08:00 / 29.12.2020
3 124

O‘zbek futbolchilari xorij klublariga yo‘l olmoqda. Ular Yevropa futbolida “non” topa oladimi?

O‘zbek futbolchilari xorij klublariga yo‘l olmoqda. Ular Yevropa futbolida “non” topa oladimi?
2021 yilda xorij chempionatlarida to‘p tepadigan o‘zbekistonlik futbolchilar safi kengayishi kutilmoqda. Superligamizdagi o‘yinlari bilan chet el klublari e’tiboriga tushgan bir guruh o‘yinchilarimiz qishki transferlar davrida yangi jamoalar bilan muzokaralarga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Shuningdek, yakunlanayotgan yilda legioner sifatida boshqa yurt chempionatlarida ishtirok etgan futbolchilarimiz faoliyatida ham muayyan o‘zgarish bo‘lishi kutilmoqda.

E’tiboringizga legionerlarimiz va xorijda to‘p tepish istagida bo‘lgan fubolchilarimiz haqida ma’lumot berishga harakat qilamiz.
Birnchi navbatda, UYEFAga a’zo mamlakatlar chempionatlarida o‘ynayotgan va Yevropa hududidagi jamoalarga o‘tishni maqsad qilgan futbolchilarimiz haqida so‘nggi ma’lumotlarni berib o‘tamiz.

Eldor Shomurodov
O‘zbekistonning bugungi kundagi eng yorqin yulduzi Eldor Shomurodov “Jenoa” bilan to‘rt yillik shartnomaga ega. Garchi klub rahbariyati bosh murabbiy kursisidan Rolando Maranni olib, o‘rniga Davide Ballardinini o‘tqazgan bo‘lsa-da, Eldorning faoliyatida jiddiy o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmayapti.

Shomurodov oldida turgan eng asosiy vazifa kuchli beshlik chempionatlarida o‘ynashga qodir ekanini isbotlab qo‘yishdir. Buning uchun Eldor genuyaliklarning asosiy tarkib o‘yinchisiga aylanib, o‘z gollari va golli uzatmalari bilan g‘alabalarga munosib hissa qo‘shishi talab etiladi.

Eldorning “Jenoa” tarkibidagi natijalari va ko‘rsatkichlari uning kelajakdagi faoliyatiga kuchli ta’sir qilishini unutmaslik lozim.

Oston O‘runov
Rossiya premer-ligasida “Spartak” sharafini himoya qilayotgan yarim himoyachimiz Oston O‘runov yozda klub bilan besh yillik shartnoma imzolagandi. Rossiya futboliga shiddat bilan kirib kelgan 20 yoshli futbolchimiz yangi jamoasida o‘z salohiyatini to‘liq ko‘rsata olgani yo‘q. Uning klubdagi kelajagi ko‘proq bosh murabbiyga bog‘liq. Hozir “Spartak”ni qaysi murabbiy boshqarishi hamon so‘roq ostida turibdi. Ostonni besh-o‘n daqiqa o‘ynatishdan nariga o‘tmayotgan Domeniko Tedesko uzog‘i yozgacha Moskvada bo‘ladi. Keyin kim kelishi va O‘runovga qanday munosabatda bo‘lishi noma’lum.

“Spartak” O‘runovni qishda ijaraga berishi yoki sotib yuborishining ehtimoli ham yo‘q emas. O‘zbek legioneriga Rossiya premer-liga, Milliy futbol ligasi va hatto xorijdan ham takliflar borligi aytilmoqda.

Jasur Jaloliddinov
O‘tgan yozning eng shov-shuvli transferlaridan bo‘lgan Jasur Jaloliddinovning kelajagi ham noaniq bo‘lib turibdi. Moskvaning “Lokomotiv” jamoasi bilan besh yillik bitimga ega futbolchimizning Rossiya premer-ligasidagi debyutini ko‘rganimizcha yo‘q.

Moskvaliklar yosh futbolchini “Tambov”ga chempionat oxirigacha ijaraga bergandi. Biroq, muammolar girdobida qolgan tambovliklar ham uning xizmatiga ehtiyoj sezmayapti. Moskvaliklar Jasurni qishda ortga chaqirib olmasligi haqiqatga yaqinroq.

