Xulkar Tohirjonova va Nafisa Mo‘minova
Foto: Olamsport intervyusidan lavha
Opa-singil shaxmatchilar Nafisa Mo‘minova va Xulkar Tohirjonova shaxmat federatsiyasining raddiyasiga munosabat bildirdi. Avvalroq Shaxmat federatsiyasi OAVda chiqqan maqolalar va bloger Aziza Umarovaning fikrlari yuzasidan raddiya bergandi. Olamsport opa-singillardan mazkur holatga munosabat bildirilgan intervyuni e’lon qildi.
Avvaliga Nafisa Mo‘minova muhokamalarga sabab bo‘lgan Gulruhbegim Tohirjonovaning AQSH shaxmat federatsiyasi vakiliga aylanishi haqida gapirdi. «Bu vaziyat bu qadar keng muhokamalarga sabab bo‘ladi deb o‘ylamagandik. Gulruhbegimning AQSH shaxmat federatsiyaga o‘tishi noyabr oyida hal bo‘lgan. Bu borada federatsiyaning xabari bo‘lishi kerak, sababi federatsiya almashtirish oson o‘tadigan jarayon emas, ularga FIDE tomonidan xat kelgan bo‘lishi kerak.
Gulruhbegim bilan birga Fransiya shaxmat klubida dona suramiz. Yevropa Kubogida uning ismi ostida AQSH bayrog‘i turgandi, bunga shaxmat muxlislari e’tibor qaratdi. Keyinchalik OAVda ketma-ket xabarlar berildi. Uning ketidan federatsiyaning bayonoti chiqdi, biz ular haqida biror yomon gap aytmagandik, biroq ularning yozganlari odamga tegdi.
Gulruhbegim so‘nggi vaqtlarda terma jamoaga sabablarsiz chaqrilmay qo‘ygandi. 2019 yilda shaxmat bo‘yicha onlayn Olimpiada bo‘lib o‘tdi. Unga terma jamoadan hech qanday taklif kelib tushmadi. Shundan keyin u, terma jamoaga chaqirmaydigan federatsiyada nima ham qilaman dedi-da, AQSHga ketdi. Uning o‘zi shu qarorga keldi. Gulruhbegimda yaxshi taklif bor edi, yana-da o‘sishga erishish uchun shu yo‘l tanladi», — dedi Mo‘minova.
Qizlarning kattasi 2014 yilda federatsiya va Mo‘minovalar oilasi o‘rtasidagi munosabatning yomonlashuviga olib kelgan voqea haqida to‘xtaldi.
«2014 yilgi Olimpiada haqida gapirsam, u yerga O‘zbekistondan besh nafar shaxmatchi borishi kerak edi. O‘zbekistoning birinchi raqamli shaxmatchisi sifatida meni saralashsiz jamoaga olishgan. Ikkinchi bo‘lib 2014 yilgi O‘zbekiston chempioni Qurbonboyeva Sarvinoz olingan. Uchinchi ishtirokchi sifatida singlim Xulkar ham 2013 yilgi O‘zbekiston chempioni, ham murabbiy Vladimir Yeginning tavsiyasiga ko‘ra terma jamoa a’zosiga aylangan.
Qolgan ikki o‘rin uchun esa saralash o‘yinlari o‘tkazilgan. Musobaqa o‘tkazilgan vaqtda Xulkar BAAda Osiyo chempionatida qatnashayotgandi. Saralashda birinchi o‘rinni kichik singlim Gulruhbegim olgan, ikkinchi o‘rin bilan Boymurodova Sevara chiqqan. Qahramonova Mohinur ismli qiz uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan. Keyin ijroqo‘m yig‘ilishi bo‘lgan, unda Olimpiadaga Xulkar emas saralashda uchinchi o‘rinni olgan qiz borishi kerakligi muhokama qilingan. Majlisda «Bir oiladan uch ishtirokchi mumkin emas», kabi gaplar yangragan.
