00:07 / 13.10.2021
1 177

"Nyukasl"ning yangi xo‘jayinlari futbol dunyosini o‘zgartiradimi?

"Nyukasl"ning yangi xo‘jayinlari futbol dunyosini o‘zgartiradimi?
7 oktabr kuni Saudiya Arabistoni hukumatining davlat investitsiyalari fondi Angliyaning "Nyukasl" klubini sotib oldi, bitim narxi — 360 million yevro.
- Mazkur jamg‘armani valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon boshqaradi.
- Ushbu kelishuv "Nyukasl"ni dunyoning eng boy klublaridan biriga aylantirdi.

Biz bu haqda Osiyo mintaqasini yaxshi biladigan menejer Alisher Nikimbayev bilan batafsil gaplashdik. U Qatar futbol assotsiatsiyasi texnik mutaxassisi va JCH -2022 tashkiliy qo‘mitasining menejeri sanaladi.

— PSJ egasi qatarlik shayx bo‘lsa, "Manchester Siti" BAAdan bo‘lgan shayxga tegishli. Endi Saudiya Arabistoni shahzodasi "Nyukasl"ni sotib olmoqda. Bu unga nima uchun kerak?
— "Nyukasl"ni sotib olish – eng hayratlanarli voqea, ammo bu Saudiya Arabistoni hukumatining futboldagi va umuman sportdagi yagona ambitsiyasi emas. Ular o‘tgan yili 2030 yilgi Osiyo o‘yinlarini Saudiya Arabistonida qabul qilish uchun kurashda ajoyib imkoniyatga ega edilar, lekin Qatarga yutqazib qo‘yishdi. Biroq ular ikkita o‘yinni o‘zlarida o‘tkazish maqsadida so‘rovnoma tashkil qilishga kelishib olishdi va natijada Osiyo o‘yinlari-2034 ga sazovor chiqishdi.

Hozir 2027 yilgi Osiyo kubogiga mezbonlik qiladigan mamlakatni tanlash bo‘yicha saylov kampaniyasi davom etmoqda. Asosiy da’vogarlar – Saudiya Arabistoni va Qatar. Bundan tashqari, saudiyaliklar Osiyo kubogi oldidan 1 milliard dollarlik loyiha tayyorlashmoqda, sababi ma’lum bir musobaqa uchun birdaniga to‘rtta yangi stadion qurish rejalashtirilgan.

Saudiya Arabistoni bundan oldin ham mintaqada futbol yetakchiligini mustahkamlashga urinib ko‘rdi, ammo ular umuman muvaffaqiyat qozonishmadi. Jumladan, 2013 hamda 2019 yillardagi OFK (Osiyo futbol konfederatsiyasi) prezidentligi saylovini eslab o‘tishimiz mumkin. Hozir mamlakatda ichki o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Masalan, Osiyo kubogini qabul qilish qonunchilik darajasida jiddiy islohotlarni nazarda tutadi. Saudiya Arabistonida ayollar futbol o‘yinlariga kirishiga ruxsat berilmagan va bu shart bajarilmasa, turnir o‘tkazish mumkin emas. Buni hal etish kerak.

O‘zgarishlar iqtisodiyotda ham kechmoqda. Gap moliyaviy oqimlarni BAA va Qatardan Saudiya Arabistoniga qorishtirish haqida ketmoqda. BAA hali inqirozdan chiqa olmadi va Qatarga nisbatan qiziqish esa jahon chempionatidan keyin pasayishi mumkin. Saudiya Arabistoni — infratuzilmaga sarmoya kiritish uchun yangi maydon.

— "Nyukasl"ning sotib olinishidan nimani kutishlari mumkin? Manmanlik yarmarkasinimi yoki klubning tizimli rivojlanishinimi?
— "Nyukasl"ni sotib olish katta loyiha bo‘ladi. PSJdan tashqari, Qatarda Yevropa futbolida ko‘rinmaydigan boshqa loyihalar ham bor. Saudiyaliklar birinchi marta Yevropa klubini sotib olishdi va ular sarmoyalar bo‘yicha "Manchester Siti" va PSJ bilan raqobatlashishga harakat qilishadi.