Jasurning transferida asosiy ishni amalga oshirgan Yuriy Belous o‘zbek futbolchisiga Rossiya, Yevropa va Osiyo jamoalaridan aniq takliflar bo‘layotganini aytmoqda. Demak, qishda yangilik bo‘lib qolishi mumkin. O‘zgarish bo‘lmasa, Jasur “Tambov”da asosiy tarkibga kirish uchun kurashni davom ettiradi.

Sanjar Qodirqulov
Yuriy Belous yana bir o‘zbek futbolchisi Sanjar Qodirqulovni ham Rossiya chempionatiga olib o‘tmoqchi. 23 yoshli yarim himoyachi “Bunyodkor”dagi o‘yinlari bilan terma jamoaga ham kirdi. Sanjarning o‘zi saytimizga Yuriy Belous bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yganini ma’lum qildi.

Belous Rossiya klublariga Qodirqulov haqidagi ma’lumotlarni tarqatgan va “Bunyodkor” bilan shartnomasi yakunlanayotgan o‘zbek futbolchisiga yangi jamoa topish borasida ish olib boryapti. Sanjarning o‘zi ham xorijga ketishga tayyorligini bildirdi.

Jasur Yaxshiboyev
Belarus chempionatida mahoratini ko‘rsata olgan futbolchi “Shaxtyor”ni tark etib bo‘lgan. Uning o‘zi jurnalistlarga Ukraina va Rossiyaning kuchli klublaridan takliflar bo‘layotganini, Osiyo jamoalari chorloviga rad javobini berganini ma’lum qildi.

Soligorskda unga ma’lum muddat murabbiylik qilgan ukrainalik mutaxassis Yuriy Vernidub Jasur Ukrainaning yetakchi klublarini kuchaytirishini ta’kidlab, “Dinamo Kiyev” va “Shaxtyor Donetsk” jamoalariga o‘zbek futbolchisiga e’tibor qaratishni tavsiya qilmoqda.

Shahboz Umarov
Bu futbolchimiz kelasi mavsumni ham Belarus oliy ligasida o‘tkazishi aniq. O‘tgan mavsumda “Energetik-BGU”da o‘ynagan Umarov BATE darvozasiga urgan super golidan keyin yozda bu klub bilan shartnoma imzolagan edi. Kelishuvga ko‘ra, legionerimiz mavsumni minsklik “talabalar” safida yakunladi.

Endi Shahboz Umarov kelasi yili borisovliklar tarkibida to‘p tepadi.

Humoyunmirzo Iminov
“Paxtakor” bu yosh futbolchi yetarli o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi va mahoratini oshirish uchun uni “Energetik-BGU” jamoasiga ijaraga bergandi. Belarus chempionatida sakkizta o‘yinda ishtirok etgan 20 yoshli yarim himoyachining taqdiri ko‘p jihatdan “Paxtakor”ni qabul qilib oladigan murabbiyga bog‘liq bo‘ladi. Katta ehtimol bilan Iminov Belarusdagi faoliyatini davom ettirishi kutilmoqda.

Ibrohimxalil Yo‘ldoshev
Yurtimizning iste’dodlar fabrikasiga aylangan “Paxtakor” iqtidorli tarbiyalanuvchilarining hammasiga ham tarkibdan joy topib bera olmaydi. “Sherlar”ning ko‘zga ko‘rina boshlagan yoshlarni ijaraga berib yuborish an’anasini o‘zini oqlamoqda. O‘tgan mavsum "Bunyodkor"da ijarada o‘ynagan Ibrohimxalil Yo‘ldoshev faoliyatini xorijda davom ettirishi mumkin.

19 yoshli chap qanot himoyachisi Ukraina klublaridan biriga o‘tishga yaqin turibdi. Hamyurtimiz Ukraina Premer ligasining 4 klubi bilan muzokara o‘tkazayotganini uning agenti Nikita Shves tasdiqladi.

Bobir Abduxoliqov
“Nasaf”ning asosiy to‘purari ham legionerga aylanish arafasida turibdi. Ma’lumotlarga qaraganda, o‘zbek “Pelesi”ga Gretsiya chempionatidan aniq taklif bor. Lekin aynan qaysi klub ekani hozircha sir tutilmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbek futbolchilari xorij klublariga yo‘l olmoqda. Ular Yevropa futbolida “non” topa oladimi?