Hozirgi kunda o‘zbek futbolidagi eng katta muammolardan biri, bu - gol ura oladigan hujumchilar tanqisligidir. Buning sabablari nimada?
Mahalliy bilimga nisbatan ishonch, e’tiqod va muhabbatning yo‘qligidadir! Bu esa futbolimizda juda katta muammolarni keltirib chiqarmokda. ("Xo‘roz qand" bo‘lsa ham chet elniki bo‘lsin...). Aslida o‘zbek xalqini dunyo xalqlari bilan solishtirganda biz barcha sohalarda, shu jumladan futbolda ham juda iste’dodli xalq hisoblanamiz. Aynan mana shu iqtidorimiz nuqtai nazaridan yondoshganda biz har qanday sohada har qanday millat va elatlar bilan bemalol bellasha olamiz. Sohaning rivojlangan yoki rivojlanmaganligi mutlaqo ahamiyat kasb etmaydi.
Ana endi esa asosiy mavzuga o‘tamiz, ya’ni gollar xit - paradiga! Aslida, gol urish velosiped haydashdek oson ish. Siz bir marta velosiped haydashni o‘rganib olsangiz, buni hech qachon esdan chiqarmaysiz, siz bir marta gol urishni o‘rganib olsangiz buni ham hech qachon esdan chiqarmaysiz. Bu ikkalasi ham aslida deyarli bitta narsa, faqat vositalar turlichadir.
Bizda har doim kuchli hujumchilar bo‘lgan: Gennadiy Krasnitskiy, Birodar Abduraimov, To‘lagan Isoqov, Vladimir Fyodorov, Igor Shkvirin, Azamat Abduraimov, Shuhrat Maqsudov, Jafar Irismetov, Dilmurod Nazarov, Oleg Shatskix, Maksim Shatskix, Baxtiyor Davlatov, Rustam Durmonov, Ravshan Bozorov, Umid Isoqov, Zafar Xolmurodov, Anvar Berdiyev, Baxtiyor Hamidullayev, Shuhrat Mirxoldorshayev va boshqalar... Faqat, hozir kallamga kelganlarini sanab o‘tdim.
Bu futbolchilarimiz hujumchilik nuqtai nazaridan olib qaraganda juda baxtli insonlar hisoblanishadi, negaki ular o‘z futbolidan, gollaridan zavqlanishgan, lazzatlanishgan va rohatlanishgan. Yoki yana bir hujumchimiz Kamoliddin Murzoyev "Dinamo" Samarqand jamoasi tarkibida 9(to‘qqiz)ta gol urganini futbolchilik faoliyatidagi eng yaxshi damlar deb hisoblaydi. Va u bu borada mutlaqo haqdir. Chunki u hujumchilik nuqtai nazaridan qaraganda gollarning eng shirin ta’mini tatib ko‘rgan va beqiyos hissiyotlarni boshidan kechirgan. Eng yaxshi hissiyotlar esa xotirada butun umr qoladi.
2*2=4. Bu mantiq. Bu qonun. Bu - reallik. Bu - haqiqat.
2*2="5". Bu - absurd. Bu - yog‘gon. Bu mantiqqa zid ko‘rinishidagi matematik ifoda. Agar siz 2*2="5" ekanligini mantiqiy qonunlar orqali isbotlamoqchi bo‘lsangiz matematik formulalar tutab, "kora ter"ga botib ketadi. Lekin nima uchundir 2*2="5" ko‘rinishidagi matematik ifoda o‘zining sirli - sinoatliligi bilan kishilarni e’tiborini o‘ziga mahliyo qiladi. Bu yerda qandaydir sir bor! Chunki bu yerda boshqa o‘lcham, boshqa kattaliklar va boshqa qonunlar amal qiladi. Bu qonunlarga fizika va matematika formulalari orqali yechim topishga urinishning o‘zi absurddan boshqa narsa emas. Buni isbotlamoqchi bo‘lganni darrov devonaga chiqarishadi.
