08:27 / 16.11.2018
1 951

Nosuper o‘tayotgan Superligaga nazar (2-qism)

Nosuper o‘tayotgan Superligaga nazar (2-qism)
Maqolaning ilk qismida chempionlik uchun kurashadigan oltitalik va u yerdagi holat haqida atroflicha to‘xtalgandik.

Endi elitada jon saqlab qolish uchun kurashayotgan quyi oltilikdagi holat haqida gaplashamiz.

Aslida bu yerda deyarli barcha masalaga oydinlik kiritildi. Faqatgina pley-off o‘yinlari orqali elitada jon saqlab qolish uchun imkoniyat beradigan 11-10 o‘rinlarni qaysi jamoalar egallashi noma’lum bo‘lib turibdi. Bu borada "So‘g‘diyona", "Qo‘qon-1912" va AGMK jamoalari kurash olib borishmoqda. Shu uchala jamoadan biriga Superliga masalasini hal etish nasib etadi. Qolgan ikki klub esa o‘z omadinini pley-off o‘yinlaridan izlashiga to‘g‘ri keladi.

"Neftchi" esa allaqachon oxirgi o‘rinda qolishi ma’lum bo‘ldi. Demak reglament bo‘yicha farg‘onaliklar kelasi mavsumni Pro-ligada o‘tkazishadi. Quyi oltitalikdagi "Nasaf" va "Qizilqum" jamoalari esa Superligada qolish vazifani uddalab bo‘lishdi.

Bu yerda asosiy intrigaga barham berilgan. Faqatgina birgina "Qizilqum" va "Nasaf" qatorida qaysi jamoa Superliga masalasini o‘z foydasiga hal etishi ochiq qolmoqda. Superligadagi 9-o‘ringa nomzodlar esa "So‘g‘diyona", "Qo‘qon-1912" va AGMK. Aynan shu uchala jamoaning qolgan ikkita turdagi imkoniyatlari haqida to‘xtalib o‘tamiz.

Kelasi turda Superligadagi jon saqlab qolish uchun kurashayotgan jamoalarning o‘zaro to‘qnashuvi Qo‘qonda sodir bo‘ladi. Aynan jizzaxliklarning Qo‘qon safari ko‘p narsaga oydinlik kiritib berishi mumkin. Mazkur bahs Superligadagi to‘qqizinchi jamoa nomini aniqlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi.

"So‘g‘diyona" chempionatdagi oxirgi turni o‘z uyida "Nasaf"ga qarshi o‘tkazadi. "Qo‘qon-1912" esa Superligadagi finishni Farg‘onada, vodiy derbisida "Neftchi" bilan o‘tkazadi.

Shuningdek, "Qo‘qon-1912" va "So‘g‘diyona" bilan birgalikda to‘qqizinchi o‘ringa kurashayotgan AGMK Qarshiga safar qiladi. Mazkur o‘yinda Ashurmatov jamoasi allaqachon chempionatda qolish vazifasini uddalab bo‘lgan "Nasaf" mehmoni bo‘ladi. Oxirgi turni esa AGMK o‘z uyida yana bir Superligadagi vazifasini uddalab bo‘lgan "Qizilqum"ga qarshi o‘tkazadi.

AGMKda taqvim nisbatan yaxshiroq. Ammo Baxtiyor Ashurmatov jamoasining taqdiri o‘z qo‘lida emas. Olmaliqliklar nafaqat o‘zlari g‘alaba qozonishlari, balki raqiblari ochko yo‘qotishlarini ham kutishlariga to‘g‘ri keladi. "Qo‘qon-1912" ustunlik tarafi shundaki, bu jamoaning superligadagi taqdiri o‘z qo‘lida. Qolgan ikkita turdagi g‘alaba qo‘qonliklarning elitadagi o‘rnini mustahqamlab beradi. Shuningdek, "So‘g‘diyona" ham oxirgi ikkita turni g‘alaba bilan yakunlaydigan bo‘lsa, unda jizzaxliklar ham o‘z o‘rinlarini saqlab qolishadi. "Qo‘qon-1912" va "So‘g‘diyona"da hammasi o‘z qo‘lida. Ko‘p narsa hali ta’kidlaganimdek ushbu jamoalarning o‘zaro to‘qnashuvida hal etiladi. Durangdan esa AGMK manfaatdor.

