
Terma jamoasi sardori va “Inter Mayami” yulduzi Lionel Messi 2022-yildagi jahon chempionatida qo‘lga kiritgan g‘alaba haqida so‘z yuritar ekan, bu lahzalarni umridagi eng kuchli his-tuyg‘ular bilan solishtirdi.
Messi uchun Qatardagi g‘alaba nafaqat sport tarixidagi muhim voqea, balki shaxsiy hayotidagi eng katta hissiy burilish bo‘lgan. Uning aytishicha, jahon chempionligini qo‘lga kiritgan paytdagi hissiyotlar farzandlarining tug‘ilganini ko‘rgan onlarga teng bo‘lgan.
“O‘sha paytda men xuddi bolalarim tug‘ilganidagidek his qildim. Buni so‘z bilan bayon etish amrimahol. Bu lahza men uchun beqiyos va yurakning eng chuqur qirralariga tegadigan tuyg‘u edi”, — deydi Messi.
Argentina sardori ta’kidlashicha, jahon chempionligi — futbolchi uchun orzularning cho‘qqisi, undan yuqorisini tasavvur etish qiyin. “Bu g‘alaba orqali faqat men emas, balki oilam, jamoadoshlarim va butun Argentina xalqining ko‘ngli yuksak tuyg‘ularga to‘ldi”, — dedi u.
Messi so‘zlariga ko‘ra, u sport faoliyati davomida ko‘plab sovrinlar va mukofotlarni qo‘lga kiritgan, ammo milliy terma bilan jahon chempioni bo‘lish — umridagi eng uzoq kutilgan va eng qimmatbaxo orzu bo‘lgan.
“Bu sovrin mening faoliyatimni mukammal qildi. Klubda ham, shaxsiy yutuqlar bo‘yicha ham ko‘p narsaga erishdim, ammo aynan shu g‘alaba yetishmayotgan bo‘lgan. U men uchun barchasini to‘ldirdi”, — deya qo‘shimcha qildi Messi.
Argentinadagi bayramlar, ko‘chalardagi millionlab muxlislar, xalqning yig‘i va quvonchi — bularning barchasi Messi uchun hayotda ikkinchi bor his qilib bo‘lmaydigan hissiyotlar bo‘lgan.
“Barcha argentinaliklar bu g‘alabani yana yashadi, har bir inson yuragida uning bir bo‘lagini his etdi. Shuncha yillar orzulangandan so‘ng, bu jahon chempionligi millat uchun ham, mening shaxsiy faoliyatim uchun ham abadiy xotiraga aylandi”, — dedi so‘ng so‘zini Lionel Messi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!