
Rossiyada ba’zi foydalanuvchilar Telegram va WhatsApp messenjerlariga ro‘yxatdan o‘tishda qiyinchilikka duch kelmoqda. Bir qator OAVlar yozishicha, yangi foydalanuvchilar Rossiya SIM-kartalari orqali ro‘yxatdan o‘tish uchun talab etiladigan SMS-kod yoki tasdiq qo‘ng‘iroqlarini qabul qilolmayapti.
“RBK” nashrining ma’lumot berishicha, bu ma’lumot tasdiqlangan — axborot xavfsizligi sohasidagi manbaga ko‘ra, cheklov davlat darajasida joriy etilgan.
Shu bilan birga, “Kod Durova” Telegram-kanali bu holatni tekshirish uchun sinov o‘tkazgan. Natijada, tasdiq kodi “Megafon” va MTS tarmoqlariga kelgan, ammo “Bilayn” abonentlariga yetib bormagani ma’lum bo‘ldi. “Bilayn” bu holat yuzasidan rasmiy izoh berishdan voz kechgan.
Hozircha cheklov qancha vaqtgacha davom etishi va uning sabablari aniq emas. Ammo ekspertlar bu holat Rossiyada axborot almashinuvini yanada nazorat ostiga olish yo‘lidagi navbatdagi qadam bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! 
  
  
  
  
  
  
  
  
  
  
  
  
  
 