15:03 / 24.01.2021
1 749

Piter Xyuistraning norasmiy debyuti yirik mag‘lubiyat bilan boshlandi

Piter Xyuistraning norasmiy debyuti yirik mag‘lubiyat bilan boshlandi
BAAning Dubay shahrida bugun O‘zbekiston chempioni Rossiya gegemoni "Zenit" bilan nazorat uchrashuvi o‘tkazdi.
Piter Xyuistra boshqaruviga o‘tgan "Paxtakor" uchun yangi bosh murabbiy qo‘l ostidagi ilk norasmiy o‘yinga aylangan bahsda jamoa ikkita taymda ikki xil tarkib bilan o‘ynadi. "Zenit" mazkur bellashuvga asosiy futbolchilariga dam berib, ko‘proq yoshlarga imkoniyat taqdim etdi. Semak asosiy tarkib futbolchilaridan faqat Krugovoy, Santos, Barrios, Ozdoyev va Mostovoylarni maydonga tushirdi.

Birinchi bo‘limda "Paxtakor" darvozaga Quvvatovni, himoya markaziga Krimes va Ismoilovni tushirdi. Qanotlarda Alijonov o‘ngda. Sayfiyev esa chapdan joy oldi. O‘rtaga Hamrobekov va Sobirxo‘jayev tushirildi. Qanot vingerlari sifatida Erkinov va Sobirjonov harakat qilgan bo‘lsa, hujumchi ortida Diyor Xolmatov maydonga tushirildi. Hujumda Eren Derdiyok.

Tan olish kerak, birinchi bo‘limda "Zenit" futbolchilari katta ustunlik bilan harakat qilib, o‘yinni asosan "Paxtakor" maydonchasi oldida hujumlar tashkil etish bilan o‘tkazishdi. "Paxtakor" himoyasi esa birinchi taymda ishonchsiz harakat qilgani tufayli "Zenit"da ko‘plab vaziyatlar yuzaga keldi. Har ikkala gol himoyadagi parokandalik natijasida yuzaga keldi. Dastlab Mostovoy o‘yin debyutida himoyadagi xatodan unumli foydalangan bo‘lsa, oradan 15 daqiqa o‘tib Krapuxin chiroyli gol muallifiga aylandi.

Birinchi taymda "Paxtakor" raqib darvozasi tomon faqatgina bir marta aniq zarba yo‘llab, jiddiyroq vaziyat yaratdi. Birov Vasyutin bu vaziyatda ishonchli harakat qildi. Qolgan daqiqalarda vakillarimizda imkoniyat yuzaga kelmadi.

Ikkinchi taymda Piter Xyuistra tarkibni butunlay yangiladi. Darvozaga Suyunov, himoya chizig‘ida esa o‘ngda Azmiddinov, chapda Yo‘ldoshev. Himoya markazida A’zamov va Chobanov juftligi ishonchli o‘ynadi. Tayanch nuqtasiga Kozak va sal markazroqqa Iminov tushirildi. Qanot vingerlari sifatida Akrom Komilov va Ruslan Roziyev harakat qilgan bo‘lsa, hujumchi ortida Sherzod Temirov o‘ynadi. Hujumda esa Ulug‘bek Hoshimovga ishonch bildirildi.

Aytish kerakki, ikkinchi taymdagi "Paxtakor" asosiy tarkibga nisbatan ancha xotirjam, ishonchli va dadil o‘ynadi. "Paxtakor" uchrashuvning ikkinchi qismida nomdor raqibiga nisbatan yaxshi o‘ynash barobarida ko‘proq xavfli vaziyatlar yaratdi. Faqatgina so‘nggi nuqtani qo‘yishda ba’zan aniqlik, ba’zida esa raqib mudofaasi xalaqit berdi. O‘tkazib yuborilgan uchinchi gol esa Chobanovning jarima maydonchasi ichidagi raqibga nisbatan biroz qo‘polligi, ya’ni kontakt yuzaga kelgani natijasida penalti yuzaga keldi. Mostovoy esa "nuqta"dan adashmadi.

To‘p nazorati, o‘yin tashkillashtirish va "Zenit"ga raqib maydonchasi oldida yuqori pressing qilishda ham jamoa ancha ishonchli va faol ko‘rindi. Buni "Zenit" klubining "YouTube" sahifasida jonli tarzda o‘yinni sharhlab borgan taniqli sharhlovchilar Denis Kazanskiy va Roman Gutsayt alohida ta’kidladi.

Kazanskiy ikkinchi bo‘lim avvalida tajovuzkor "Paxtakor"ni ko‘rgach shunday dedi: "Zenit" haqiqatdan ham yaxshi sparring raqibga ega bo‘ldi. Ayniqsa ikkinchi taymdagi tarkib juda zo‘r qarshiliq ko‘rsatdi. O‘yin tashkillashtirish va to‘pni nazorat qilib xotirjam o‘ynashmoqda".

Qo‘shimcha qilish kerakki, "Paxtakor"dan Dragan Cheran va Abror Ismoilov kichik jarohati bois uchrashuvni o‘tkazib yubordi.

"Paxtakor" - "Zenit" 0:3
Gollar:
Andrey Mostovoy, 2 - 0:1. Stanislav Krapuxin, 16 - 0:2. Andrey Mostovoy, 57 penalti - 0:3.

"Paxtakor": Sanjar Quvvatov, Hojiakbar Alijonov, Anzur Ismoilov, Yegor Krimes (S), Farrux Sayfiyev, Odil Hamrobekov, Sardor Sobirxo‘jayev, Hojimat Erkinov, Asadbek Sobirjonov, Diyor Xolmatov, Eren Derdiyok.
Zaxiradan tushganlar: Eldor Suyunov, Shahzod Azmiddinov, Marlen Chobanov, Sherzod A’zamov, Akrom Komilov, Vladimi Kozak, Humoyunmirzo Iminov, Ruslan Roziyev, Sherzod Temirov, Ibrohimhalil Yo‘lodoshev, Ulug‘bek Hoshimov.

"Zenit": 78. Aleksandr Vasyutin, 2.Dmitriy Chistyakov, 3.Duglas Santos, 4.Danil Krugovoy, 54.Saba Sazonov, 87.Danila Proxin, 5.Vilmar Barrios, 17.Andrey Mostovoy, 27.Magomed Ozdoyev, 92.Daniil Shamkin, 36.Stanislav Krapuxin.
Zaxira: 91.David Byazrov, 93.Mixail Pogorelov.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Piter Xyuistraning norasmiy debyuti yirik mag‘lubiyat bilan boshlandi