xAI kompaniyasi Grok Computer tizimini taqdim etdi

Elon Musk asos solgan xAI kompaniyasi o‘zining sun’iy intellekt tizimi Grok uchun yangi imkoniyatlarni taqdim etdi. Grok Computer deb nomlangan ushbu yangilanish shunchaki chat-bot darajasidan chiqib, kompyuter fayl tizimi va buyruqlar qatori bilan bevosita ishlash imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Yangi tizim fayllarni o‘qish, tahrirlash, yaratish va saralash, shuningdek, turli dasturiy paketlarni o‘rnatish hamda skriptlarni ishga tushirish kabi vazifalarni mustaqil bajara oladi. Grok Computer katta hajmdagi kodlar bazasini qayta ishlash, xatolarni tahlil qilish va ularni real vaqt rejimida tuzatish qobiliyatiga ega.
Foydalanuvchilar endilikda sun’iy intellektga avtomatlashtirish skriptlari yoki murakkab ilovalarni yaratishni topshirishlari mumkin. Tizim nafaqat kod yozadi, balki natijani mustaqil testdan o‘tkazib, xatolarni bartaraf etadi. Shuningdek, tizimga integratsiya qilingan tasvir yaratish funksiyasi diagrammalar va vizual kontentni to‘g‘ridan-to‘g‘ri fayl tizimiga saqlash imkonini beradi.
Eslatib o‘tamiz, yaqinda xAI kompaniyasi o‘z faoliyatini SpaceX tarkibida davom ettirishi va SpaceXAI nomi ostida birlashishi ma’lum qilingandi. Shuningdek, Grok 4.3 modelining yakuniy versiyasi va Grok Imagine Quality Mode tasvir yaratish rejimi ham foydalanuvchilar uchun taqdim etildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!