Ammo bu qonunlarni o‘zingiz o‘zligingizni anglagan holda, ongli tarzda ishga tushirsangiz fizika va matematika qonunlari so‘zsiz bu qonunlarga bo‘ysinadi. Ya’ni, siz to‘pga qanday usulda zarba bermang u mo‘ljal olgan joyingizga bexato boradi. Eng qizig‘i siz kerakli paytda kerakli joyda paydo bo‘lib qolasiz. Biz aynan mana shu "sir" haqida gaplashamiz. Ya’ni, hujumchilarimizninig samaradorligi, mahsuldorligi va hosildorligi haqida suhbatlashamiz. Zora, hujumchilarimizning gol urish qobiliyatlari avtomatik tarzda ishga tushib, gollar hosildorligidan xirmon ko‘tarsa.
Agar siz nimanidir tushunmayotgan bo‘lsangiz, "bu bo‘lishi mumkin emas!", ekanligini anglatmaydi. Mabodo, sizning intellektingiz yetarli darajada rivojlangan bo‘lsa, aytaylik, akademiklik darajasida, gap nima haqidaligini fahmlay olasiz. Shunchaki bu haqda chuqurroq, teranroq fikr yuritib ko‘rish kerak, xolos. Bu esa anchayin "mashaqatli" ish hisoblanadi. Har holda uroq o‘rib ketmon chopmaysiz.
Sizni materialistik dunyoqarashingizni kunglini ovlagan holda aytadigan bo‘lsak, tabiat insonni intellekt degan qobiliyat bilan siylagan. Intellekt bor ekan, biz har doim taqqoslab ko‘rish imkoniyatini qo‘lga kiritamiz.
"Nasaf" jamoasi hujumchisi Humoyun Murtozayev bilan "So‘g‘diyona" jamoasi hujumchisi Ivan Nagayev o‘rtasida qanday farqlar bor? Ivan Nagayev jismoniy ko‘rsatgichlar bo‘yicha ham texnik qobiliyat borasida Humoyun Murtozayevga nisbatan katta ustunlikka ega, ammo samaradorlik borasida Humoyun ustunlikka ega. Buning sabablari nimada? Ivan Nagayevning gol ura olmayotgani uning iste’dodsiz futbolchi ekanligini anglatmaydi. U juda ham iste’dodli futbolchi, lekin mantiqan tushuntirganda xuddi avtomashinaning karbyuratori yaxshi ishlamaganidek, unda ham "nimadir" yaxshi ishlamayapti. Nima ekan mana shu "nimadir"?
Bir kuni meni "Nasaf" jamoasini taqdirlash marosimiga taklif qilishdi. Tadbir juda chiroyli o‘tdi. Marosimdan so‘ng "Nasaf" jamoasining ikki hujumchisi Azamat Allaniyozov va Bobir Abduxoliqov oldimga kelishdi. Ko‘rishdik. So‘rashdik. Ularga bergan birinchi savolim quyidagicha bo‘ldi: Xo‘sh, ikkalang bu mavsum nechtadan gol urmoqchisanlar? Avval ikkalasi bir biriga ma’noli qarab olishdi, so‘ngra ikkalasi ham menga qarab bir paytni o‘zida bir xilda yelka qisishdi. Axir, sen o‘zing nechta gol urishingni bilmasang, men qayerdan bilaman!?
Nimaga sha’ma qilganimni fahmladingiz deb o‘ylayman. Hujumchining gol urish samaradorligi uning fikrlash qobiliyatiga bog‘liq. Bu degani, gol haqida fikrladim, endi samaradorligim oshadi degani emas. Har bir narsani o‘z metodikasi mavjud. Metodika, bu - amalda qo‘llash uslubi. Inson ongini ishlash prinsipini bilmasdan samaradorlikni oshirish haqida gap so‘z bo‘lishi mumkin emas! Chunki har bir jarayonning o‘ziga yarasha sir - asrorlari mavjud.
Xudo insonga ham yaratish qobiliyatini berdi. Yaratish esa - jarayondir! Rassomlar rasm chizishadi, yozuvchilar romanlar, hikoyalar yozishadi, bastakor kuylar yaratadi, arxitektor osmonupar binolar bunyod etadi. Bularning hammasi, ya’ni tamaddunning bugungi holati insoniyatning yaratuvchanlik qobiliyati mahsulidir. Hujumchining gol urish qobiliyati ham xuddi shunday. U - yaratadi! Ammo, qanday!? Mana bu esa savolning eng qaymog‘idir. Gol degani, bu - buyuk ILHOM, kuchli ISTAK, o‘ziga bo‘lgan IShONCh va gol urishga bo‘lgan MUHABBATdan devona(mast) bo‘lish holatining mahsulidir! Bu degani, juda-a-a mantiqan tushuntirganda, botiniy ong va qalbning "o‘zaro hamkorlikdagi biznes"i hisoblanadi. Tabiatda shunday qonunlar mavjud, ya’ni: hech narsadan o‘z - o‘zidan biror narsa paydo bo‘lmaydi. Demak, nimadir paydo bo‘lishi uchun yana nimadir bo‘lishi kerak.
