Xiaomi Mijia Smart Dishwasher Pro 18 komplektli idish yuvish mashinasini chiqardi

Xiaomi kompaniyasi oʻzining maishiy texnika assortimentini yangi Mijia Smart Dishwasher Pro Embedded 18 Sets oʻrnatiladigan idish yuvish mashinasi bilan kengaytirdi. Yangi mahsulot Xitoy bozorida 6400 yuan (taxminan 940 dollar) narxida sotuvga chiqarildi. Qurilma kumush va oq ranglarda taqdim etilgan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Ushbu model bir vaqtning oʻzida 18 ta komplekt yoki 130 tagacha idishni yuvish imkoniyatiga ega. Qurilma uchta purkagichli tizim va suvning vorteksli oqimi bilan jihozlangan boʻlib, bu yuvish sifatini sezilarli darajada oshiradi. Shuningdek, idishlarni 59 daqiqa ichida yuvib, quritib beradigan tezkor rejim ham mavjud.
Texnikaning ichki qismida 450 millilitrli yuvish vositasi uchun moʻljallangan rezervuar mavjud boʻlib, u taxminan uch haftalik foydalanish uchun yetarli. Ishlab chiqaruvchining taʼkidlashicha, qurilma 99,99 foiz darajasida sterilizatsiya qilish qobiliyatiga ega.
Qurilma polga ish jarayoni holatini aks ettiruvchi proyeksiyani uzatadi. Mijia ekotizimidagi boshqa koʻplab mahsulotlar singari, ushbu idish yuvish mashinasini ham smartfon orqali masofadan turib boshqarish mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!