Shu bilan birga, saudiyaliklarning salohiyati biroz yuqoriroq bo‘ladi. Muxlislar allaqachon bayram qilishni boshlab yuborishdi, ammo transfer oynasi faqat yanvarda ochiladi. Shayx Mansur "Man Siti"ni sotib olgani haqidagi hikoyaga qaytsak, u klubni transfer oynasi yopilishidan bir necha kun oldin xarid qildi va Robinoni sotib olishga muvaffaq bo‘ldi. Ularga omad kulib boqdi. Bunday holatda bir zumda o‘zgarish kutish mumkin emas, chunki transfer oynasi ochilishiga ikki oydan ko‘proq vaqt qoldi. Ular hech bo‘lmaganda shu vaqt ichida futbolchilarni sotib olishga jiddiyroq kirishadilar. Ammo yanvar oyining birinchi kunlarida "Nyukasl"dan ba’zi yuqori darajadagi transferlarni kutish mumkin.

— Ular moliyaviy Fair Play qoidalarini buzganliklari uchun sanksiyalarga duch kelishmaydimi?
— Fair Play tez orada o‘zgaradi. Asosiy e’tibor umumiy xarajatlarga emas, balki ish haqini nazorat qilishga qaratiladi. Muammo shundaki, klublar daromadini tasdiqlovchi hujjatsiz pul sarflay olishmasdi. O‘sha "Man Siti" va PSJ egalari homiylarni jalb qilishga urinishgani uchun aziyat chekishdi, ammo ular o‘z qarindoshlarining tuzilmalari ekanligi ma’lum bo‘ldi. Shunday qilib, UEFA bu harakatlarga to‘sqinlik qildi.

Endi ular klublarning qancha daromad olishiga kamroq e’tibor berishadi, asosiysi, maosh uchun budjetning ma’lum foizidan ko‘proq mablag‘i sarflanmasligidir. Demak, "Nyukasl" katta ehtimol bilan "Man Siti" va PSJ duch kelgan muammolarga uchramaydi. Saudiyaliklar odilona vaziyat hukm surib turgan vaqtda kelishdi.

— Nega buni ertaroq qilishmadi?
— Jamoani sotib olish haqidagi doston bir yildan ko‘proq vaqt oldin boshlangan, ammo bu urinish to‘xtab qolgandi. 2017 yilda Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Yaman, Misr, Bahrayn va boshqa tomondan Qatar o‘rtasidagi munosabatlarda diplomatik inqiroz yuzaga keldi. Jahon chempionati va yirik chempionatlar, shu jumladan, APL o‘yinlarini translyatsiya qilish huquqiga ega bo‘lgan BeIN Sport telekompaniyasiga Saudiya Arabistoni va BAAda cheklov o‘rnatilgani bahsli masalalardan biriga aylandi. Bundan tashqari, BeOutQ qaroqchilar kanali qarama-qarshilik sifatida paydo bo‘ldi. Tergov shuni ko‘rsatdiki, bunday kanalning mavjudligi rasmiylar ishtirokisiz imkonsiz edi, chunki efir uchun Saudiya Arabistoni sun’iy yo‘ldoshidan foydalanilgan. Ma’lum bo‘lishicha, Saudiya Arabistoni hukumati Angliya Premer-ligasining iqtisodiy va marketing huquqlarini buzib, uni daromaddan mahrum qilgan. Bir necha kun oldin saudiyaliklar BeIN Sport bilan ziddiyatni hal qilishdi, ular katta miqdorda tovon puli to‘lashdi. Aynan shu jihat "Nyukasl"ni sotib olish imkoniyatini ochdi.

