date

Bolalar uchun gadjetdan foydalanish qoidalari e’lon qilindi

Bolalar uchun gadjetdan foydalanish qoidalari e’lon qilindi

Zamonaviy texnologiyalar davrida bolalarning elektron qurilmalarga qiziqishi tobora ortib bormoqda. Ammo bu holat ko‘z salomatligi va umumiy sog‘lom rivojlanish uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Shu munosabat bilan Sanepidqo‘mita bolalar va o‘smirlar uchun gadjetdan foydalanishning aniq qoidalarini belgiladi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, planshet yoki monitor bilan ishlaganda kamida 70 santimetr masofa saqlanishi kerak. Bundan tashqari, o‘qish va o‘yin joylari tabiiy yorug‘lik bilan yetarlicha ta’minlangan bo‘lishi lozim. Yorug‘likning to‘g‘ri taqsimlanishi ko‘z charchog‘ini kamaytiradi va diqqatni yaxshilaydi.

Ko‘z sog‘ligini saqlashda faqat vaqt emas, balki faol tanaffus ham muhim ahamiyatga ega. Shu bois bolalarga muntazam ravishda ko‘z gimnastikasi bajarish tavsiya etilmoqda. Bu ko‘rish qobiliyatini mustahkamlaydi va ekranga qarashdan keladigan charchoqni yengillashtiradi.

Sanepidqo‘mita tavsiyalariga ko‘ra, yoshga mos foydalanish vaqti quyidagicha belgilangan:

– 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun elektron qurilmalardan foydalanish umuman tavsiya etilmaydi;

– 1–4-sinf o‘quvchilari dars paytida 10–20 daqiqa mobil yoki planshetdan foydalanishi mumkin;

– 5–11-sinf o‘quvchilari uchun bu vaqt 15–35 daqiqagacha cheklangan;

– Uy va maktabdagi umumiy foydalanish vaqti sinf darajasiga qarab 80–170 daqiqa oralig‘ida bo‘lishi lozim.

Mazkur talablar bolalarda elektron qurilmalarga bog‘liqlikning oldini olish, ko‘z charchog‘ini kamaytirish va sog‘lom foydalanish madaniyatini shakllantirishni ko‘zlaydi.

Muttaxassislar ota-onalarni bolalar ekran oldida o‘tkazayotgan vaqtni nazorat qilishga va ularni harakatli faoliyat, tabiatda sayr hamda kitob o‘qishga rag‘batlantirishga chaqirdi.

Shu orqali, Sanepidqo‘mita ta’kidlaganidek, bolalarning ko‘z salomatligini himoya qilish va texnologiyadan foydalanishda sog‘lom muvozanatni saqlash mumkin bo‘ladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Bolalar uchun gadjetdan foydalanish qoidalari e’lon qilindi