
Texnologik gigant Microsoft sun’iy intellekt sohasidagi eng yangi yutuqlaridan biri — Aurora nomli innovatsion ob-havo prognozlash tizimini taqdim etdi. Bu tizim nafaqat yangicha yondashuv asosida ishlaydi, balki mavjud metodlar bilan solishtirganda aniqlik, samaradorlik va iqtisodiy jihatdan katta ustunliklarga ega.
Tenglamalar o‘rniga arxiv ma’lumotlari
Mavjud meteomodellar atmosferaning fizik tenglamalariga asoslanadi va bu jiddiy hisoblash resurslarini talab qiladi. Microsoft'ning Aurora modeli esa bunday usullardan voz kechib, faqat tarixiy ob-havo ma’lumotlari asosida o‘rgatilgan. Bu o‘z navbatida hisoblash xarajatlarini 10–100 baravargacha kamaytiradi. Shu bilan birga, prognoz aniqligi juda yuqori darajada saqlanmoqda.
10 kunlik bashoratlarda Yevropa markazidan aniqroq
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, Aurora modeli 10 kunlik prognozlarda Yevropa o‘rta muddatli ob-havo prognozlari markazini (ECMWF) 92% aniqlik bilan ortda qoldirgan. Bu esa sun’iy intellektning tabiiy jarayonlarni bashorat qilishda qay darajada samarali bo‘layotganini ko‘rsatadi.
2023 yilgi to‘fonlarni aniq taxmin qilgan
Aurora modeli 2023 yilda sodir bo‘lgan barcha katta to‘fonlarni to‘g‘ri bashorat qilgan. Jumladan, «Doksuri» tayfunining yo‘nalishi va kuchayish vaqti aniq belgilangan. Rasmiy meteomarkazlar u Tayvan sari yo‘naladi, deb taxmin qilgan paytda Aurora uning Filippinga yopirilishini oldindan bilib, prognozini bergan.
Meteotaxminda inqilob: real vaqtda, istalgan nuqtada
Pensilvaniya universiteti professori Paris Perdikarisning ta’kidlashicha, bu sun’iy intellekt birinchi marta amaldagi prognoz markazlaridan aniqroq natija bergan holat sifatida qayd etildi. Yaqin 10 yil ichida bunday II-modellar sun’iy yo‘ldoshlar va meteostansiyalarning real vaqtdagi ma’lumotlaridan foydalanishga o‘tadi. Bu esa har qanday hududda daqiq ob-havo ma’lumotlarini taqdim qilish imkonini beradi.
Tijoratda yangi bosqich
Microsoft kompaniyasi Aurora modelini tez orada tijorat maqsadlarida joriy qilishni rejalashtirmoqda. Maxsus API'lar va integratsiya imkoniyatlari orqali u logistika, aviatsiya, agrar sektor, energetika va boshqa sohalar uchun ishonchli prognozlar bazasi bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.
Zamin.uz tahririyati ob-havo texnologiyalaridagi eng so‘nggi o‘zgarishlarni kuzatishda davom etadi. Siz bunday modellarning joriy etilishini qanday baholaysiz? Bizning kelajakdagi hayot tarzimizga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkin? “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar