bilan bogʻliq muammolar vujudga kelgan.

Klub rahbarlari oʻz vakolatlarini suisteʼmol qilib, oʻyinchilarning shartnomalariga istagan narsalarni qoʻshib qoʻl qoʻyishgan. Yakunda shartnoma faqat bir tomon manfaatini himoya qilib kelgan. Yana bir narsa, shu vaqtgacha klublar rahbarlari agent degan tushunchaga juda salbiy qarab kelishgan. Agentlar futbolning ajralmas qismidir. Qachonki, huquqshunoslar va futbolchilarning vakillari bemalol ishlasa, shunda oʻsish boʻladi va mehnat shartnomalarida turli kamchiliklarga yoʻl qoʻyilmaydi. Maqsadimiz klublarda ishlaydigan huquqshunoslarning sport direktorlari bilan teng huquqli ovozga ega boʻlishlarini taʼminlashga erishishdir. Shu kungacha klub prezidenti yoki sport direktori nimani lozim topsa shartnomaga qoʻshib qoʻyilgan. Xullas rossiyalik yetakchi sport huquqshunoslari Oʻzbekistondagi hamkasblariga malakalarini oshirishda yordam beradilar. Bunday seminar oʻzbek futboli tarixida birinchi marta tashkil etiladi. Seminar davomida yuqorida aytib oʻtilgan xorijiy yuridik kompaniyalarning vakolatxonalarini Oʻzbekistonda tashkil etish imkoniyatlari ham koʻrib chiqiladi. Bu ishlarni amalga oshiradigan vaqt yetib keldi deb hisoblayman.

- Futbolda yosh kichraytirish muammosiga qarshi kurashish uchun qanday chora-tadbirlarni amalga oshirish kerak?

- Bu ogʻriqli muammoga qarshi kurashish uchun yangi tugʻilgan chaqaloqlarga guvohnoma berish tartibini toʻliq elektron tartibga oʻtkazish kerak deb hisoblayman. Bunda markazlashgan yagona sistema tashkil qilish kerak boʻladi. Ammo bu ham mukammal tizim boʻla olmasligi va bu tizimni oʻzgartirish, chetlab oʻtish holatlari kuzatilishi mumkin. Lekin har holda ancha foyda berishiga ishonaman. Avvalambor bu sohada ishlovchilarga buning qanchalar yomon ishligini, vatan manfaatlari har bir inson uchun birinchi oʻrinda turishi kerakligini tushuntirishimiz, ularning ongiga singdirishimiz shart. Bu juda ham ayanchli holdir. 2011 yilda Meksikada, 2013 yilda Turkiyada, 2015 yilda Yangi Zelandiyada oʻynagan yoshlarimizni eslang. Biz kelajakda yana ham kuchayishini kutgan oʻyinchilarimiz futbol olamida nom nishonsiz yoʻq boʻlib ketishdi.

- Futbolda halollik boʻyicha chet ellardagi ofitserlar faoliyati bilan yaqindan tanishsiz. Mana shu haqida fikr bildirib oʻtsangiz.

- Hozirda futboldagi halollik boʻyicha ofitser juda ham kerak. Bu soha vakillari FIFAning oʻzi tomonidan nazoratga olingan. Kuzda futboldagi halollik masalalari boʻyicha FIFA tomonidan katta kongress tashkil qilinmoqda. Bu kongressda oʻzbekistonlik vakillar ham ishtirok etishi kutilmoqda. Bu boʻlim ham OʻFAda yangi tashkil qilinganini hisobga oladigan boʻlsak, kongress vakillarimiz uchun katta tajriba taqdim qilishi shubhasiz.

- Milliy terma jamoamizga Ektor Kuperning bosh murabbiy etib tayinlanishiga oʻz munosabatingizni bildirib oʻtsangiz.

- Oʻzbekistonlik futbol muxlislari, jumladan, oʻzim ham oddiy ishqiboz sifatida terma jamoamizga tajribali xorijlik mutaxassis kelishini kutgan edik. Ayrimlar tomonidan terma jamoamizda bir yil davomida bosh murabbiylar orasida uzilish boʻlganini notoʻgʻri tushunishdi. Jahon chempionatiga tayyorgarlik koʻrayotgan tajribali murabbiy hech qachon oldiga qoʻygan maqsadi sari intilarkan, jarayon nihoyasiga yetgunga qadar boshqa terma jamoalar bilan muzokaraga kirishmaydi, yaʼni maqsadidan chalgʻimaydi. Shu sabali ham Kuperning jahon chempionatidan soʻnggina muzokaralar stoliga oʻtirishini professionallik deb hisoblayman.

Hozirda argentinalik mutaxassis oʻz yordamchilari bilan birgalikda allaqachon ishni boshlab yubordi. Turli chet davlatlarida oʻz koʻzlarim bilan koʻrganlarimdan kelib chiqib aytishim mumkinki, hatto jahon chempionatida qatnashgan Misr terma jamoasida ham OʻFA tomonidan Ektor Kuperga yaratilgan sharoitlar yoʻq edi. Qatar, Xitoy kabi futbolga katta mablagʻlar sarflayotgan terma jamoalar ham hozircha Jahon chempionati yoʻllanmasini qoʻlga kirita olishmayapti.

Aytmoqchi boʻlganim, mundialga yoʻl olish uchun barcha ishlar professional tarzda tashkil etilishi kerak. Buni Kuperning oʻzi ham bir necha marotaba taʼkidlab oʻtdi. Umid qilib qolamizki, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan olib borilayotgan islohotlar oʻz samarasini berib, terma jamoalarimizni Olimpiada va Jahon chempionatlarida koʻrish barchamizga nasib qiladi.

Manba: www.ufa.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Sanʼat Sharipov: “Hozir futbolimiz oʻtish davrini boshdan kechirmoqda, vaqt oʻtishi bilan hammasi takomillashib boradi”