
Tayvanlik olimlar soch to‘kilishiga qarshi tabiiy suyuq dori ishlab chiqishdi. Tajriba hayvonlar ustida sinovdan o‘tkazilgan — atigi 20 kun ichida to‘liq kal bo‘lib qolgan xomyaklarda soch va tuklar qayta o‘sa boshlagan.
Tadqiqotchilarning aytishicha, bu suyuqlik tarkibidagi yog‘ kislotalari soch ildizlarini faollashtiradi, qon aylanishini yaxshilaydi va terini bezovta qilmaydi. Eng muhimi, u sun’iy kimyoviy moddalarni o‘z ichiga olmaydi, shu bois xavfsiz vosita sifatida baholanmoqda.
Tajriba natijalari olimlarning o‘zlarini ham hayratga solgan. Ularning fikricha, bu dori soch to‘kilishiga qarshi tabiiy yechim izlayotganlar uchun yangi umid bo‘lishi mumkin.
Yaqin kunlarda ushbu vosita insonlar ustida ham klinik sinovlardan o‘tkaziladi. Agar natija xuddi shunday ijobiy bo‘lsa, bu kallikka qarshi kurash tarixida eng muhim yutuqlardan biri sifatida qayd etiladi.
Ekspertlar soch to‘kilishi muammosi dunyo bo‘yicha millionlab odamlarni qiynayotganini, ayniqsa stress va genetik omillar sababli yoshlar orasida ham bu holat keng tarqalayotganini ta’kidlashmoqda. Shuning uchun, yangi dori sog‘lom va tabiiy tiklanish mexanizmini ishga tushirishi bilan ajralib turadi.
Olimlarning o‘zi bu yutuqni “tabiat va texnologiya uyg‘unligining isboti” deb atashdi. Ularning fikricha, bu tadqiqot inson tanasining o‘zini tiklash salohiyatini yanada chuqurroq o‘rganishga yo‘l ochadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!