O‘sha vaqtdagi sport vaziri Murod Aliyev, Jismoniy tarbiya va sport instituti rektori Shoakram Isroilov kelib muzokaralar o‘tkazishga harakat qildi. Oxiri federatsiyaning nomzodi bo‘lgan u qiz va murabbiyning tanlovi Xulkar o‘rtasida bellashuv o‘tkazishni taklif qildim. Ularga agar, Xulkar o‘nta partiyaning bittasida bo‘lsa ham shu qizga yutqazsa Olimpiadaga bormasligini aytdim. Biroq bu taklif rad etildi. Keyin men bu jamoada, bu tariqa tuzilgan jamoada o‘ynamasligimni aytdim. Agar jamoani murabbiy tuza olmasa, uning tarkibini Ijroqo‘mdagilar hal qilsa, bu jamoa jamoa bo‘ladimi?», — dedi Nafisa.
Bu borada o‘rtancha singil Xulkar Tohirjonova ham o‘z fikrini bildirdi.
«Ijroqo‘mda qarorni bir odam chiqargan, qolganlar shaxmatni tushunadigan bo‘lsa ham uning buyurig‘iga qarshi chiqa olmagan. O‘sha voqeadan keyin umuman shaxmat o‘ynaganim yo‘q. So‘nggi bor 2015 yilda AQSHdagi musobaqada qatnashdim va bu men uchun oxirgisi bo‘ldi. Reyting o‘sha bo‘yicha qolgan. «Iqtidorli», «kelajagi buyuk» deb atalgan qizning mana olti yildirki reytingi menikidan 200 punkt pastda», — deydi Xulkar Tohirjonova.
Foto: Yandex Photos
Shuningdek, qo‘ng‘iroq orqali shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Vladimir Yeginning ham fikrlari tinglandi.
«2014 yilda menga jamoani tuzish vazifasi yuklatildi. Ikki nomzodning nomi aniq edi: terma jamoa yetakchisi Nafisa Mo‘minova va o‘sha yilgi chempion Sarvinoz Qurbonboyeva. Keyin saralash musobaqasi o‘tkazdik. Meni fikrimga ko‘ra, bu saralashdan ikki sportchi aniqlab olinishi kerak edi. Olimpiadaning so‘nggi yo‘llanmasini esa Xulkarga berishga qaror qilgandim. Chunki u 2013 yilgi O‘zbekiston chempioni, shuningdek, bunga qadar har bir Olimpiadada muvaffaqiyatli ishtirok etgandi. Ijroqo‘m qaroriga kelsak, ochig‘ini aytganda bunday holatni kutmagandim. Avvallari bunday vaziyatlar umuman muhokama qilinmasdi, har safar murabbiy taklif qilgan tarkib olinardi.
Biroq bu yig‘ilishda unday bo‘lmadi va saralashda uchinchi o‘rinni olgan Mohinur Qahramonova nomzodini Xulkarning o‘rniga olib ketish muhokama qilindi. Men, albatta, bunga qarshi chiqdim. Bu vaziyatda hech qanday shubhasiz Xulkar qatnashishi kerak ekanligini aytdim, garchi u so‘nggi O‘zbekiston chempionatida muvaffaqiyatsiz ishtirok etgan bo‘lsa-da. Mohinurda o‘sha vaqtgacha yagona muvaffaqiyati ishtiroki bu — mamlakat birinchiligida ikkinchi o‘rinni olgani edi. Shundan ortiq uning ustunlik tomoni yo‘q edi. Xulkar esa musobaqalarda ham doim yaxshi harakat qilgan, tajriba va kuch jihatidan ustunlikka ega edi.
