date

Ronaldu Jotaning dafn marosimiga bormagani sababini oshkor qildi

Ronaldu Jotaning dafn marosimiga bormagani sababini oshkor qildi

Portugaliya terma jamoasi sardori Krishtianu Ronaldu yaqin do‘sti va jamoadoshi Diogu Jotaning dafn marosimida qatnashmagani uchun kelib chiqqan tanqidlarga o‘z munosabatini bildirdi.

3-iyul kuni “Liverpul” hujumchisi Diogu Jota ukasi Andre Silva bilan birga Ispaniya hududidagi yo‘l-transport hodisasi oqibatida halok bo‘lgandi. Bu fojea nafaqat portugal futboli, balki butun jamoatchilikni larzaga solgan edi.

Shunga qaramay, Ronaldu marhum jamoadoshini oxirgi manzilga kuzatish marosimiga bormadi. Bu qaror ko‘plab muxlislar va jurnalistlar tomonidan keskin baholandi. Ammo afsonaning o‘zi bu haqda so‘z ochib, tanqidlarga sabab bo‘lgan voqelikka oydinlik kiritdi.

“Ikkita sabab bor. Men haqimda gapirgan tanqidchilarni tushunaman, lekin bu menga ta’sir qilmaydi. Chunki men o‘zimni bilaman. Otam vafot etganida ham men qabristonga bormaganman. Men uchun bu — shaxsiy masala. Shunday joylar menga og‘ir ta’sir qiladi”, — dedi Ronaldu.

Uning so‘zlariga ko‘ra, dafn marosimida ishtirok etishi vaziyatni yanada shov-shuvga aylantirgan bo‘lardi.

“Qayerga borsam, mening har bir harakatim kameraga olinadi. Bu faqat fojiani emas, balki shouni ham paydo qiladi. Men shouning bir qismi bo‘lishni xohlamayman. Bu vaqtda odamlar marhum haqida o‘ylashi kerak, men haqimda emas”, — dedi u BBC orqali bergan intervyusida.

Ronaldu tanqidlardan bezmaganini, faqat o‘zini samimiy his qilgan qarorni qabul qilganini ta’kidladi.

“Men Jotaning oilasi haqida o‘ylab ish tutdim. Ularning og‘rig‘iga shou aralashishini istamadim. Men ularni hurmat qilaman va bu men uchun muhimroq edi. Agar borganimda, butun dunyo kamerasini o‘sha yerga qaratardi. Bu esa muhabbat emas, sirk bo‘lardi”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Ronaldu o‘z hayotidagi shunday vaziyatlarning ilgari ham bo‘lganini eslab o‘tdi: “Otamni yo‘qotganimda ham men qabriga bormadim. Bu mening usulim. Har kimning azani ifoda etish tarzi bor. Men shunchalik ko‘p narsani ko‘rganmanki, ba’zan sukut — eng to‘g‘ri javob”.

Portugaliya matbuoti yozishicha, Krishtianu Ronaldu Jotaning oilasi bilan shaxsan aloqaga chiqqan va ularga chuqur ta’ziya bildirgan.

Shu tariqa, Ronaldu nafaqat jurnalistlar, balki jamoatchilikka ham o‘z qarorini ochiq bayon qildi — uningcha, muhim narsa ko‘z-o‘ngidagi shou emas, insonning samimiy hissi va hurmati.

Muxlislar orasida esa turli fikrlar mavjud: kimdir Ronalduni tushunayotgan bo‘lsa, boshqalar uning bormasligini noto‘g‘ri deb hisoblamoqda. Biroq ayni holatda futbol yulduzining fikri aniq — u sahnada emas, haqiqiy ehtiromni ifoda etmoqchi bo‘lgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ronaldu Jotaning dafn marosimiga bormagani sababini oshkor qildi