Superliga deya nom olgan chempionatimizning mazkur mavsumi tugashiga ham sanoqli kunlar qoldi. Chempionlik masalasi deyarli hal, sovrinli o‘rinlar intrigasi ham kutilganidek qiziqish va kurashni yuzaga keltira olmadi, elitadigan tushib ketadigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri birgina o‘rin egasi ham allaqachon ma’lum. Faqatgina nazariy jihatdan "Paxtakor"da chempionlik uchun kurash imkoniyati saqlanib qolgan. Buning uchun "sherlar" TTZda kamida 3ta to‘p kiritgan holda ikkita to‘p farqi bilan g‘alaba qozonishlari talab etiladi. Shunda so‘nggi tur oldidan chempionlik imkoniyati saqlanib qolinadi. Bu hammasi nazariya.

Chempionat formati nima berdi?

Avvalo mantiqsizlik evaziga qurilgan va kutilgan intriga kelgani yo‘q. Formatni o‘zgartirishdan ko‘zlangan maqsad - intriga. Chempionlik uchun kurashni qiziqarli qilishdan iborat edi. Bu maqsadga qanchalik yetildi yoki yo‘q, buni avvalo faktlar hamda muxlislarning stadionga tashrifi va qiziqishi belgilab beradi.

Chempionlik kurashi aynan oltita jamoaning ikkiga bo‘linishi va oltin ochkolar evaziga yuzaga kelgan jamoalarning sun’iy ko‘tarilishi va pasayish orqali yangi darajaga yetgani yo‘q. Aynan mazkur format ihtirosi bizga yangi intriga va qiziqishni oshirish uchun xizmat qilolmadi.

Masalan, oltin ochkolar tufayli Superliganing ikkinchi bosqichini peshqadam sifatida boshlagan "Navbahor" yakunda baribir chempionlik poygasini davom ettira olmadi. Chempionatning birinchi bosqichini bir tekisda o‘tkazgan va peshqadam bo‘lib turgan "Paxtakor" esa pastga sho‘ng‘idi. Mavsumni juda sust boshlagan va yakunda oltitalikka kira olgan "Lokomotiv" esa aynan oltin ochkolar evaziga holatini keskin yaxshilab oldi.

Yoki quyi oltitalikdagi "Neftchi"ning tepadagi kuchli jamoalarga qarshi o‘yinda qo‘lga kiritgan qimmatli ochkolari havoga uchib ketdi.

Yuqori oltitalikka ilashib qolgan "Buxoro" Superliganing ikkinchi bosqichini shunchaki o‘tkazdi. Garchi jamoa qator mag‘lubiyatlarga uchragan bo‘lsada, minimum vazifasini chempionat o‘rtasida uddalab qo‘ya qoldi. Ikkinchi bosqichda esa guyoki rasmiyatchilik uchun o‘ynagandek bo‘ldi. Tepaga sakrash uchun imkoniyat yo‘qotilgan, pastga tushib ketish xavfi esa butkul yo‘q. "Buxoro" va "Metallurg" chempionatni ikkinchi qismini hech qanday maqsadsiz nomiga o‘tkazgan bo‘lib qoldi. Mazkur jamoalar xattoki sovrinli o‘rinlar uchun ham kurash taklif eta olishmadi.

Yoki sanoqli ochkolar evaziga quyi oltitalikda qolib ketgan "Qizilqum" va "Nasaf"da hech qanday motivatsiya qolmadi. Jamoa ikkinchi bosqichni qator g‘alabalar bilan o‘tkazgan taqdirda ham 7-pog‘onadan tepaga ko‘tarila olmaydi. Futbolchilarda, umuman jamoada ishtiyoq yo‘qoldi. O‘yinlarda qizg‘in kurash, keskinlik va oldinga intilish juda pasaydi. Buni o‘yinlar sifati va darajasidan ham payqab olish qiyin emas.

Masalan, chempionlik uchun kurashadigan yuqori oltitalikdagi ikki jamoa xattoki medallar uchun ham kurasha olmadi. Aksincha, quyi oltitalikdagi jamoalar chempionatning ikkinchi qismidagi o‘yinlari orqali medallar uchun kurashga kirishish imkoniyatidan mosuvo qilindi. Bu hammasi mantiqsiz format evaziga yuzaga kelgan tushunarsiz holat.

Format o‘zini oqlamagani, ishqibozlarda qiziqishni keskin pasaytirib yuborgani stadionga muxlislar tashrifi kamayib ketganidan ham yaqqol ko‘rinib turibdi. Bu eng adolatli va xolis baho aslida. Birinchi bosqich bilan ikkinchi bosqich tafovutini aniq raqamlar ko‘rsatib turibdi. Superliga starti va finishidagi farq juda katta tafovutni tashkil etmoqda.

Nega Superliganing birinchi bosqichida stadionga ko‘plab muxlislar keldi?