Keyin Ijroqo‘mda ovoz berish jarayoni o‘tkazildi, unda faqat men Xulkar Tohirjonova nomzodiga ovoz berdim, qolgan barcha qarama-qarshi tomonda bo‘ldi. Oxir-oqibat opa-singillar o‘zlari noxolis deb hisoblagan qarordan keyin Olimpiadada ishtirok etishdan bosh tortdi. Rostini aytsam, o‘sha vaqtda nima uchun murabbiy tomonidan tanlangan tarkib qabul qilinmaganini tushunmadim. Agar murabbiy uni tuzishda biror noxolislikka yo‘q qo‘ygan bo‘lsa, uni vazifadan ozod etib, boshqasini tayinlash mumkin edi», — deydi Yegin.
Foto: «Olamsport» intervyusidan lavha
Federatsiya bayonotida Olimpiada masalasidan keyin opa-singillar kelib, tashkilotdan kechirim so‘ragani haqida keltirilgan so‘zlarga Xulkar quyidagicha javob qaytardi. Shuningdek, Xulkar nima uchun saralash bosqichida ishtirok etmaganini ham gapirib o‘tdi.
«Yo‘q, biz hech qachon kechirim so‘rab bormaganmiz, bormaymiz ham! Biror xato qilgan bo‘lsak ekan... Nima uchun xalqaro toifadagi sport ustasi va terma jamoa bosh murabbiyning fikri o‘tmaydi-da, boshqalar bizning taqdirimizni hal qiladi?
Yana bir holat, saralash bahslari vaqtida Vladimir Yegin bu musobaqada ishtirok etishim kerak emasligini aytgan. Bundan tashqari u vaqtda O‘zbekistonda bo‘lmaganman. Federatsiya esa meni saralashda ishtirok etishdan bosh tortganim haqida xat chiqargan. Qanaqasiga yo‘q deyishim mumkin, agar, o‘ynaysan deyishganda, ishtirok etardim», — deydi Xulkar.
Xulkar Tohirjonova Aziza Umarova maqolasida tilga olingan «federatsiya rahbarining qizi» haqidagi gaplarga ham to‘xtalib o‘tdi.
«Aziza Umarovaning barcha so‘zlari to‘g‘ri. Federatsiya bayonotida Taxmina Turdaliyeva umuman shaxmat o‘ynamagan degan gaplar bor. Biroq u bilan 2000 yildan beri bir xil yosh kategoriyasida o‘ynab kelganmiz. Bu muammo aslida 2000 yilda boshlangan. Osiyo chempionatiga meni emas uni yuborish haqidagi qarordan keyin shu voqealar boshlangan.
2002 yilda o‘zimiz tug‘ilgan Farg‘ona viloyatida Osiyo chempionati o‘tkazilgan. O‘shanda Husan Turdaliyev (o‘sha vaqtda federatsiya prezidenti) opamni musobaqaga qo‘ymagan. Bir nechta darajasi pastroq qizlar qatnashgan, lekin Nafisa Mo‘minovaga ruxsat berilmagan. Otamga musobaqaning badal puli bor deyishgan, avvaliga 100 AQSH dollar, keyin 300 dollar. Otam pulni to‘lashga tayyorligini bildirgan, biroq ular keyinchalik musobaqaga qo‘ya olmasligini aytgan. Turdaliyev o‘shanda hammaning yonida opamni «kelajagi yo‘q shaxmatchi» deb atagan. Hammaning ichida yosh bolaga qanaqasiga bunday gapirish mumkin? Birinchidan bu orqali u o‘zining tarbiyasizligini ko‘rsatib beryapti, ikkinchi tomondan sportchini ruhiy tomondan sindirib qo‘yishi mumkin. Biz shu vaqtgacha indamay keldik, biroq federatsiya detalizatsiyani boshladimi, biz ham shunday yo‘l tutamiz», — deydi Xulkar.
Foto: «Olamsport» intervyusidan lavha
Nafisa Mo‘minova federatsiya xatida keltirilgan 300 ming dollarlik musobaqa haqida fikr bildirdi.
