18:50 / 04.08.2021
2 879

Olimpiada oltin medalini olgan Akbar Jo‘rayev oilasiga prezident tabrigi yetkazildi


Foto: Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati
Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani hokimi Jo‘rabek Ahmedov Turizm va sport vazirligi vakillari hamrohligida Olimpiada o‘yinlari rekordini yangilab, oltin medalni qo‘lga kiritgan sportchi Akbar Jo‘rayevning uyiga borib, uning onasi va yaqinlariga O‘zbekiston Prezidenti tabrigini yetkazdi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

«Eng avvalo, sportchilarga yaratilayotgan sharoitlar, ularga ko‘rsatilayotgan rag‘bat uchun yurtboshimizga katta rahmat deymiz. O‘g‘limning g‘alabasi shularning sportni rivojlantirish yo‘lidagi birgalikdagi mehnati samarasidir», — degan chempionning onasi Hafiza Normetova. Uning so‘zlariga ko‘ra, Akbar Jo‘rayev akasining izidan borib, tosh ko‘tarishga qiziqqan.

«Akbarning dadasi rahmatli bilan o‘g‘limizga ‘Albatta, bir kun kelib Olimpiada chempioni bo‘lasan, O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘kka ko‘tarasan’ deya niyat qilardik. O‘zi ham havas qilib, ‘Ruslan Nuritdinovdek Olimpiada chempioni bo‘laman’ deya orzu qilardi. Mana, shu kunlar ham keldi, quvonchimiz cheksiz, albatta. O‘g‘lim g‘alaba qozonishi bilan qo‘ng‘iroq qilib, xursandchiligi bilan bo‘lishdi. Tan-u joni sog‘ bo‘lib, doim yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib yurishiga tilakdoshman», — deya qo‘shimcha qilgan u.

Foto: Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati
Eslatib o‘tamiz, 3 avgust kuni Akbar Jo‘rayev Tokio—2020 Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekistonga ikkinchi oltin medalni keltirdi. Akbar Jo‘rayev 109 kilogramm vazn toifasidagi sportchilar bahsida ishtirok etdi. U dastlab 227 kilogramm, so‘ngra 237 kilogramm shtanga ko‘tarib, umumiy 430 kilogramm natijani qayd etdi va Tokio—2020 Olimpiya o‘yinlarining oltin medaliga sazovor bo‘ldi.
Prezident farmoniga ko‘ra, Tokio—2020 Olimpiadasida oltin medalga ega chiqqan sportchilar 200 ming dollar pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

Ma’lumot uchun, Akbar Jo‘rayev 1999 yilning 8 oktabrida Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida tug‘ilgan. Faoliyati mobaynida o‘smirlar o‘rtasidagi Jahon chempionatida (2019) g‘olib bo‘lgan. 2019 va 2020 yilgi Osiyo chempionatida kumush medalga sazovor bo‘lgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Olimpiada oltin medalini olgan Akbar Jo‘rayev oilasiga prezident tabrigi yetkazildi