18:53 / 25.10.2020
3 015

O‘zbekistonda PayPal tizimiga ruxsat berilishi mumkin

O‘zbekistonda PayPal tizimiga ruxsat berilishi mumkin
Markaziy bank hozirda PayPal bilan muzokaralarga kirishgan, O‘zbekistonda tizimga ruxsat berilishi va raqobatchi sifatida mamlakatning o‘z pul o‘tkazish tizimi joriy qilinishi mumkin.

Bu haqda 24 oktabr kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov IT-parkda jurnalist va blogerlar bilan tashkil etilgan uchrashuvda ma’lum qildi.

Vazir frilanserlar va aholiga qulaylik yaratish maqsadida PayPal xalqaro to‘lov tizimini O‘zbekistonda ham ishga tushirish haqida jurnalistlar tomonidan berilgan savolga qisqacha javob bergan.

«Bu faqat bizning vazirlik doirasidagi ish emas, bu Markaziy bank vakolatidagi masala. Bu idoralararo kelishuv asosida hal qilinadi. Masalaning boshqa taraflari, ya’ni PayPal to‘lov tizimining davlatlarga qo‘yadigan shartlari va Markaziy bankdan talab qilinadigan mas’uliyatlar ham bor», – deydi vazir.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilda PayPal nima sababdan O‘zbekistonda ishlay olmasligi, mamlakat qonunchiligi jismoniy shaxslarga pullarni xorijiy valyutada saqlashga ruxsat bermasligi, elektron hamyonlar esa xorijdagi hisob raqamlarga tenglashtirilishi haqida ma’lumot berilgandi. 2019 yilning oktabrida esa qonunchilikka o‘zgartirish kiritilib, o‘zbekistonliklarga xorijda hisob raqam ochishga ruxsat berildi. Biroq hamon O‘zbekiston PayPal’ga ulanmagan Markaziy Osiyodagi yagona davlat bo‘lib qolmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » O‘zbekistonda PayPal tizimiga ruxsat berilishi mumkin