— Siyosiy vaziyat ta’sir qilmadimi? Masalan, Saudiya Arabistoni elchixonasida jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi bilan bog‘liq holat.
— Albatta, xohishga qarab, istagan narsangizni ko‘tarishingiz mumkin. Shuning uchun APL klublari g‘azabda. Ular zudlik bilan Liga kengashini chaqirishni talab qilmoqdalar. Biroq asosiy huquqiy to‘siq — BeIN Sport bilan ziddiyat barham topdi. Ma’lumki, siyosiy nuqtai nazardan Abramovich ham, Shayx Mansur ham sabab topib, klubni sotishdan bosh tortishi mumkin. Ammo qoidalar juda aniq shakllangan. Masalan, "Manchester Siti" aksiyalari arablarga Tailandning sobiq bosh vaziri Chinnavat Taksin tomonidan sotilgan. Alohida aytish joiz, u o‘z ulushini siyosiy sabablarga ko‘ra emas, balki korrupsiyada gumon qilingani tufayli sotdi. Men "Nyukasl"ni xarid qilish bo‘yicha bitim cheklab qo‘yilishiga ishonmayman.

— Muhammad ibn Salmon kabi shuhratparast va o‘ta boy odamning klub sotib olishi futbol bozori va futbolchilarning maoshiga qanday ta’sir qiladi?
— Albatta, ta’sir qiladi. Futbolchilarning narxlari oshadi. Bir paytlar PSJ Neymarni "Barselona"dan rekord darajadagi 222 million yevroga sotib olgan. Abramovich "Chelsi"ga kelganida ham chegarani ko‘targan. Har zamonning o‘z qahramonlari, o‘z bahosi bor. Siz mos kelishingiz, yangi bozorlarni qidirishingiz kerak. Ertami-kechmi, o‘yinchi uchun ko‘proq narsani beradigan odam paydo bo‘ladi. Bularning barchasini qanday tartibga solish – bu boshqa masala. Sinab ko‘rishdi – o‘xshamadi.

Ish haqi haqida gap ketganda, dunyoning aksariyat klublari o‘z ishlab topgan pullarini sarflaydilar. Balki "Nyukasl" 25 futbolchiga yuqori maosh to‘lar, lekin qaydnoma cheksiz o‘yinchidan iborat bo‘lmaydi. "Nyukasl"ga kela olmaganlar boshqa klublarda o‘ynashni davom ettirishga majbur bo‘lishadi. Shu sababli ish haqi bozoridagi vaziyat jiddiy o‘zgarmaydi.

Men boshqa narsadan xavotirdaman — Chempionlar ligasi bitta yaqqol etakchi turniriga aylanib qolmasin. "Nyukasl" bunga qancha vaqt ketkazishini, umuman, bu marraga yetib bora olish-olmasligini bilmayman. PSJ va "Manchester Siti" hali Chempionlar ligasini yuta olishmadi. Ichi to‘la puldan iborat qoplar maydonda g‘alaba qozonmaydi, lekin Chempionlar ligasini "Srvena Zvezda" yoki "Styaua" yutib ketishini tasavvur qilish deyarli mumkin emas.

— Ehtimol, ibn Salmon Superliga tuzilishiga lobbistlik qilar?
— Nazariy jihatdan hamma narsa bo‘lishi mumkin, ammo amalda buning iloji yo‘q. Keling, o‘tgan yilgi Superliga tuzishga bo‘lgan urinish tarixiga qaytaylik. PSJ xo‘jayini Nosir Al Xelayfi Fransiya chempionatidagi daromadi kamligi tufayli ligaga qo‘shilishga qiziqdi, ammo kutilmaganda qo‘shilishni rad etdi. U siyosiy jihatdan boshqalarga qaraganda, uzoqni ko‘ra oladigan kishi bo‘lib chiqdi.

