19:36 / 29.11.2018
3 453

Yaponiyalik mutaxassislarning o‘zbek futboli borasidagi fikrlari

Yaponiyalik mutaxassislarning o‘zbek futboli borasidagi fikrlari
Xabaringiz bor, bugun O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov Yaponiyaning «Vanfore Kofu» klubi rahbari, Yaponiya futbol federatsiyasi a’zosi Kazuyuki Umino va «Yaponiya-O‘zbekiston» sport va ta’lim bo‘yicha assotsiatsiyasi raisi, «Paxtakor» va «Buxoro» klubining sobiq futbolchisi Naoya Shibamura bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Mazkur uchrashuvdan so‘ng Milliy olimpiya qo‘mitasi Matbuot va Media departamenti vakillari mutaxassislar fikri bilan qiziqdi.

Kazuyuki Umino: «O‘zbekiston futboli so‘nggi yillarda yaxshigina kuchayishga erishgan. 23 yoshgacha bo‘lgan terma jamoangiz yil boshida Osiyo chempionligini qo‘lga kiritdi. Musobaqa davomida Yaponiya, Janubiy Koreya kabi terma jamoalar mag‘lub etildi. Bu albatta o‘zbek futboli rivojlanib borayotganidan dalolat. Shu ruxda davom etsangiz, O‘zbekiston Osiyoning yetakchi futbol mamlakatiga aylanib oladi.

Kuni kecha «Bunyodkor» akademiyasini borib ko‘rdik. U yerda yaratilgan sharoitlar juda ajoyib. Mana shunday maskanda kuchli futbolchilar yetishib chiqishiga aminman.

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov bilan uchrashuv davomida ko‘plab kelishuvga erishdik. E’tiborlisi, «Vanfore Kofu» klubi Yaponiyaning oddiy klubidir. Ammo, shunga qaramay janob Ahmadjonov biz bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanligini aytib o‘tdi. Bu hamkorlik har ikki tomon uchun manfaatli ekanligini eshitganimdan xursandman.

Hamkorlik qaysi yo‘nalishda olib boriladi? Biz yoshlar futbolida yaqindan hamkorlik qilmoqchimiz. O‘zbekistonlik yosh futbolchilar Yaponiyada, yapon futbolchilar esa bu yerga kelib malaka oshirishlari, tajriba almashishlari mumkin bo‘ladi. Biz nafaqat futbol, balki madaniyat bo‘yicha ham hamkorlikni rivojlantirishni istaymiz. Qolaversa, o‘zbek futbolchilarining Yaponiya klublariga o‘tishini ham istaymiz», – dedi Kazuyuki Umino.

Naoya Shibamura: «O‘zbek futbolidan yorqin xotiralar qolgan. O‘zbekistonlik futbolchilar kuchli hisoblanadilar. Ular yakkakurashlarda yaxshi harakat qiladilar.

Osiyo kubogida O‘zbekiston va Yaponiya qarama-qarshiligi? Ushbu terma jamoalar musobaqada bir guruhdan o‘rin olgani men uchun ahamiyatlidir. Chunki men har ikki mamlakatda ham futbolchi sifatida o‘ynaganman. Bugun terma jamoa safida harakat qilayotgan futbolchilar ichida men «Paxtakor»da birga o‘ynagan sobiq jamoadoshlarim ham bor. Masalan, Yegor Krimetsni misol qilib keltirishim mumkin. Har ikki jamoa ham guruhdan chiqadi. Istardimki, ular hal qiluvchi final o‘yinida bahs o‘tkazsinlar», – dedi Naoya Shibamura.

Ma’lumot uchun, Shibamura 2012 yilda Toshkentning «Paxtakor» klubida, 2013 yilda esa «Buxoro» safida harakat qilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Yaponiyalik mutaxassislarning o‘zbek futboli borasidagi fikrlari