10:03 / 20.08.2021
2 019

Vadim Abramov: Shomurodov porlamoqda, O‘runov esa Eldorning izidan borishi mumkin!

Vadim Abramov: Shomurodov porlamoqda, O‘runov esa Eldorning izidan borishi mumkin!
Rossiya futboliga qadam qo‘yganidan beri ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p muhokama qilinayotgan Oston O‘runov “Spartak”dan “Ufa”ga o‘tgani e’lon qilinganidan yana kun mavzusiga aylandi.

Rossiyaning www.vseprosport.ru O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Vadim Abramovning o‘zbek legionerlari – Oston O‘runov va Eldor Shomurodov haqidagi fikrlarini omma e’tiboriga havola qildi.

Vadim Abramov birinchi navbatda, 20 yoshli yarim himoyachining “Ufa”da o‘zini ko‘rsatish imkoniyatiga ega ekanligiga ishonch bildirdi.

- Oston O‘runov O‘zbekistonning eng yorqin talantlaridan biri ekanini baholash mening vakolatimda emas. Har bir kishida amalga oshirishi kerak bo‘lgan holatlar yuzaga keladi. Oston hali bunday qilgani yo‘q. Balki “Ufa”da o‘z mahoratini namoyish qila olar.

Unda hammasi birdaniga yuz bermoqda. Umuman olib qaraganda, Oston Rossiyada hali o‘ynab keta olgani yo‘q. Masalan, Eldor Shomurodov Rossiyada porladi va o‘zini ko‘rsata oldi. Bu darrov ko‘zga tashlandi, shuning uchun ham hozir u “Roma”da.

Ostonda hammasi oldinda. O‘runov “Spartak” unga to‘g‘ri baho beraolmaganini isbotlab qo‘yishi kerak. Shubhasiz, boshqalar kabi unda ham Shomurodov yo‘lini takrorlash imkoniyati bor. Bundan foydalanish uchun esa, uni ro‘yxatdan o‘tkazgan jamoada o‘zini har tomonlama ko‘rsata olish lozim, - dedi Vadim Abramov www.vseprosport.ru sayti jurnalisti Daniil Borozdinga bergan intervyusida.

Shuningdek, Vadim Abramov Eldor Shomurodovning “Roma”ga o‘tganiga ham o‘z munosabatini bildirdi.

Shomurodovning “Jenoa” uchun urgan gollarini inobatga olib, “Roma”ga o‘tganidan hayron qolganim yo‘q. Men murabbiy sifatida genuyaliklarni kuzatib hayratga tushdim. Bu jamoani shu darajada zaif, deb o‘ylamaganimdir. Eldorga balli, o‘sha yerda ham o‘z mahorati va salohiyatini namoyish eta oldi. Bu qiyin albatta. U katta iqtidor egasi. “Jenoa”da hamma ham o‘zini ko‘rsata olmaydi.

Baribir hujumchi boshqalar yordamiga muhtoj bo‘ladi. “Jenoa”da uni qulay pozitsiyaga olib chiqadigan o‘yinchi yo‘q edi. Shunga qaramay, Eldor yetarlicha gol urdi. “Roma”da gol urish osonroq. Krishtianu Ronalduni “Jenoa”da o‘ynating, “Yuventus”da qayd etayotgan natijasini takrorlay olmaydi.

Shomurodovning “Roma”dagi ikki goli Mourinoga ta’sir qilgan bo‘lishi kerak. Lekin gol urib ham, tarkibdan chetda qolish mumkin. Nom chiqargan futbolchilar bor. Jeko yoki Jiru kabilarga moslashish uchun vaqt beriladi. Lekin Mourino Eldordan darrov natija talab qiladi. Bunday raqobatda nimalarga qodirligini ko‘rsatish Eldorning o‘zigagina bog‘liq. Baribir unda hamma imkoniyat bor.

Shomurodovda “Roma”dan zo‘r jamoalarda o‘ynash salohiyatini ko‘ryapman. Eldor hech kimdan qolishmaydi. Agar uning omadi kelib, atrofida unga golli vaziyat yaratib beradigan yigitlar jamlansa, u ko‘p narsaga qodir. Biz Shomurodovni “Real” va “Barselona” singari eng zo‘r klublarda ko‘rishimiz mumkin. Hozir bu fantastikadek ko‘rinyapti, biroq bu amalga oshishi mumkin, - dedi Vadim Abramov.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Vadim Abramov: Shomurodov porlamoqda, O‘runov esa Eldorning izidan borishi mumkin!