08:25 / 26.10.2021
1 938

Yaxshiboyevni o‘ynatmagan bosh murabbiy ishdan olindi

Yaxshiboyevni o‘ynatmagan bosh murabbiy ishdan olindi
Polshaning amaldagi chempioni – “Legiya” rasmiy sayti orqali jamoa bosh murabbiyi Cheslav Mixnevich iste’foga chiqarilgani haqida xabar tarqatdi. Ma’lumotlarga qaraganda, bosh murabbiy bilan birga uning yordamchi Kamil Potrikus ham ishdan ketgan.

Klub rahbariyati xayrlashishdan oldin Cheslav Mixnevichga 2020-2021 yilgi mavsum Polsha chempionligi va jamoani Yevropa Ligasi guruh bosqichiga olib chiqqani uchun minnatdorlik ham bildirgan.

“Legiya” o‘zbekistonlik futbol muxlislariga Jasur Yaxshiboyev orqali yaxshi tanish. O‘tgan yili “Shaxtyor Soligorsk” tarkibida Belarus chempionligiga sazovor bo‘lgan hujumkor futbolchimiz joriy yilning boshida Polsha chempioni tarkibiga qo‘shilgan edi. Jasur yangi jamoasi bilan uch yillik bitim tuzgani xabar qilingan.

Polsha chempioniga ustozlik qilgan Cheslav Mixnevich bir necha bor matbuotda Jasur Yaxshiboyevni maqtagan bo‘lsa-da, amalda unga umuman imkoniyat bermadi. Avvaliga o‘zbek futbolchisi jarohatidan qutilishi kerakligini, keyinroq, kuchliroq bo‘lgan yangi ligaga moslashish uchun vaqt talab etilishi aytildi.

Belarus oliy ligasida o‘ynagan davrida jami 16 ta gol va oltita golli pas muallifi bo‘lgan va chempionatning eng foydali futbolchisi, deb e’tirof etilgan hamyurtimiz “Legiya”ga o‘tganidan keyin Polsha yashil maydonlarida bir necha daqiqa ko‘rinish berdi xolos.

O‘yin amaliyotisiz qolayotgan Jasur Yaxshiboyev yozda jamoasini almashtirishga rozi bo‘ldi. Uni tarixda birinchi marta UYEFA Chempionlar ligasining guruh bosqichiga yo‘llanma olgan Moldova chempioni – “Sherif” o‘z tarkibiga qo‘shib oldi. Tiraspolliklar ustozi Yuriy Vernidub o‘zbek futbolchisini Belarus chempionati orqali yaxshi bilishini va u “ko‘hna qit’a”ning eng nufuzli musobaqasi oldidan jamoani sezilarli darajada kuchaytirishini ta’kidladi.

Jasur Yaxshiboyev “Sherif” safida Moldova chempionatida ikkita uchrashuvda maydonga tushdi va bitta gol urishga erishdi. Hamyurtimizning asosiy muvaffaqiyati esa Chempionlar ligasida yuz berdi.

“Sherif” legionerimiz yordamida birinchi turda Ukrainaning “Shaxtyor” jamoasini 2:0 hisobida dog‘da qoldirdi. Ikkinchi turda mashhur “Santyago Bernabeu” arenasida “Real”ni 2:1 hisobida taslim qildi. Uchrashuvdagi birinchi golni Jasur Yaxshiboyev urib, ancha shov-shuvlarga sabab bo‘ldi.

Afsuski, Madriddagi o‘yinda hamyurtimiz shikastlandi va hali hamon jarohatini davolash bilan band. Jasur jarohat tufayli O‘zbekiston milliy terma jamoasining Iordaniyada tashkil qilingan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida qatnasha olmadi.

Yaxshiboyev mavsum oxirigacha “Sherif”da o‘ynashiga kelishilgan. Hujumchimiz ijara muddati yakunlanishi bilan Polshaga qaytadi. Hozir “Legiya”ning o‘zi yordamga muxtoj. Amaldagi chempioni joriy mavsumda o‘ta uchrashuvda to‘qqiz ochko jamg‘argan holda musobaqa jadvalida 10 o‘rinda bormoqda.

Cheslav Mixnevichning ishdan olinishiga aynan ichki chempionatdagi qoniqarsiz vaziyat sabab bo‘lgani aytilmoqda. Klub rahbariyati qaroriga ko‘ra, endi “Legiya”ni ikkinchi tarkibni shug‘ullantirib kelayotgan mahalliy mutaxassis Marek Golembevski boshqaradi.

Kim biladi deysiz, balki bu murabbiy yoki yozda uning o‘rniga keladigan yangi mutaxassis mavsum oxirida “Legiya”ga qaytadigan Jasur Yaxshiboyevga yaxshiroq e’tibor qaratar. Zero, “Real”dek jamoaga Madridda gol urish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » Yaxshiboyevni o‘ynatmagan bosh murabbiy ishdan olindi