11:42 / 22.08.2021
1 829

Isitmasi chiqqan insonga qorinog‘rig‘i dorisi yoxud Srechko Katanes futbolimizni "qutqarib" qoladimi?

Isitmasi chiqqan insonga qorinog‘rig‘i dorisi yoxud Srechko Katanes futbolimizni "qutqarib" qoladimi?
Tez orada O‘zbekiston milliy terma jamoasining yangi bosh murabbiyi nomi e’lon qilinadi. Sloveniyalik Srechko Katanetsning yurtimizdagi sarguzashtlari boshlanishi oldidan futbolimiz haqida suhbat qurgim keldi.

Srechko Katanes kim?

Xo‘sh, keling, avvaliga sloveniyalik mutaxassisning faoliyatiga qisqacha nazar tashlab o‘tamiz. 1963 yilda dunyoga kelgan Srechko futbolchi sifatida "Sampdoriya" va "Shtutgart" singari taniqli jamoalar sharafini munosib himoya qilgan. Italiyadagi 5 yillik faoliyatidan so‘ng, 1994 yilda butsalarni mixga ilgan. O‘sha davrda urfga kirgan italyancha futbol modelni o‘zlashtiradi va murabbiylik kursida o‘qishni boshlaydi. 1997/98 yilgi mavsumda "Gorisa" klubida o‘z debyut mavsumini o‘tkazadi. Yil oxirida Sloveniya terma jamoasi rulini qabul qilib oladi. JCH va Yevropa birinchiligiga chiqish orqali mamlakat tarixiga kirgan.

2009 yilda uning Osiyo sari yurishi boshlandi. Avvaliga BAA termasida 2 yil ishladi va Yevropaga qaytdi. Sloveniyada yana 4 yil ishlagach, (2018 yilda) Iroqni qabul qildi. Qit’adoshlarimiz u boshqaruvida 25 bahsda ishtirok etgan va 14 g‘alabaga erishgan. Shuningdek, 7 bahsda durang qayd etilgan bo‘lsa, yana 4 uchrashuvda Katanes shogirdlari mag‘lubiyatga uchragan. Umumiy hisobda har bir o‘yinda Iroq Srechko boshqaruvida 1.40 gol kiritishni uddalagan. O‘z darvozasidan esa, o‘rtacha 0.72 bor to‘p olib chiqqan. 4 yil davomida mutaxassis 52 futbolchini terma jamoaga chorlagan. Umuman olganda, natijasi chakki emas.

Undan nima kutamiz?

Katta ehtimol bilan, sloveniyalik futbolimizda inqilob qilmaydi. U bor futbolchilardan maksimum natija ko‘rsatishga urinadi. Hozirgi avlod vakillari orasida bir nechta kuchli ijrochilar bor. Uning boshqaruvidagi barcha jamoalarning o‘yinlarini ko‘rib chiqqan inson sifatida aytishim mumkin-ki, Srechko deyarli 73 foiz uchrashuvlarda bir hujumchi bilan to‘p tepishni afzal ko‘rgan. Faqat 20 foiz bahslardagina 2 hujumchiga tayangan. Faqat 7 foiz o‘yinidagina 3 hujumchiga murojaat etgan.

Murabbiy termamizni qabul qilib olsa, katta ehtimol bilan 4-2-3-1 yoki 4-4-1-1 sxemadagi termamizni ko‘ramiz. Balki, tayanch zonasidagi yigitlarga suyanib 3-5-2da o‘ynashga urinar. Umuman olganda, bu muhim emas. 10 ballik sistemada O‘FAning tanloviga 10 ball qo‘yish mumkin. Bugungi vaziyatda top darajadagi barcha mutaxassislar band. Termalar JCH saralashining hal qiluvchi bosqichidagi ishtirokiga tayyorlanmoqda. Srechko Katanes o‘zbek futbolini ostin-ustun qilib tashlaydi, deb o‘ylamayman. U ham Ektor Kuper singari "eski maktab"ning so‘nggi bitiruvchilaridan biri. Italiya futbol maktabi tamoyillariga asoslangan holda, "gol o‘tkazmagan jamoa yengilmaydi" shioriga to‘liq amal qiladi.

Xo‘sh, unga bugungi o‘zbek futboli qanday kadrlarni taqdim etishi mumkin? Afsuski, darvoza va markaziy himoyada uni to‘liq qanoatlantira oladigan futbolchilar ko‘rinmayapti. Mayli, hujumda Eldor Shomurodov barcha talablarini ortig‘i bilan bajarar. Xo‘sh, markazdachi? Otabek Shukurov boshchiligidagi bir nechta yigitlarni sanab berishingiz mumkin. Vingerlardan yolchiganimiz aniq, lekin o‘yinni o‘ziga oladigan pleymeykerimiz yo‘qligi fakt. Yodingizda bo‘lsa, Vadim Abramov ham aynan pleymeykerning yo‘qligi uchun Saudiya Arabistoni bilan uchrashuvning birinchi bo‘limida Jaloliddin Masharipovni hujumchi ortiga joylashtirgan edi. Katanetsga O‘FA qo‘ygan birinchi talab JCHga chiqish ekanligini inobatga olsak, 2026 yildagi mundialning saralash uchrashuvlarida bugungi yetakchilar necha yoshda bo‘lishi juda muhim.

