Afsuski, “Barbi” filmining bosh qahramonlardan biri – Kenning 3D printeri bo‘lmagan. Yo‘qsa, u Barbining Barbilenddan ketishini kutib o‘tirmasdan o‘zi uchun orzusidagi uyni tayyor holatga keltirib olgan bo‘lardi. Shunday ekan, Kenning “Progreso” sement kompaniyasi jamoasiga havas qilishdan boshqa chorasi yo‘q, deb yozadi “Yevropa plyus”.
Kompaniya Gvatemalada 49 kv metrli joyda 26 soat ichida zamonaviy uy barpo etdi. Uni haqiqiy texnologiya mo‘jizasi deya taʼriflash mumkin. “Quruvchilar” binoning asosini tiklashda 3D printeridan foydalanishgan. Agar bunday bino oradan bir necha kun o‘tmay qulab tushadi deb o‘ylasangiz, qattiq adashasiz. U Gvatemalada tez-tez kuzatilib turadigan kuchli yer silkinishlariga ham bardosh bera oladi.
Uyni tayyor holatga keltirish uchun bir kungina kifoya qilgan bo‘lsa-da uning ichki qismini jihozlash jarayoni bir haftaga cho‘zilgan. Uyga derazalar o‘rnatilgan, elektr simlari va quvurlar olib kirilgan. Uyning tom qismi esa Gvatemaladagi aksariyat binolarga xos ko‘rinishda palma somoni bilan yopilgan. Bunday ajoyib yechim issiq kunlarda havoning uy ichida yaxshi aylanishini taʼminlab beradi.
Bir qavatli bino oddiy loyiha asosida “qurilgan”. Yaʼni, 3D printeri yordamida chop etilgan uy mehmonxona, kichik oshxona, yotoqxona va sanuzelli vannaxonadan tashkil topgan. U yashash uchun emas, tadqiqotlar olib borish uchun mo‘ljallangan.
Uyni “qurish” jarayonida mutaxassislar COBOD BOD2 3D printeridan foydalanilgan. Aynan mana shu qurilma Yevropa va Hindistondagi bir nechta binolarni ham barpo etishda ishlatilgan.
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring