date

Bill Geyts: 2034-yilda odamlar haftasiga ikki kun ishlaydi

Bill Geyts: 2034-yilda odamlar haftasiga ikki kun ishlaydi

Microsoft kompaniyasi asoschisi va dunyodagi eng nufuzli tadbirkorlardan biri Bill Geyts yaqin kelajakda odamlarning ish hayoti tubdan o‘zgarishini aytdi. Uning ta’kidlashicha, 2034-yilga borib odamlar haftasiga atigi ikki kun ishlaydigan bo‘ladi, qolgan vaqtni esa shaxsiy hayot va ijodiy faoliyatga bag‘ishlay oladi. Bu haqda “as.com” xabar berdi.

Bill Geytsning fikricha, sun’iy intellektning shiddat bilan rivojlanishi mehnat bozorini butunlay qayta shakllantiradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqin o‘n yil ichida ko‘plab kasblar inson ishtirokisiz bajariladigan bo‘lib qoladi, chunki neyron tarmoqlar va avtomatlashtirilgan tizimlar juda ko‘p vazifalarni o‘z zimmasiga oladi.

Milliarder ta’kidlashicha, bu jarayon insonlar uchun xavf emas, aksincha, yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. “Kelajakda odamlar to‘liq ish vaqtini o‘tkazishga muhtoj bo‘lmaydi. Sun’iy intellekt jamiyatning ko‘plab ehtiyojlarini, jumladan tibbiyot, ta’lim va ruhiy sog‘liq sohasidagi yetishmovchilikni ham bartaraf etadi”, — dedi Geyts.

Uning fikricha, bu o‘zgarishlar natijasida kompaniyalar ishchi kuchini samaraliroq taqsimlaydi, odamlar esa o‘z vaqtidan unumli foydalanishni o‘rganadi. “Yangi davrda odamlar endi har kuni ofisga borishi shart bo‘lmaydi, chunki AI tizimlari ularning o‘rniga ko‘p narsani bajaradi”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Shu bilan birga, Geyts sun’iy intellektdan foydalanish insoniyat oldidagi global muammolarni hal etishga xizmat qilishi kerakligini ta’kidladi. “Bu texnologiya inson mehnatiga raqib emas, balki uni yengillashtiruvchi kuch bo‘lishi lozim”, — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, Bill Geyts ilgari ham o‘z boyligining katta qismini xayr-ehson ishlariga yo‘naltirish niyati borligini aytgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelgusi 20-yil ichida u deyarli barcha shaxsiy aktivlarini insoniyat farovonligi uchun sarflamoqchi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Bill Geyts: 2034-yilda odamlar haftasiga ikki kun ishlaydi