«Federatsiya xatida Nafisa uchun xalqaro musobaqalar tashkil qilib berdik degan joyi bor ekan. O‘sha tilga olingan 300 ming dollarni xuddi men uchun sarflashgandek taassurot uyg‘otilgan. O‘sha vaqtda Gran-Pri musobaqasi aynan men uchun tashkil qilinganiga ishonmayman. U vaqtda xalqaro grossmeyster unvonini olib bo‘lgandim va men uchun Gran-Pri tashkil qilish shart emasdi, biroq o‘sha vaqtda buni tashkillashtirganliklari uchun rahmat aytaman.
Shuningdek, u yerda bir necha ming dollarlab mukofot oldi deyilmoqda. Men musobaqaning to‘rtta bosqichida o‘ynagan bo‘lsam, jami 8 yoki 9 ming dollar pul olgan bo‘lishim mumkin. Ikki yil davomida to‘rtta musobaqadan shuncha. Lekin tayyorgarlikka ketadigan pul-chi? Endi ochig‘ini aytishim kerak, professional murabbiyning bir soati 100 dollar turadi, professional shaxmatchi haftasiga o‘rtacha 6-8 soat murabbiy bilan ishlashi kerak. Bunga qancha xarajat ketishini o‘zingiz hisoblab ko‘rishingiz mumkin. U pul nima ham bo‘ladi?», — dedi Mo‘minova.
Mo‘minova shuningdek, O‘zbekiston terma jamoasida ishtirok etmayotgani va faoliyatini yakunlaganiga nimalar sabab bo‘lgani borasida so‘z yuritdi.
«2014 yildagi voqealardan keyin ikkita Gran-Pri musobaqam qolgandi. Ularda ishtirok etgach, shaxmatdagi faoliyatimni yakunladim. Undan keyin ikki marta bosh murabbiyimizning iltimosi bilan xalqaro musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi safida qatnashdim. Terma jamoada o‘ynash niyatim bor edi. Menga shunday shart qo‘yildi: terma jamoaga qaytish uchun Oliy ligada o‘ynashim kerak ekan. Mayli, u yerda raqobat kuchli bo‘lib shaxmatchilar zaxirasi ko‘p bo‘lsa ekan, u yerda o‘ynab, o‘zingni ko‘rsatishing mumkin. Biroq bizda umuman zaxira yo‘q-ku. U yerda xuddi o‘sha 4-5 yil avvalgi sportchilar o‘ynamoqda, men u yerda nima qilaman, nima isbotlayman?
O‘sha vaqtda O‘zbekistondan ketib boshqa federatsiyaga o‘tishim yoki shu yerda qolib shaxmat bilan xayrlashishim kerak edi. Men ikkinchi yo‘lni tanladim, O‘zbekistonda qoldim va Sky Chess maktabini ochdim. Bundan afsuslanmayman, biroq Gulruhbegim ham shu yo‘ldan ketishini to‘g‘risi biz ham xohlamadik. U qaror qildi, biz qo‘llab-quvvatladik.
Matbuotda, ijtimoiy tarmoqlarda bunday to‘polon ko‘tarish niyatimiz yo‘q edi, biroq federatsiyaning yozgan xatiga javob bermasak bo‘lmaydi. Ular ustimizdan mag‘zava ag‘dardi desak ham bo‘ladi. O‘zi umuman bular ommaga dasturxon qilinadigan narsa ham emas edi», — deydi Mo‘minova.
Avvalroq Gulruhbegim Tohirjonova AQSHning Missuri universiteti jamoasida dona surayotgani va endi xalqaro musobaqalarda AQSH nomidan qatnashishi ma’lum bo‘lgandi. Keyinchalik Aziza Umarova shaxmatchilar oilasi va federatsiya o‘rtasidagi sovuq munosabat haqida maqola e’lon qildi. Bunga javoban federatsiya raddiya bildirdi. “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas