11:55 / 03.08.2020
2 096

O‘runovga e’tibor va uning narxini oshishida Ahmedov va Shomurodovning hissasi katta!

O‘runovga e’tibor va uning narxini oshishida Ahmedov va Shomurodovning hissasi katta!
Rossiya futbolida o‘zbekistonlik Oston O‘runov transferi hamon keng muhokama qilinmoqda. Joriy yilning boshida 200 ming yevro evaziga “Ufa”ga ko‘chib o‘tgan futbolchining 10 ta uchrashuvda ko‘rsatgan ajoyib o‘yini tufayli uning transfer summasi kamida o‘n barobar oshib ketdi. Ayni paytda O‘runovning transferi 2 milliondan – 6 million yevrogacha baholanmoqda.

Rossiyalik mutaxassislar O‘runovga bo‘layotgan qiziqishning ortishida so‘nggi yillarda Rossiya premer ligasida “Anji” va “Krasnodar”da muvaffaqiyatli ishtirok etgan Odil Ahmedov va “Rostov”da porlay boshlagan Eldor Shomurodovning hissasi borligini alohida ta’kidlashmoqda.Chunki bu ikki futbolchi rossiyalik muxlisu mutaxassislarga o‘zbek futboli maktabi salohiyatini namoyish etib bera olgan.

Odil Ahmedov ham, Eldor Shomurodov ham Rossiya jamoalariga yosh futbolchi sifatida taklif etilib, muvaffaqiyatli o‘yinlari tufayli ularning transfer summasi bir necha barobar oshib ketgan. Futbol biznesga aylanib bo‘lgan hozirgi kunda bunday o‘yinchilar o‘z jamoasi uchun o‘ta manfaatli resurs hisoblanadi.

Xususan, Odil Ahmedov “Anji”ga 1,7 million yevro evaziga qo‘shilgan bo‘lsa, keyinchalik “Shanxay SIPG” vakillari “Krasnodar”ga 7 million yevro to‘lab, Odilni o‘zbek futbolchilari orasida eng qimmat transfer sohibiga aylantirdi.

Eldor Shomurodov masalasida ham shunga o‘xshash vaziyat. Ilgari hech kim tanimagan futbolchi Rossiya chempionatida o‘zini ko‘rsata boshlagach, uning transferi summasi bugun 6,5 milliondan 15 million yevrogacha baholanmoqda. Eldorni o‘z safida ko‘rmoqchi bo‘layotganlar orasida Rossiya jamoalaridan tashqari, Yevropaning kuchli klublari ham bor.

Agar, kutilayotganidek shu hafta ichi Oston O‘runovning ham transferi rasmiylashtiriladigan bo‘lsa, bu futbolchimiz eng qimmat o‘zbekistonlik futbolchilar reytingida yuqori o‘rinlarda joylashishi aniq. Chunki “Ufa” bu futbolchimiz transferini arzon sotmasligi kundek ravshan.

Qani kutamiz, bu haftada Oston O‘runov faoliyatida muhim o‘zgarishlar yuz berishi haqiqatga ancha yaqin!

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘runovga e’tibor va uning narxini oshishida Ahmedov va Shomurodovning hissasi katta!