date

Gvardiola «Borussiya» ustidan g‘alabadan so‘ng jamoasi haqida gapirdi

Gvardiola «Borussiya» ustidan g‘alabadan so‘ng jamoasi haqida gapirdi

Yevropa Chempionlar Ligasi 4-turida “Manchester Siti” o‘z maydonida Dortmundning “Borussiya” klubini 4:1 hisobida taslim etdi. Uchrashuvdan keyin “shaharliklar” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola o‘z jamoasining harakati haqida fikr bildirib, o‘yindagi asosiy burilish lahzalarini ta’kidlab o‘tdi.

— “E’tiborga olish kerakki, biz atigi ikki kun oldin maydonga tushgan edik. “Borussiya” esa an’anaviy ravishda Chempionlar Ligasida yuqori saviyadagi raqib. Ilk 15 daqiqa biz uchun ancha og‘ir bo‘ldi — qayerdamiz, nimani o‘ynayapmiz, degan savollarga o‘sha paytda javob topolmadik.

Biroq shundan so‘ng jamoa o‘z o‘yinini topdi. To‘pni nazorat qilishda ustunlikka erishdik, raqibning taktik tartibini buzdik va tezkor hujumlar uchun imkoniyat yaratdik. Shunda o‘yin ancha yaxshi tus ola boshladi.

“Borussiya” hisobni ochgandan keyingi 10–15 daqiqa ancha qiyin kechdi. Ular butun hujumini olti-yetti nafar futbolchi bilan qurdi. Shu paytda Diashni maydonga tushirdik va besh nafar himoyachi bilan o‘yinga o‘tdik — natijada barqarorlikni tikladik va bellashuvni ijobiy yakunladik.

Men futbolchilarimdan juda minnatdorman. Ular so‘nggi paytlarda jismoniy ham, ruhiy ham yuqori holatda. Bu bosqichda har bir g‘alaba juda muhim. Agar yaqin turlarda “Bayer” va boshqa kuchli raqiblarni yengsak, guruh bosqichini kuchli sakkizlikda yakunlash imkonimiz bor”, — dedi Gvardiola.

Ispaniyalik murabbiy shuningdek Erling Holandning navbatdagi rekordi haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

— “Men u rekord o‘rnatganini avval bilmagan edim. Har gal matbuot anjumaniga kirganimda, sizlar menga uning navbatdagi yutug‘ini eslatasizlar. Holand uchta turli klub safida ketma-ket beshta o‘yinda gol urgan ilk futbolchi bo‘lgani — katta natija.

Men u bilan faxrlanaman, u bunday ko‘rsatkichlarga munosib. Holandning yonida kuchli hamjamoa bo‘lsa, unga samarali harakat qilish shuncha oson bo‘ladi. Chunki “Manchester Siti”da har bir futbolchi boshqasi uchun maydon yaratadi”, — deb ta’kidladi murabbiy TNT Sports nashriga bergan intervyusida.

Shu tariqa “shaharliklar” 4-turdan so‘ng 10 ochko bilan peshqadamlar qatorida qolmoqda. Gvardiolaning shogirdlari keyingi turda ham g‘alabani davom ettirishni rejalashtirmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Gvardiola «Borussiya» ustidan g‘alabadan so‘ng jamoasi haqida gapirdi