Masharipov - 33, Eldor Shomurodov - 31, Otabek Shukurov - 31, Odiljon Hamrobekov - 30, Dostonbek Hamdamov - 30, Igor Sergeyev - 33... Bu ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin. Yevropalik olimlarning aytishicha, sportchining tanasi 27-29 yoshda o‘zining pik darajasiga ko‘tariladi. Keyin, sekin-asta pasayish kuzatiladi. Bundan ko‘rinib turibdiki, bugunda MTJ o‘zagini tashkil qilayotgan yigitlarning aksariyati 2026 yilgi JCHga o‘zining pik darajasida yetib kelishi mushkul. Xo‘sh, unda nechanchi yilda tug‘ilgan bolalar kelasi mundial saralashida o‘z pikiga chiqqan bo‘ladi? Bu taxminan 1998-2002 yillar oralig‘ida tavallud topgan futbolchilar bo‘lishi mumkin. Xo‘sh, ayni damda bu yoshdagi futbolchilardan nechtasini taniysiz?

Haqiqat

To‘g‘risi, ayni damda futbolimizning ahvoli ham kulgimni, ham rahmimni keltiradi. Nega deysizmi? Biz bir xatoni qayta-qayta takrorlashda davom etyapmiz. JCHga chiqa olmadikmi? Darrov protsess ishga tushadi. Birinchi bo‘lib murabbiylar rokirovkasi amalga oshiriladi. Barcha muxlislar endi nimadir o‘zgaradi, deb umid qilishni boshlaydi va vaqt o‘tib mag‘lubiyat alami ozayadi. Yangi mutaxassis bir muncha fursat ish olib borgach, omadsizlikka uchraydi. Yana muxlislar ko‘tariladi va "trener" ishdan olinadi. Qarabsizki, yana hamma jim va yana umid qilish boshlanadi. Bu voqea 30 yildan beri takrorlanmoqda. Agar muammoning negiziga bolta urmasak, yana 50 yil davom etishi turgan gap.

Aslida, muammo MTJni qanday murabbiy qabul qilib olishida emas. Hammasi shaxsiy futbol infrastrukturamizning yo‘qligida. Biz ichki muammolar bilan kurashayotgan paytimiz Osiyo termalari ishga zamonaviy yondashgan holda bizdan o‘zib ketmoqda. Hozir, FIFA reytingida Osiyoning kuchli 12 jamoasi orasida ham yo‘qligimiz bejiz emas. Qadrdon muxlis, uyg‘onish davri keldi. Biz 2011 yildagi Osiyoning eng kuchli 4 jamoasidan biri emasmiz. Oyna ortida 2021 yil ketmoqda. Eng oxirgi katta forumdagi g‘alabali yurishimizga ham hademay 10 yil bo‘ladi. Qachongacha, o‘tmish bilan yuramiz. Endi, ko‘zni ochadigan va zamonga mos harakat qiladigan davrlar keldi. Kecha biz Toshkentda darvozasiga 5 gol urgan Qatar Osiyo chempionligini qo‘lga kiritdi. Biz raqib o‘rnida ko‘rmagan Iordaniya, Suriya va Iroq bizni bemalol Toshkentda yengib ketmoqda. Shunday ekan, Srechko Katanetsdan o‘zbek futbolini ostin-ustun qilib tashlashidan umid qilmang. Bizning muammo birgina murabbiy bilan bog‘liq bo‘lganida biz hozir Kuper bilan hal qiluvchi saralash bosqichiga tayyorgarlik ko‘rayotgan bo‘lar edik.

Har bir omadsizlik ortida bir aybdor bo‘lishi kerak. O‘sha aybdor topildi va iste’foga chiqarildi. Xo‘sh, endi muammolar o‘zgarib qoldimi? Ichki chempionatimiz saviyasi o‘sib ketdimi? Bolalar futboli rivojlandimi? Xususiy klublar soni ortib ketdimi? Legionerlarimiz soni ikki hissa oshdimi? Tizim ishga tushdimi? Hakamlarimiz saviyasi oshdimi? Bu va boshqa ochiq savollarga javob topilmas ekan, biz murabbiylarni har JCH oldidan almashtirishda davom etaveramiz.

Tez orada terma jamoamizni Sloveniya futboli tarixidagi eng katta shaxs o‘z qo‘liga oladi. Uni oldinda butun umr unutmaydigan sarguzashtlar kutib turibdi. Uning yurtimizdagi faoliyatiga omad va zafarlar tilab qolamiz.

Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Isitmasi chiqqan insonga qorinog‘rig‘i dorisi yoxud Srechko Katanes futbolimizni "qutqarib" qoladimi?