00:44 / 27.10.2021
709

Marko Stanoyevich: "OFK kubogini Qarshiga olib kelmoqchimiz!"

Marko Stanoyevich: "OFK kubogini Qarshiga olib kelmoqchimiz!"
Qarshining "Nasaf" klubi yarim himoyachisi - Marko Stanoyevich bilan bog‘lanib, klubda sodir bo‘layotgan so‘nggi voqealar va jamoaning final oldidan qanday kayfiyatda ekanligi bilan qiziqdik. Bolqonlik futbolchi, har doimgidek intervyu berishdan qochgani yo‘q. Suhbat davomida Andijondagi mojaro, OFK kubogi finali va boshqa mavzular haqidagi savollarimizga javob berdi.

- Keling, suhbatni OFK kubogi yarim finalidagi o‘yin borasidagi savol bilan boshlayman. Aytingchi, nima uchun "Nasaf" ikkinchi bor oldinda boraturib, ikkinchi taymni juda bo‘sh o‘tkazmoqda?
- Aslida, hammasi bu qadar emas. Biz birinchi bo‘limda 2 ta gol urib, o‘yinni to‘liq boshqarib bordik. Raqib deyarli qarshilik ko‘rsata olgani yo‘q. A’lo darajadagi kayfiyat bilan tanaffusga chiqib ketdik. Ikkinchi bo‘lim boshida o‘zimizning qo‘pol xatolarimiz sababli raqib hisobni tenglashtirdi. Ular darvozamiz oldida xavfli vaziyat yaratishni uddalay olmadi. Shunchaki, xatolarimizdan so‘ng yuzaga kelgan vaziyatlardan unumli foydalandi, xolos. Bu - futbol! Unda xato qilmaydigan futbolchi bo‘lmaydi.

- Hisob tenglashgach, Ro‘ziqul Berdiyev qanday ko‘rsatma berdi?
- Birinchi navbatda, bor e’tiborimizni maydonga qaratishimiz kerakligini ta’kidladi. O‘tkazib yuborilgan gollarni unutib, hammasini boshidan boshlashga undadi. Biz o‘z kuchimizga 100 foiz ishonganimiz bois, yana raqib darvozasiga gol kiritishni uddalashimizni bildik. Shu bois, yakunda g‘alabani ilib ketdik. Hisob tenglashgach, bir soniya ham g‘alaba qozonishimizga bo‘lgan ishonch bizni tark etgani yo‘q. O‘ylashimcha, ruhiy holatimizning yaxshi ekanligi g‘alabaning asosiy omili bo‘lib xizmat qildi.

- Andijon shahrida bo‘lgan o‘yin haqida fikringiz qiziq. Aytingchi, hakamning qarorini qanday baholaysiz?
- "Andijon" bilan o‘yin juda og‘ir kechdi. Birinchi navbatda maydonning ahvoli bizga erkin to‘p surish imkoniyatini taqdim etmadi. Boz ustiga, raqib Superligada jon saqlab qolish uchun kurash olib borayotgan klub va tabiiyki, bor kuchini ishga soldi. To‘g‘risi, bosh hakam nima uchun bizning golni inobatga olmaganini bilmadim. Tushunarsiz holat yuzaga keldi. Bu paytga qadar biz ishtirok etgan o‘yinlarda hakamlik borasida bu darajadagi voqealar sodir bo‘lmagan edi. Umid qilamanki, mavsum so‘ngicha boshqa nohaqlik qurboni bo‘lmaymiz.

- OFK kubogi finali oldidan bu voqea jamoa futbolchilarining ruhiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydimi?
- O‘ylashimcha, yo‘q. Biz allaqachon hammasini bir chetga surib tashlab, mavsumning qolgan o‘yinlarida g‘alaba qozonish haqida o‘ylayapmiz. Ortda qolgan voqeani xotirlagandan naf yo‘q. Ishtirok etayotgan turnirlarimizda qanday o‘rinni egalashimiz o‘z o‘yinlarimizga bog‘liq.

- Bahraynda bo‘ladigan hal qiluvchi "jang" oldidan jamoalarning imkoniyatlarini qanday baholaysiz?
- Har qanday final oldidan barcha jamoalarning imkoniyati 50/50 baholanishi turgan gap. Bizda ham shunday vaziyat. Bu joyga yetub kelgunga qadar juda katta hajmdagi ish amalga oshirildi. Murabbiylar shtabi, futbolchilar va klubimizning barcha jonkuyarlarining sa’y-harakati sababli bugun final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdik. Umid qilamanki, hal qiluvchi bahsda, "ajdarlar" muxlislarini xursand qilamiz. Biz OFK kubogi o‘rtaga tikilgan o‘yinda muxlislarimiz uchun maydonda "jang" qilishga tayyormiz.

- Yigitlar ruhan finalga tayyor, deb hisoblaysizmi?
- Albatta! Butun jamoa klubimiz tarixida yangi sahifa ochishga tayyor. Ruhan va jismonan hal qiluvchi 90 daqiqaga tayyormiz. Nasib qilsa, ortga yorug‘ yuz bilan qaytamiz. Yigitlarning kayfiyati a’lo darajada! OFK kubogini qo‘lga kiritish.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » Marko Stanoyevich: "OFK kubogini Qarshiga olib kelmoqchimiz!"