Bunga eng asosiy omil - yangilik. Ya’ni, chempionat yangi formatda o‘tkazilishi va PFL qayta rebrending bo‘lgani ta’siri evaziga muxlislar stadionga qaytishgandi. Ko‘pchilik yangi ishga katta ishonch bilan qaraydi. Shu boisdan ham ishqibozlar tashrifi oshdi. Qiziqish uyg‘ongandi. Ammo chempionatda yuzaga kelgan to‘xtalish va jamoalarning ikkiga bo‘linishi oqibati muxlislarni stadiondan uzoqlashtirib yubordi. Masalan Qo‘qon, Navoiy yoki Qarshida muxlislar tashrifi keskin pasayib ketdi. Chunki ularda motivatsiya va qiziqish qolmadi. Ular muddatidan oldin nafaqat chempionlik kurashidan chetda qolishdi, balki medallar uchun ham kuch sinashishlari ehtimoli yo‘qotildi.

Qo‘l urilgan yangilik, formatdagi noodatiy reglament yakunda kutilgan mevani bermadi. Aksincha, bu chempionatga bo‘lgan qiziqishni so‘ndirib yubordi.

Istalgan chempionatda yuqori maqsadlarni qo‘yadigan jamoalar eng katta siljishni mavsumning yakuniy qismida amalga oshirishadi. Ya’ni, murabbiylar jamoalarning asosiy kuchini chempionatning muhim va eng kerakli pallasi bo‘lmish yakuniy qismiga taqsimlab tayyorlaydi. Superligadagi mazkur formatda esa bu ishni amalga oshirishni nafaqat amaliy, balki nazariy jihatdan ham imkoniyati yo‘q qilindi. Nafaqat muxlislar yoki jurnalistlar, balki ba’zi futbol bilimdonlari hisoblanmish mutaxassislar tarafidan ham tanqid qilindi.

Superligaga bahoni PFLda ishlayotgan maslahatchi emas, avvalo muxlislar va jurnalistlar berishadi. Yoki shu sohada ishlayotgan va bevosita chempionatda o‘ynayotgan futbolchilarni fikrini eshitgan ma’qul. O‘zi kilgan ishni tashkilot ishchisi sifatida oqlab o‘tirishi aslida chempionatga bo‘lgan eng xolisona baho. Faqat aksincha. Agarda chempionat barchaga manzur kelganida, ushbu format o‘zini oqlaganida, buni maqtash yoki oqlash Diyor Imomxo‘jayev zimmasida qolmasdi, nazarimda.

So‘nggi yillardagi Oliy ligani muntazam kuzatgan va Superligani ko‘rgan inson sifatida bemalol aytishim mumkinki, chempionat saviyasi oshib qolgani yo‘q. To‘g‘ri, hech bir ish bir yilda natija bermaydi. Ammo mazkur formatdagi sun’iy intriga ko‘plab jamoalar oyog‘iga bolta urmoqda. Mantiqsiz format evaziga oltin ochkolar turnir jadvalini sun’iy o‘zgartirib yubormasdi. Bu esa jamoalarning ishtiyog‘iga ta’sir ko‘rsatdi.

Futbolda, umuman sportda eng kerakli jihat - motivatsiya yo‘qoldi. Motivatsiyasiz esa futbolda kurash, o‘sish va shakllanishni kutish absurd.


Agarda oltin ochkolar bo‘lmaganida, hozirda "Buxoro" ikkinchi bosqichdagi natijalari tufayli Superligada jon saqlash uchun kurashayotgan, "Nasaf" kuchli beshtalikka kirgan, "Bunyodkor" uchinchi o‘rinda mustahkamlashgan va "Lokomotiv" "Paxtakor"ni chempionlik poygasida qizg‘in quvayotgan bo‘lardi. Chempionlik intrigasi hozirgidan ko‘ra qiziqarliroq kechardi.

Yangilik kerak, to‘g‘ri. Ammo hech kim qilmagan yangilikni emas, barcha professional ligalar amal qiladigan, ammo bizda avval amalga oshirilmagan ishlarni qilgan maqsadga muvofiq bo‘lardi. Futbolda yangi nimadir ihtiro qilishni hojati yo‘q. Shunchaki ishga to‘g‘ri yondoshuv evaziga tabiiy intriga va kurashlarni ko‘paytirish mumkin.

Superligadagi oltin ochkolar "Paxtakor"ning chempionlik kurashini qiyinlashtirgani format o‘zini oqladi, degan xulosa bermaydi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Nosuper o‘tayotgan Superligaga nazar (2-qism)