Inson miyasi qanday qilib tartibsizlikdan mukammal tizimga aylanadi

Uzoq vaqt davomida olimlar miyaning murakkab tuzilishi tug‘ma xususiyatmi yoki hayotiy tajriba mahsulimi degan savol ustida bahslashib kelishgan. Professor Peter Jonas boshchiligidagi tadqiqot guruhi xotira arxitekturasi tug‘ma sovg‘a emas, balki nozik sozlash va optimallashtirish natijasi ekanligini isbotladi. Olimlar ushbu jarayonni o‘rganish uchun neyrofiziologiyadagi eng murakkab usullardan biri — multicellular patch-clamp texnologiyasidan foydalanishdi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Tadqiqotchi Victor Vargas-Barroso miyaning CA3 gippokamp sohasidagi sakkizta tirik neyronni bir vaqtning o‘zida kuzatib, mikro-tarmoq ichidagi «dialog»ni tahlil qildi. Tajribalar shuni ko‘rsatdiki, chaqaloqlarda miya «toza varaq» emas, aksincha, ortiqcha va tartibsiz aloqalar bilan «yuklangan» bo‘ladi. Dastlab neyronlar har qanday zaif signalga javob beradi, ammo vaqt o‘tishi bilan tizim «pruning» (qirqish) jarayonidan o‘tadi.
Voyaga yetgan miya ancha tanlovchan bo‘lib qoladi: neyronni faollashtirish uchun endi bitta tasodifiy impuls emas, balki bir nechta manbadan keladigan sinxron signal talab etiladi. Aynan shu «kattalar» tuzilmasi miyaga xotiraning to‘liqsiz qismlarini tiklash va murakkab obrazlarni tanib olish imkonini beradi. Matematik modellar shuni tasdiqladiki, zich tartibsizlikdan siyrak tuzilmaga o‘tish ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash sifatini keskin oshiradi.
Ushbu kashfiyot miya shunchaki hajm jihatidan o‘sib qolmay, balki tashqi dunyo ta’sirida o‘zining mantiqiy sxemasini faol ravishda qayta qurishini ko‘rsatadi. Tadqiqot xotira bilan bog‘liq neyro-holatlar va yoshga bog‘liq o‘zgarishlarni tushunishda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Endilikda olimlar «to‘g‘ri» xotira neyronlar to‘planishi emas, balki ichki aloqalarning nozik sayqal topishi natijasi ekanligini aniq bilishadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!