
Amerikalik milliarder Ilon Mask o‘zining navbatdagi texnologik loyihasi — Grokipedia platformasini taqdim etdi.
Yangi sayt Maskning Grok sun’iy intellekti asosida ishlaydi va Wikipedia’ning soddaligi hamda dizaynini eslatadi. Ammo u o‘zini “butun haqiqatni yoritishga qaratilgan AI-ensiklopediya” sifatida taqdim etmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Grokipediada hozircha 800 mingga yaqin maqola mavjud. Taqqoslash uchun, Wikipedia’da bu raqam 7 milliondan ortiq. Maskning so‘zlariga ko‘ra, platforma vaqt o‘tishi bilan kengayadi va Grok sun’iy intellekti takomillashgani sari ma’lumotlar sifati ham oshadi.
Mask hazil aralash tarzda “Grokipedia nusxalarini Oy va Mars orbitasiga yuborish” rejasi borligini ham aytgan.
Yangi ensiklopediyaning eng katta farqi — u yopiq tizimda ishlaydi. Foydalanuvchilar maqolalarni tahrirlay olmaydi, faqat izoh shaklida xatolik haqida xabar berish imkoniga ega.
Ba’zi foydalanuvchilar Wikipedia va Grokipedia o‘rtasidagi ideologik farqlarga ham e’tibor qaratgan. Masalan:
Wikipedia Maskni “bahsli shaxs” deb ta’riflasa,
Grokipedia uni “texnologik taraqqiyotga ta’sir ko‘rsatgan inson” sifatida taqdim etadi.
Maskning so‘zlariga ko‘ra, bu loyiha “sun’iy intellekt va inson bilimining uyg‘unlashuvi sari navbatdagi qadam” bo‘ladi.
“Grok yaxshilangan sari, Grokipedia ham takomillashadi,” — dedi u X (sobiq Twitter) platformasida yozgan postida.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!