O‘ylaymanki, Muhammad ibn Salmon ham do‘stlari va dushmanlari qayerda ekanligini tushunadi. U o‘z mamlakati uchun manfaatli ko‘plab tashkilotlar, jumladan, FIFA bilan aloqalarni uzishga majbur bo‘ladi.

Saudiya Arabistonining jahon chempionatini o‘zida o‘tkazishga qaratilgan urinishidan ajablanmayman. Klublar o‘rtasidagi jahon chempionati — Xitoy va Saudiya Arabistonining qo‘shma loyihasi. Saudiyaliklar 2023 yilda bu musobaqani qabul qilishi mumkin. Shunday ekan, savol tug‘iladi, ibn Salmonga Superliga nima kerak?

— Kelib chiqadiki, ibn Salmon "Nyukasl" orqali pul topmoqchi emas. Shundaymi?
— Xuddi Abramovich "Chelsi"ni foyda uchun sotib olmagandek. U boshqa imtiyozlarga e’tibor qaratdi. APLda pul topish uchun klub sotib olgan jamoa egalari ko‘p emas. O‘sha Shayx Mansur "Man Siti"da foyda topishdan ko‘ra ko‘proq zarar ko‘radi. Agar Ibn Salmonda 300 milliard dollar bo‘lsa, u 10 million dollarlik yillik foydadan umid qilib o‘tiradimi?

— U Qatar va BAA shayxlaridan o‘zib ketishga intiladimi?
— Bir paytlar kimdir savol bergan bo‘lishi mumkin: nima uchun ularda bor, bizda esa yo‘q? Mintaqa dunyoning barcha mintaqalari bilan bir xil. Ha, aka-ukalar. Ha, eski yaxshi qo‘shnichilik rishtalari. To‘rt yil oldin ular o‘rtasidagi munosabatlar abadiy vayron bo‘lganga o‘xshardi, lekin hozir aloqalar qayta tiklanmoqda va aytishganidek, ular kuchli bo‘lishda davom etishadi. Ammo ichki raqobat va rashk doimo saqlanib qoladi. Har qanday musobaqada, har qanday darajada shunday bo‘ladi. Bu oltita davlat — Qatar, BAA, Saudiya Arabistoni, Kuvayt, Ummon va Bahrayn har doim hamma narsada bir-biri bilan raqobatlashadi. Har ikki yilda Fors ko‘rfazi kubogi o‘tkaziladi, unda bu mamlakatlar terma jamoalari, shuningdek, Yaman va Iroq ishtirok etadi. Bu musobaqa "shayxlar turniri" deb nomlanadi. Qizig‘i shundaki, saudiyaliklar jahon chempionatlarida muntazam ishtirok etishsa-da, musobaqaning so‘zsiz peshqadami emas. Bu juda raqobatbardosh turnir.

— "Nyukasl"da saudiyalik futbolchilarni ko‘ramizmi?
— Garchi ularning jamoalari hozirgi kunda juda yaxshi o‘sib borayotgan bo‘lsa-da, Saudiya Arabistonida APL darajasidagi futbolchilar yo‘q, deb o‘ylayman. Rossiyada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatidan oldin ular o‘z futbolchilarini Ispaniyaga jo‘natishdi, hatto buning uchun pul to‘lashdi. Lekin yakunda ularning hech biri u yerda o‘ynamadi. Shunday qilib, bu loyiha Saudiya terma jamoasiga foydadan ko‘ra ko‘proq zarar keltirdi, chunki futbolchilar o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishmagan. Shayx Mansur hukmronlik qilgan yillar mobaynida qaysi arab futbolchisi "Manchester Siti"da to‘p tepdi? Hech qaysi. "Man Siti" tarixi davomida faqat Umar Abdulrahmon haqida jiddiy o‘ylangan. Ibn Salmon boshqacha yo‘l tutishi amrimahol.

— Aftidan, Saudiya Arabistoni terma jamoasi BAA terma jamoasidan kuchliroq...
— BAA terma jamoasida "oltin avlod" davri bo‘lgan. "Siti"ga kelib o‘ynashi mumkin bo‘lgan kamida bitta futbolchi bor edi – Umar Abdulrahmon. Uni u yerga chaqirishdi, biroq u taklifni rad etdi. Balki mentalitetda ham muammolar bordir. Mintaqadagi har bir futbolchi ham Yevropaga borib, nimanidir isbotlashni xohlamaydi. Biz ish haqi haqida gapiramiz, bu yerda ham juda yuqori miqdordagi mablag‘ to‘lanadi. Futbolchilar Yevropadan ko‘ra shu yerda ko‘proq pul olishadi. Bu yerga yevropalik futbolchilar o‘z faoliyatlarini yakunlash uchun kelishadi, chunki pul ishlash osonroq.

— "Nyukasl"ning saudiyaliklar tomonidan sotib olinishi ichki chempionat jozibadorligini oshiradimi? Yuqori darajadagi futbolchilar u yerga borishga intilishadimi?
— Aslida Saudiya Arabistoni ham budjet, ham klublarning jozibadorligi bo‘yicha BAA va Qatardan oldinda. Ehtimol, yashash sharoitlari nuqtai nazaridan, oson emasdir. Bu qat’iy musulmon davlati ekanligi bilan bog‘liq. Saudiya Arabistoni klublari orasida raqobat ko‘proq. Masalan, Qatarda faqat ikkita klub chempionlik uchun o‘zaro kurashadi. Saudiya Arabistoni hali ham bir oz ustun ko‘rinadi.

— "Nyukasl"ning xarid qilinishini Fors ko‘rfazi mamlakatlarining Osiyo futboli rivojiga qo‘shgan hissasi, deb aytolamizmi?
— Umuman olganda, ha. Axir, hamma narsa bir-biri bilan bog‘liq. Saudiyaliklar "Nyukasl"ni sotib olish uchun BeIN Sport bilan muzokaralar olib borishga majbur bo‘lishdi. Telekompaniya bilan hech qanday kelishuv bo‘lmasa -da, OFK (Osiyo futbol konfederatsiyasi) pul yo‘qotayotgan edi. O‘sha Osiyo Chempionlar ligasi uchun shartnoma yo‘qligi sababli.

Masalan, Qatar bu yil litsenziya sotib olmadi. Gap shundaki, BeIN Sport huquqlarni butun arab mintaqasi uchun, yigirmadan ziyod mamlakat uchun paket sotib oldi. Birlashgan Arab Amirliklari va Saudiya Arabistoni aholisi soni bo‘yicha Qatardan ancha ustun. Shunday qilib, telekompaniya o‘yinlarni mintaqaning eng yirik davlatlariga o‘tkaza olmasligi aniq bo‘lgach, OFK paketni qismlarga bo‘lishni taklif qildi. Shartnomaning jozibadorligi yo‘qoldi. Telekompaniya huquqlarni faqat Qatar, Livan yoki Iroqqa sotishdan manfaat ko‘rmaydi.

Natijada OFK kamroq pul oldi. Endilikda jahon chempionati uchinchi saralash bosqichi davom etmoqda, pandemiya tufayli bir nechta o‘yinlar Qatarda bo‘lib o‘tdi, ammo bu o‘yinlar Qatarning o‘zida translyatsiya qilinmadi. Agar arab telekanali teletranslyatsiyasi yana bir butun narsa sifatida qaralsa, telekompaniyada OFKdan huquqlarni sotib olishdan foyda ko‘radi. Xullas, nafaqat "Nyukasl" sotib olindi, balki bir qator muhim masalalar birdaniga hal qilindi. Shu jumladan, OFK foydasiga ham.

Sherzod Nurmatov tarjimasi


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » "Nyukasl"ning yangi xo‘jayinlari futbol dunyosini o‘zgartiradimi?