O‘sha, "nimadir"ni bir ozgina tushuntirishga harakat qildim. "Parda"ni chetini bir oz ko‘tardim, xolos. Bu butkul ko‘tarib tashladim degani emas. Hozircha shuni o‘zi yetarli deb o‘ylayman. Zamonaviy psixologiya fani..., shunchaki uni o‘qimayman. Chunki bu fan hali insonning ilohiy tabiatini to‘liq asoslab bera olgani yo‘q.
Hozirgi kunda butun dunyo futbol jamoatchiligi Lionel Messi va Krishtianu Ronaldu iqtidorini taqqoslashni xush ko‘rishadi. Agar Lionel Messi bo‘lmaganda Ronaldu bunchalik ko‘p gol urolmasdi. Agar Ronaldu bo‘lmaganda Messining hozirgi samaradorligi bo‘lmas edi. Bu narsalarni ularning o‘zlari ham tan olishadi. Xo‘sh, kim kuchli? Jismoniy ko‘rsatkichlar Krishtianu Ronalduda, texnik qobiliyat esa Lionel Messida kuchliroq namoyon bo‘ladi. Birinchi qarashda shunday tuyuladi. Ammo, futbolchining gol urish qobiliyati ularni jismoniy ko‘rsatgichlariga yoki texnik qobiliyatiga bog‘liq narsalar emas. Albatta, futbolchi uchun texnik qobiliyat va jismoniy ko‘rsatgich zarur jihatlar hisoblanadi, lekin futbolchining gol urish samaradorligini oshirish uchun eng muhimi emas.
Bu ikki futbolchining gol urish samaradorligini bog‘lab turuvchi eng muhim jihatlardan biri, bu - "ma’lumotlar"ni qabul qilish jarayonining deyarli bir xilligida.
Unda eng muhimi nima?
Eng muhimi, bu - "ILM"dir. "ILM" bu, - "ma’lumotlar" oqimidir. "Ma’lumotlar" oqimini qabul qilish jarayoni har bir futbolchida oltinchi sezgi ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Ammo qanday bo‘lmasin, quyidagi hukm umumqoidalarga zid (paradoks) tarzda jaranglaydi - bu "sir"da aslida hech qanday tilsimning o‘zi yo‘q. Uni tabiatning o‘zi namoyon qilib qo‘yibdi. Ko‘plab goleador futbolchilar bu "ILM"dan o‘zlari anglamagan holda foydalanishadi, ammo bu "ILM"ning nima ekanligini tushuntirib bera olishmaydi. Chunki bu yerda boshqa o‘lcham va boshqa kattaliklar amal qiladi. Bu "narsa"lar maktabda ham, oliygohlarda ham o‘qitilmaydi. "Haqiqat" va "ILM" esa shundan iboratki, u faqatgina o‘zlikni, o‘z qudratini anglash orqaligina qo‘lga kiritiladi.
Eng muhimi futbolchilarimiz, hujumchilarimiz o‘zligini, o‘z kudratini anglab yetgan holda, ongli tarzda bu "ILM"dan foydalanishlari mumkinmi?
Albatta, mumkin! Hujumchilarimizni gol urish qobiliyatini rivojlantirish va samaradorligini oshirish uchun barcha nazariy asoslar yetarli. Faqatgina amalda qo‘llash qolgan, xolos. Men uchun bugungi kunda eng zarur narsalar, bu - amaliyot, amaliyot, amaliyot va tajriba maydoni.
Xo‘sh, nechta gol urishni hohlaysan?
Murabbiy - ruhshunos Mahmayusuf Berdiyev.
Manba: Sports.uz “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Global ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash alyansiga 82 mamlakat a’zo bo‘ldi
Tyumen oblastiga O‘zbekistondan mehnat migrantlari ishga jalb qilinadi
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi