10:20 / 23.10.2020
1 772

Mutaxassis fikri: “Barsa” Fati kabi yoshlarni o‘ynatayotgan bir paytda “Loko” Jaloliddinovga imkon bermadi!

Mutaxassis fikri: “Barsa” Fati kabi yoshlarni o‘ynatayotgan bir paytda “Loko” Jaloliddinovga imkon bermadi!
Katta umidlar bilan “Bunyodkor”dan Moskvaning “Lokomotiv” jamoasiga ko‘chib o‘tgan 18 yoshli Jasur Jaloliddinovga poytaxtliklar Rossiya chempionatida o‘zini ko‘rsatish imkonini bermadi. Biroq, premer-ligadagi mavqeini yaxshilashga kurashayotgan “Tambov” klubi yosh futbolchiga ishonch bildirib, uni ijaraga oldi. Garchi Jasur premer-ligada hali debyutini nishonlamagan bo‘lsa-da, Rossiya kubogi bahsida “Dinamo-Bryansk” jamoasiga qarshi o‘yinda maydonga tushdi.

Xo‘sh, “Lokomotiv” O‘zbekiston chempionatlari tarixida eng yosh debyut sohibini transfer qilib xatoga yo‘l qo‘ydimi? Bu transfer kimlarningdir moddiy manfaati uchun amalga oshirildimi? “Lokomotiv” nega futbolchiga imkon bermadi? Jasurni oldinda nimalar kutmoqda?

Taniqli futbol mutaxassislari bu savollarga javob berish orqali hamyurtimizning salohiyatini ham baholadi.

Jasurning transferi shov-shuv bo‘lgani bor gap. Kimlardir “Lokomotiv” kelajak uchun yangi iste’dod sohibini qo‘lga kiritganini ta’kidladi. Ayrimlar futbolchining jussasi nisbatan kichikligi va yoshligini inobatga olib, unga ishonch bildirishga shoshilmayapti. Boshqalar Jasur Rossiyaga biroz erta kelib qolganini aytmoqda.

Jaloliddinovning transferi boshida turgan “Futbolnaya karera” konsalting kompaniyasi prezidenti maslahatchisi Yuriy Belous “Loko” o‘zi uchun foydali xarid qilganini ta’kidlab, futbolchining faoliyatidagi o‘zgarishlarni qo‘yidagicha izohladi.

- Men Jasurning agenti emasman, lekin biz uni futbolchilik faoliyati va shartnomasini qo‘llab-quvvatlab boramiz. U iste’dodli hujumkor futbolchi va “Lokomotiv” uchun ajoyib sarmoya hamdir. Klub uni ijaraga berganini ham to‘g‘ri, deb hisoblaymiz. Jasur o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi kerak.

Bizdagi murabbiylar yoshlarga ishonch bildirmaydi. Garchi ular iste’dodli va mahoratli bo‘lsa ham. Yevropada hammasi boshqacha. Hatto “Barsa”da ham. Yaqinda “Ferensvarosh”ga qarshi uchrashuvda kataloniyaliklar tarkibida 17 yoshli o‘smirlar - Ansu Fati va Pedro Lopes o‘ynadi. Ular ikkita gol urdi. “Krasnodar”ga qarshi uchrashuvda “Renn” tarkibida 17 yoshli Eduardo Kamavinga zo‘r o‘ynadi, - dedi Yuriy Belous.

Shu o‘rinda, Fati va Jaloliddinov Buyuk Britaniyaning mashhur Guardian nashri tomonidan 2019 yilda 2002 yilda tug‘ilgan dunyoning eng iste’dodli 60 nafar futbolchisi ro‘yxatiga kiritilganini alohida ta’kidlash lozim.

O‘z vaqtida “Zenit” va “Rotor”da o‘ynagan Denis Zubko “Lokomotiv” bejizga Jaloliddinovni transfer qilmaganiga va kelajakda u o‘zining yulduzli onlariga erisha olishiga urg‘u berdi.

- Ayni paytda Jasur “Lokomotiv”da o‘yin amaliyotisiz qolib ketayotgan edi. “Tambov”da esa, o‘zini ko‘rsatish imkoniga ega bo‘ladi. Har holda u premer-ligada o‘ynaydi va bu ham yaxshi variant, - dedi Zubko.

Bu mutaxassis Jasur 16 yoshida O‘zbekiston chempionatida o‘ynay olgani ko‘p narsadan darak berishini, Rossiyadagi faoliyatida esa, hammasi o‘zini qay darajada ko‘rsata olishiga bog‘liq ekanini ham ta’kidladi.

“Paxtakor” va “Lokomotiv” (Moskva) jamoalarida to‘p surgan futbol faxriysi Anatoliy Solovev ham Jasurning kelajagi borligiga chin dildan ishonmoqda.

- Agar “Lokomotiv” Jasurga qiziqish bildirib, e’tibor qaratganini inobatga olsak, uning futbolchi sifatida Rossiyada o‘z o‘rnini topishiga ishonch bor. Hozir Rossiya futbolida yangi tendensiya paydo bo‘ldi. Klublar istiqbolli futbolchilarni ko‘rsa, ularni darrov transfer qilmoqda. Lekin 18 yoshli futbolchining Moskva jamoasida birdan o‘ynab ketmasligi aniq. Unga, albatta, imkon berishadi, - dedi Solovev.

Futbol faxriysining gaplariga ko‘ra, Jasurning “Lokomotiv” asosiy tarkibiga kiritilmaganini omadsizlik, deb baholamaslik kerak. Chunki, Rossiya futbolining juda ko‘p yulduzlari o‘z vaqtida ijarama ijara yurib, mahoratini va kurashuvchanlik qobiliyatini sayqallab kelgan.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, Jasurning yulduzli onlari hali oldinda. Keyingi yillarda Rossiyaga yo‘l olgan futbolchilarimiz kam bo‘lgani yo‘q. Eldor Shomurodov ham o‘rtamiyona “Rostov”dagi gollari bilan Yevropaga yo‘l oldi. Oston O‘runov esa, unchalik kuchli bo‘lmagan “Ufa”dagi o‘yini orqali nomdor va mashhur “Spartak” o‘yinchisiga aylandi. Demak, Jaloliddinov uchun “Tambov” yuksalish yo‘lidagi pillapoyaning birinchi pog‘onasi bo‘lib xizmat qiladi. Hammasi Jasurning o‘ziga bog‘liq!

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Mutaxassis fikri: “Barsa” Fati kabi yoshlarni o‘ynatayotgan bir paytda “Loko” Jaloliddinovga imkon bermadi!