NVIDIA protsessorlari Xitoyga kontrabanda yoʻli bilan yetkazilgan

Tailandning sunʼiy intellekt boʻyicha milliy tashabbusi bilan bogʻliq kompaniya Xitoyga Super Micro Computer serverlari va zamonaviy NVIDIA grafik protsessorlarini noqonuniy olib kirishda gumon qilinmoqda. Bloomberg agentligining xabar berishicha, ushbu sxema orqali yetkazib berilgan texnologiyalardan Alibaba Group Holding ham foydalangan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
AQSH prokuraturasi maʼlumotlariga koʻra, Super Micro Computer asoschilaridan biri Janubi-Sharqiy Osiyodagi nomaʼlum firmaga NVIDIA chiplari oʻrnatilgan serverlarni xarid qilish boʻyicha topshiriq bergan. 2024 va 2025-yillar davomida ushbu firma 2,5 milliard dollarlik serverlarni sotib olgan.
Tergov jarayonida prokuratura tomonidan "Kompaniya-1" deb atalgan firma aslida Bangkokda joylashgan OBON Corp kompaniyasi ekanligi aniqlandi. Ushbu holat AQSHning Xitoyga nisbatan joriy etgan texnologik eksport cheklovlarini chetlab oʻtishga urinish sifatida baholanmoqda.
Hozirda tegishli idoralar ushbu noqonuniy savdo zanjirini oʻrganmoqda. NVIDIA kompaniyasi oʻz mahsulotlarining eksport nazorati qoidalariga rioya etilishini taʼminlash boʻyicha choralar koʻrayotganini bildirgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!