Eclipse kompaniyasining 2,5 milliard dollarlik muvaffaqiyati

Lior Susan 2015-yilda Eclipse Ventures kompaniyasiga asos solganida, jismoniy dunyoni raqamlashtirish gʻoyasi Silikon vodiysida unchalik ommabop emas edi. Oʻsha davrda SaaS va korporativ dasturiy taʼminot ustunlik qilgan boʻlsa-da, Susan oʻz qarashlariga sodiq qoldi. Bugungi kunda esa Eclipse texnologiya olamining markazida turibdi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Kompaniyaning Cerebras Systems loyihasiga kiritgan 147 million dollarlik sarmoyasi oʻz samarasini berdi. Cerebras kompaniyasining IPO jarayonidan soʻng, Eclipse 2,5 milliard dollarlik daromadga ega boʻldi. Bu muvaffaqiyat Susan uchun shunchaki boshlanish boʻlib, u global YaIMning 85 foizi jismoniy dunyo bilan bogʻliq ekanligini va aynan shu sohalarga investitsiya kiritish foydaliroq ekanligini taʼkidlaydi.
Hozirgi kunda bozor ishtirokchilari va startap asoschilari apparat va dasturiy taʼminot uygʻunligidagi texnologiyalarga katta qiziqish bildirmoqda. Susan dasturiy taʼminotdagi raqobat ustunligi pasayib borayotganini, chunki OpenAI yoki Anthropic kabi kompaniyalarning modellari yordamida kod yozish osonlashganini qayd etdi. Biroq, yarimoʻtkazgichlar va murakkab ishlab chiqarish jarayonlarini sunʼiy intellekt yordamida shunchaki “vibe code” bilan almashtirib boʻlmaydi.
Eclipse portfelidagi robototexnika, energetika va mudofaa sohasidagi kompaniyalar oʻtgan yili qariyb 15 milliard dollar sarmoya jalb qildi. Bu koʻrsatkich kompaniyaning dastlabki yillardagi natijalaridan keskin farq qiladi va jismoniy dunyo texnologiyalariga boʻlgan talabning ortib borayotganini koʻrsatadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!