23:43 / 04.02.2021
2 858

"Bolaligimdan O‘zbekiston milliy terma jamoasida o‘ynashni istaganman" - Marlen Chobanov

"Bolaligimdan O‘zbekiston milliy terma jamoasida o‘ynashni istaganman" - Marlen Chobanov
Odatda intervyu olish uchun ichki chempionatimizda to‘p tepayotgan, ko‘pchilikka ma’lum bo‘lgan futbolchilardan tashqari yangi nomlarni ham izlashga harakat qilamiz. Bugungi suhbatdoshimiz qishki transferlar oynasi vaqtida Ukrainaning "Obolon" klubidan "Paxtakor"ga ko‘chib o‘tgan Marlen Chobanov.

Barchangiz o‘ylanib qolganingiz tabiiy, qiziq u kim ekan? Yuqorida ta’kidlaganimizdek yana bir yangi nom. 20 yoshga to‘lgan himoyachi "Paxtakor" futbol maktabi tarbiyalanuvchisi sanaladi. Keyinchalik Ukraina klublarida futbol bilan shug‘ullanishni davom ettirgan Marlen 2017 yildan boshlab Kiyevning "Obolon" jamoasi sharafini himoya qilgan. O‘tgan yilning ikkinchi yarmidan boshlab mashg‘ulotlarda ishtirok etgan Chobanov bilan klub ikki yillik kelishuvga erishdi. "Sherlar"ning "Riga" bilan o‘yinidan so‘ng Marlenni suhbatga chorladik.

- Marlen, keling dastlab bolalik yillaringiz, futbolga kirib kelishingiz tarixi haqida gapirib bersangiz. Aksariyat hollarda bunday savol bilan endi yetishib chiqayotgan yosh futbolchilarga yuzlanamiz...
- Assalomu aleykum. Men Toshkent shahrida tug‘ilganman. Olti yoshga to‘lganimda otam "Paxtakor" klubiga olib borganlar. 13 yoshimda esa Lvovga ko‘chib o‘tdik.

- Bilishimizga qaraganda, "Paxtakor"da Temur Olimxo‘jayev qo‘l ostida shug‘ullangan ekansiz. Ushbu mutaxassis o‘zbek futboliga ko‘plab futbolchilarni yetkazib bergan. Hususan, ayni payt "Spartak"da to‘p tepayotgan Oston O‘runovning ham murabbiyi hisoblanadi...
- Ha, hammasi to‘g‘ri. Temur Olimxo‘jayev murabbiyligidagi jamoada shug‘ullanganman. Ularning shogirdlari hozirda ko‘plab jamoalarda topiladi.

- Ukrainaga qanday qilib borib qoldingiz? U yerdagi sarguzashtlaringiz qay tariqa kechdi?
- Dastlab O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasiga jalb qilinishni boshladim. Menda o‘sha paytda Kiyevning "Dinamo" klubi akademiyasiga borish imkoniyati yuzaga keldi. Taklifni qabul qildim. Umuman olganda Ukrainadagi faoliyatimdan ajoyib xotiralar qoldi.

- Futbol siz uchun nima? Uchta so‘z bilan ifodalab bera olasizmi?
- Futbol men uchun: hayotim mazmuni va oldimga qo‘ygan maqsadim.

- O‘zbekistonda tug‘ilib so‘ng boshqa mamlakatga ko‘chib ketgan futbolchilar haqida ko‘p eshitganmiz. Ko‘p hollarda ular faoliyatlarini xorijda davom ettirishgan va o‘sha mamlakat fuqaroligini taklif qilishgan. Sizga Ukrainada mamlakat fuqaroligini taklif qilishdimi? Agar shunday vaziyat yuzaga kelgan bo‘lsa, siz qanday munosabatda bo‘ldingiz?
- Ha, menda ko‘plab variantlar, oldimda turli tuman takliflar bor edi. Boisi ko‘p vaqtimni Ukrainada o‘tkazdim. Fuqarolik taklif qilishdi, lekin men bolaligimdan O‘zbekiston milliy terma jamoasida o‘ynashni orzu qilib kelganman. Chunki, bu mening vatanim.

- "Paxtakor" tarbiyalanuvchisi hisoblanasiz. Orada ko‘p vaqt o‘tgach klubga qaytdingiz. Jamoada qanday o‘zgarishlarni ko‘rdingiz?
- Shak-shubhasiz klubda juda katta yangiliklarga guvoh bo‘ldim. Ijobiy tomonga o‘zgarishlarga qo‘l urilgani sezilib turibdi. Jamoa o‘z oldiga eng oliy maqsadlarni qo‘ygan. Oldinga qarab rivojlanmoqda, deya olaman.

- "Obolon"dagi faoliyatingiz davomida sizda kuchliroq jamoalarga o‘tish imkoniyati bo‘ldimi? "Paxtakor"ga kim taklif qildi?
- Ha, Ukrainaning o‘zidan shuningdek boshqa chempionat jamoalaridan chorlovlar kelib tushdi. Ammo, hozir bu haqida gapirishdan ma’no yo‘q. Ayni pallada mening vazifam O‘zbekistonning bayroqdor jamoasi bo‘lmish "Paxtakor" sharafini munosib himoya qilish. Shunday ekan boshqa narsalar haqida o‘ylamayman. "Paxtakor"ga klub rahbarlari taklif qilishdi. Bosh murabbiy Piter Xyuistra bilan ishlash maroqli, deb ayta olaman.

- Jamoa kuni kecha BAA yig‘inini yakunladi. U yerda "Zenit", "Spartak" kabi kuchli va nomdor jamoalarga qarshi nazorat o‘yinlarini o‘tkazdi. Yig‘indan qanday xulosalar chiqarildi?
- Yig‘in yakuniga yetmoqda. Xorijdagi mashg‘ulotlarda ko‘p ishladik, mehnat qildik. O‘rtoqlik uchrashuvlaridan so‘zsiz katta tajriba to‘pladik. Bunday raqiblar bilan o‘ynash hamisha yoqimli va foydali bo‘lgan. Shu orqali biz o‘z holatimiz qandayligini ko‘rib olamiz.

Abdulaziz Iskandarov suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Bolaligimdan O‘zbekiston milliy terma jamoasida o‘ynashni istaganman" - Marlen Chobanov