
Sog‘lom tishlar nafaqat chiroyli tabassum, balki ichki a’zolar faoliyati uchun ham muhim ekanini ko‘rsatuvchi ilmiy dalillar yana bir bor isbotlandi. Janubiy Koreyaning Chonnam universiteti olimlari olib borgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, og‘izdagi tishlar soni kamaygan sari, insonda surunkali buyrak yetishmovchiligi rivojlanish ehtimoli ham ortadi.
Tadqiqot doirasida 40 yoshdan oshgan 16 125 nafar kishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar tahlil qilindi. Ushbu ishtirokchilar Koreya Milliy salomatlik va ovqatlanish dasturi orqali kuzatuvda bo‘lgan. Olib borilgan tahlillar shuni ko‘rsatdiki, 20 tishdan kam tishi bor insonlarda buyrak muammolari ancha ko‘p uchragan.
Qizig‘i shundaki, natijalarga insonlarning yoshi, jinsi, daromad darajasi, zararli odatlari va boshqa sog‘liq omillari ta’sir ko‘rsatmagan — bog‘liqlik baribir saqlangan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, og‘izdagi tish yetishmovchiligi buyrakdagi surunkali muammolar yuzaga kelish xavfini 30 foizgacha oshirar ekan.
Mutaxassislar bu natijalarga tayanib, endilikda buyrak kasalliklarining oldini olish va davolashda tish parvarishi masalasiga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidlamoqda.
Shunday ekan, oddiy tish tozalash va stomatologga o‘z vaqtida murojaat qilish nafaqat og‘izni, balki butun organizim salomatligini saqlashga yordam beradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!