13:13 / 02.12.2020
4 686

Eldorni endilikda Moskvadagi taksichilar ham kuzatmoqda

Eldorni endilikda Moskvadagi taksichilar ham kuzatmoqda
Foto: Getty Images
O‘zbekistonlik futbolchi Eldor Shomurodov asta-sekinlik bilan Italiya futboliga moslashib bormoqda. U so‘nggi to‘rt kun ichida ikki bor «Jenoa»ning asosiy tarkibida maydonga tushdi va bu o‘z nafini berdi. Eldor 26 noyabr, payshanba kun «Sampdoriya»ga qarshi o‘yinda golli uzatmani amalga oshirgan bo‘lsa, 30 noyabr, dushanba kuni «Parma» bilan bahsda Italiyadagi aniqrog‘i, A Seriyadagi ilk golini urdi.

Shomurodovning golli uzatmasi avvaliga «Sampdoriya» himoyasini, keyin esa Twitter va YouTube tarmoqlarini parchalab tashladi. O‘zbekistonlik futbolchining Italiya chempionatiga o‘tishi Aleksey Miranchukning «Atalanta»ga o‘tishi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. «Lokomotiv» sobiq yarim himoyachisining ketishi uzoq vaqt davomida kutilgandi, o‘z navbatida Aleksey ham bergamoliklar safidagi o‘yinlari bilan e’tiborni o‘ziga jalb eta oldi.

Bundan tashqari «Atlanta» Chempionlar Ligasida o‘ynaydi, «Jenoa» esa mamlakatning o‘rtamiyona jamoalaridan biri hisoblanadi. «Atalanta» – hujumkor futbolga urg‘u beradigan murabbiyning jamoasi, «Jenoa» esa autsayder va jamoada deyarli muqim asosiy tarkib yo‘q. Miranchuk yangi klubi safida to‘pga ilk teginishi bilan gol urdi. Shomurodovga esa vaqt kerak bo‘ldi.

Va o‘sha uzoq kutilgan vaqt keldi: «Jenoa» Italiya Kubogi doirasida «Sampdoriya» bilan bahs yuritdi. «Mayoqchilar derbisi» (mahalliy mayoq sharafiga shunday nomlangan) nomi bilan mashhur bo‘lgan Genuya derbisi ushbu shahar uchun muhim voqea hisoblanadi. Biroq keyinroq ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston va Moskvada ham «mayoqchilar derbisi»ni Genuyadagidan kam odam kuzatmagan. Uchrashuvning eng asosiy voqealari va Shomurodovning Janluka Skamakkaga uzatgan golli uzatmasi videosi tom ma’noda YouTube trendiga aylandi.

«Men ham Eldorning nurlaridan isinib oldim. Meni taksi haydovchisi tanidi, — deydi hujumchining hamyurti. Suhbatdan angladimki, u (taksichi) futbolga unchalik ham qiziqmas ekan, lekin vatandoshimning uzatmasini ko‘ribdi. Tushayotganimda taksi haydovchisi mendan Shomurodovga salom aytishimni iltimos qildi. Bu shunchalik ta’sirli iltimos ediki, uni xafa qilgim kelmadi».

Faqatgina ushbu pasning o‘yin kontekstidan yulib olinmasligi uchun qayd etish lozim, aynan Shomurodovning uzatmasi jamoani o‘yinga qaytardi. «Jenoa» 0:1 hisobida ortda bora turib, uchrashuv yakuniga borib uni 3:1 ko‘rinishiga olib keldi. Shu tariqa jamoa o‘zining azaliy raqibini mag‘lub etdi va Kubok bahslarining to‘rtinchi bosqichiga yo‘l oldi. U yerda esa jamoa «Yuventus»ga qarshi kurash olib boradi.

Shomurodovning Italiyadagi birinchi goli dushanba oqshomiga to‘g‘ri keldi. A Seriya 9-turining so‘nggi uchrashuvida autsayderlar «Jenoa» va «Parma» o‘zaro kuch sinashdi. Shomurodov ikkinchi bo‘limda o‘z hisobiga gol yozdirib qo‘ydi va hisobdagi farqni 0:2 dan 1:2 ga qisqartirdi. Uchrashuvda boshqa gol bo‘lmadi. «Parma» qimmatli uch ochko bilan uyga qaytib, xavfli zonani tark etgan bo‘lsa, «Jenoa» botqoqqa sho‘ng‘ishda davom etmoqda. Jamoa ikki oy ichida bor-yo‘g‘i bitta g‘alabaga erishdi. Oldinda esa ulug‘vor klubni allaqachon odat tusiga aylanib ulgurgan A Seriyada qolish uchun kurash kutib turibdi.

