Foto: Getty Images
Ko‘pchiligimiz dopingni narkotik modda sifatida tasavvur qilsak ajab emas. Aslida ham shundaymi? Keling, bu savolga «Daryo» kolumnisti Abdulazizxon Akramovning navbatdagi maqolasi orqali javob topamiz.
Bir mashhur sport shifokorining quyidagi gaplari ta’sirli: «Hozirgi kundagi aksariyat oltin medal ortida chidam va mashg‘ulotdan tashqari, aniq aytishim mumkinki, farmakologiya yotadi. Har qanday xalqaro musobaqani bemalol xalqaro farmakologiya urushi deb atash mumkin. Qaysi davlatning farmakologiyasi kuchli bo‘lsa, o‘sha davlatga oltin medallar ko‘proq nasib etadi».
Doping so‘zining kelib chiqishi aniq emas, ammo qadimiy Afrikadagi zuluslar «Doop» degan kuch-quvvatni ko‘paytiruvchi ichimlik ichgan. Aytishlaricha, atama tarixi aynan shunga borib taqaladi.
Hozirgi kunda doping tushunchasi tana imkoniyatlarini sun’iy oshiruvchi har qanday moddaga umumiy ishlatiluvchi atama bo‘lib qoldi. Ammo doping ro‘yxatiga, asosan, 300 va qo‘shimcha o‘n mingga yaqin vosita kiritilgan.
Qadimgi Yunonistondagi Olimpiya o‘yinlarida ikki narsa taqiqlangan. G‘irromlik va yutqazib berishga kelishuv. Sportchilar musobaqalardan oldin har xil quvvatni oshiruvchi vinolar, o‘simlik damlamalari ichishgan. Ular orasida hayvonlar go‘shti va to‘ng‘iz testosteroni alohida o‘rin tutgan. Bu dopingning qadimgi ko‘rinishi edi.
1896 yilgi dastlabki zamonaviy sport o‘yinlarida strixnin moddasi urfga kirdi. Bu modda oz miqdorda mushaklar tonusi va tarangligini oshiradi. Ammo og‘riq yo‘qolmasligi tufayli o‘sha davrdagi narkotik - og‘riq qoldiruvchi kodein bilan qo‘shib ichilgan.
1904 yilgi Olimpiya o‘yinlarida amerikalik marafonchi Tomas Xiks strixnin va konyak aralashmasini ineksiya qilib, 42 kilometrlik musobaqada g‘olib bo‘ldi. Ammo finishdan so‘ng vrachlar uni o‘limdan arang qutqarib qoldi. Shunga qaramay oltin medal Tomasga topshirildi.
Strixnin o‘sha davr oralig‘idagi mashhur doping sifatida ko‘rilgan. Lekin turli davlatlar sport farmakologiyasining yangi-yangi turlarini ixtiro qilishdan charchamadi.
1932 yilda sprinterlar mashqlar paytida nitroglitserin qabul qila boshladi. Nitroglitserin yurak toj tomirlarini kengaytiruvchi modda hisoblanadi. O‘sha yillarda amfetamin birinchi marta velosiped haydovchilariga startdan oldin ruhini ko‘tarish uchun berila boshlandi. Amfetamin dopingdagi yana bir davrni boshlab berdi. Keyinroq bu modda narkotiklar qatoriga qo‘shildi va taqiqlandi. Birinchi jahon urushida Yaponiya, AQSH, Yevropadagi harbiylar urushda qo‘rqmaslik uchun aynan amfetamindan foydalangan.
1936 yilga kelib erkaklar testosteroni davri boshlandi. Testosteron bu erkaklik gormoni hisoblanib, muskullar o‘sishiga, organizm baquvvat bo‘lishiga, oqsillar sinteziga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Dastabki hayvonlardan ajratib olingan testosteronlardan nemis natsist harbiylari foydalangan. Bu bilan ulardagi jasurlik, agressivlikni oshirishga erishilgan. 1936 yilgi Olimpiya o‘yinlaridagi Germaniya terma jamoasining g‘alabasini testosteron ineksiyasi ta’minlab bergan.
40 yillarga kelib steroidlar, soddaroq qilib aytganda, testosteronning sintetik va organizmga oson so‘riluvchi shaklidan foydalanish boshlandi. Atletlar hamda kulturistlar o‘rtasida mashhur bo‘lgan bu dorilar guruhi hozirgacha ishlatiladi.
1956 yilda amerikalik farmakolog Jon Singler AQSH terma jamoasi uchun maxsus dianabol, ya’ni yanada yaxshilangan testosteron va anabolik aralashmasini yaratdi. Dianabol orqali sportchilar mashq va musobaqa paytida yuqori natijalarga erishdi.
Ammo borgan sari farmakologiya botqog‘iga botib ketayotgan sportni qutqarish uchun birinchi bor 1968 yilda Xalqaro olimpiya qo‘mitasi sportchilarni musobaqadan oldin va keyin siydik tahlili topshirishni kiritdi. Chunki juda ko‘p sportchilar aynan doping tufayli yurak xuruji va boshqa xavfli kasalliklarga chalina boshladi.
1960–1970 yillarda gemoglobini ko‘p qon quydirishlar avj oldi. Sportchilar endi Olimpiya qo‘mitasi taqiqlamagan vositalarni topishga va iste’mol qilishga harakat qildi. Aynan o‘sha paytda adrenoblakatorlar va diuretiklar urfga kirdi.
1980 yillarda odam bo‘yini o‘stiruvchi somatotropin gormoni sun’iy sintez qilindi. Bu ham sportchilarning sevimli ozuqasiga aylandi.
1986 yili Xalqaro olimpiya qo‘mitasi dopingni aniqlash bo‘yicha qon topshirish testini joriy qildi. Sababi doping sifatidan sportchilar shu qadar xilma-xil narsalarni ishlatar ediki, ayrimlari umuman avvalgi tahlillarda ko‘rinmas edi.
1988 yilda eritropoetin ixtiro qilindi. Bu ham qonni kislorod bilan boyitadigan modda hisoblanib, asosan, yuguruvchilar va velosportchilar ishlatib keladi.
Doping sifatida ishlatiluvchi yana ko‘plab vositalarni sanay olmadik. Ammo doping tufayli qancha-qancha medallar qaytarib olingan va olinmoqda. Hamyurtimiz Ruslan Nuriddinovdan ham doping testidan so‘ng bitta medali olib qo‘yilgan edi.
Braziliyalik sport psixoligi nega sportchilar dopingni kuchli taqiqqa qaramay qabul qilishlarini quyidagicha izohlaydi: Sportchilar g‘alabasini va o‘z tana imkoniyatini oshirish maqsadida hech narsadan toymaydi. Sababi ular g‘alaba paytidagi kuchli eyforiyaning shaydosi. Bu eyforiyani qo‘msash ulardagi axloq va aqlni cheklab qo‘yadi. Shu tufayli har qancha xavfli bo‘lmasin, ular qayta va qayta buni qabul qilishdan toymaydi.
Hozirgi qoida bo‘yicha agar sportchi ikkinchi marta doping testida musbat darajani ko‘rsatsa, sportdan bir umrga chetlatilishi mumkin. “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi