date

Jarrohliksiz saratonni davolasa bo‘ladimi?

Jarrohliksiz saratonni davolasa bo‘ladimi?
Ultratovush texnologiyasi ilgari faqat inson tanasini ichkaridan ko‘rish uchun ishlatilgan bo‘lsa, endilikda u saraton kasalligini davolashda ham qo‘llanilmoqda. AQShning Michigan universiteti olimasi Jen Xu “histotripsiya” deb ataluvchi yangi usulni yaratdi. Bu texnologiya yuqori chastotali tovush to‘lqinlari yordamida o‘smalarni kesmasdan, mexanik tarzda parchalash imkonini beradi.

Histotripsiya 2023-yilda AQShda jigar o‘smalarini davolash uchun ruxsat oldi. Tadqiqotlarda bu usul 95 foiz hollarda muvaffaqiyatli natija bergan. Jarayon tanaga issiqlik ta’siri ko‘rsatmaydi, qon ketish yoki og‘riq deyarli kuzatilmaydi. Eng qulay tomoni – bemorlar operatsiyadan keyin o‘sha kunning o‘zida uyiga qayta oladi.

Davolash jarayonida tovush to‘lqinlari o‘smaga yo‘naltiriladi. Ular mikrosekundlar ichida mayda pufakchalar hosil qiladi, bu pufakchalar portlab, o‘smalarni parchalab yuboradi. Shundan so‘ng tananing immun tizimi bu zararlangan hujayralarni tabiiy yo‘l bilan yo‘q qiladi. Jarayon bir necha soat davom etadi va asosan bir marta bajarishning o‘zi kifoya.

Shunga qaramay, histotripsiyaning ayrim cheklovlari bor. Masalan, suyak yoki havo to‘lqinlarning o‘tishiga to‘sqinlik qilgani uchun, bu usul o‘pka yoki suyakdagi o‘smalarda ishlamaydi. Uzoq muddatli natijalar hali to‘liq o‘rganilmagan bo‘lsa-da, olimlar uni buyrak va oshqozon osti bezi o‘smalarini davolashda ham sinab ko‘rmoqda.

Mutaxassislarning fikricha, ultratovush orqali davolash usullari kelajakda saratonni og‘riqsiz va xavfsiz yo‘l bilan davolash imkonini beradi. Yangi texnologiyalar bemorlar uchun umidli va kamroq zararli davolanish yo‘lini taklif qilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Jarrohliksiz saratonni davolasa bo‘ladimi?