Shomurodovning goli – alohida voqea. Biroq klub uchun emas, balki hujumchining o‘zi va aksariyati Italiyadan uzoqroqda yashaydigan ko‘p sonli muxlislari uchun. Shomurodov O‘zbekiston va ushbu mamlakat fuqarolari uchun katta Yevropa futboli eshiklarini ochib berdi.

Uning yangi klubi dahshatli, ammo daromadli menejment madhiyasi ega. «Jenoa» — qaysidir ma’noda birjani ham eslatib yuboradi. So‘nggi o‘n yillikda «Jenoa» futbolchilarni sotish orqali yaxshigina foyda ko‘rgan va hatto eng yaxshi transfer balansiga ega bo‘lgan klublarning top-5 ligidan joy olgan.

Jamoa o‘yini va yutuqlari haqida gap ketganda, so‘nggi yillarda zulmat hukm surmoqda. Oxirgi ikki mavsumda klub faqat mo‘’jiza sababgina quyi ligaga tushib ketmadi. Birinchidan, har ikkala safar ham ulardan-da yomonroq jamoalar topildi, ikkinchidan, ikkala safar ham jamoa so‘nggi turda kimgadir yordam bergisi kelayotgan g‘ayratsiz va yumshoq raqiblarga duch keldi. So‘nggi turdagi qutqaruvlar, bir mavsumning o‘zida uch bor murabbiyning iste’foga chiqarilishi, 38 o‘yinda 40 nafar o‘yinchining ishtirok etishiga qaramay, hatto qandaydir tajribalarga ham qo‘l urildi. Shu tariqa 2019 yili «Jenoa» rahbariyati jamoani mashg‘ulot o‘tkazish uchun Tiago Mottaga berdi. Biroq bu qaror yakunda o‘zini umuman oqlamadi.

Yuqoridagilardan esa Shomurodov foydalanib qolishi mumkin. Chunki genuyaliklarning «jahannam»ida qahramonlar uchun har doim joy topilgan va ular tezda yangi cho‘qqilarni zabt etgan. Shomurodov va Skamakka ham hozirda ushbu nomga da’vo qilmoqda. O‘zbekistonlik forvard jamoa va chempionatga tez moslashmoqda. U allaqachon hech kim unga tayyor pas oshirib bera(ol)masligini anglab yetdi va o‘zi uchun o‘zi vaziyat yaratishni boshlab yubordi.

Murabbiyning topshirig‘iga binoanmi yoki o‘z tashabbusi orqalimi Eldor maydonda yarim himoya va hujum chizig‘ini bog‘lovchi vazifasini bajarmoqda. U astoydil ishlamoqda, tezkor qarorlar qabul qilmoqda va kurashdan qochmayapti. So‘nggi ikki uchrashuvda u gol+pas tizimi bo‘yicha 2 (1 tadan gol va golli uzatma) ochko to‘pladi. Raqobatchilari ichida esa Goran Pandev va Mattia Destro bor. Pandevning harakatlari va yoshiga nazar tashlanar ekan, dam olishi kerakdek taassurot uyg‘otmoqda. Destro esa xuddi o‘limga hukm etilgan mahbus ko‘rinishida maydonga chiqdi. Agar «Jenoa» ikki hujumchi bilan o‘ynashda davom etsa, unda Shomurodov o‘zining iste’dodini to‘laqonli namoyish etishi uchun yana ko‘p imkoniyatlarga ega bo‘ladi.

Garchi taxmin qilish mushkul bo‘lsa-da, umid qilamizki, Eldor ushbu imkoniyatlardan foydalanadi. Bunday deyilishiga sabab, jamoa bosh murabbiyi Rolando Maranning kursisi allaqachon qimirlay boshlagan. Shunday ekan, yangi murabbiy bilan birgalikda yangi sxemaning kelish ehtimoli ham ancha yuqori.

Muallif Aleksey Durnovo, o‘zbek tiliga Bilol ERKIN o‘girdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Eldorni endilikda Moskvadagi taksichilar ham kuzatmoqda