Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va bevosita topshirig‘i asosida mamlakatimizda ilk bor dunyo tibbiyotida eng murakkab va nozik amaliyot hisoblangan organlar transplantatsiyasi bo‘yicha zamonaviy operatsiyalar amalga oshira boshlandi, deb xabar qilmoqda Kun.uz Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmatiga iqtibos keltirgan holda.
O‘tgan yildan e’tiboran Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida buyrak ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha operatsiyalar muvaffaqiyatli bajarib kelinayotgan bo‘lsa, yaqinda ushbu markazda mamlakatimiz tibbiyoti tarixida birinchi marta jigarni ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasi bajarildi.
Respublika Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish institutida yana bir noyob amaliyotga qo‘l urildi. Institut olimlari jahon tibbiyotining ilg‘or yo‘nalishi – o‘zak hujayra transplantatsiyasini o‘zlashtirib, hozirda uni muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘ydi. 2017 yilda institutda besh nafar og‘ir qon kasalligi bilan xastalangan bemorga shu yo‘nalishda tibbiy yordam ko‘rsatildi va ular sog‘lom hayotga qaytmoqda.
Transplantologiya tibbiyotning eng murakkab, o‘ta mas’uliyatli va ayni paytda, ehtiyoj ortib borayotgan yo‘nalishlaridan biri sanaladi. Sir emas, ilgari zarurat tufayli ayrim bemorlar chet davlatlarga borib, 40 mingdan 150-200 ming AQSH dollarigacha bo‘lgan narxlarda bunday jarrohlik amaliyotini o‘tkazishga majbur bo‘layotgan edi. Mana, endi shunday murakkab va noyob operatsiyalar yurtimizdagi tibbiyot markazlarida ham muvaffaqiyatli o‘tkazilmoqda.
O‘zak hujayra transplantatsiyasini amalga oshirish uchun eng avvalo yuqori texnologiyali diagnostika-tahlil laboratoriya usullari va yuqori sezgirlikka ega reagentlar kerak. Zero, kasallikni aniqlash uchun xromosoma va gen darajasida tahlillar o‘tkazilishi zarur. Bu jarayon uch bosqichda o‘tkaziladi. Ya’ni, sitogenetik, molekulyar-genetik, hujayrani immunofenotip tahlil qilish talab etiladi. Shunisi e’tiborliki, Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish instituti klinikasining molekulyar tibbiyot va hujayralar texnologiyasi bo‘limi bu borada qo‘llaniladigan eng so‘nggi texnologiyalar bilan jihozlangan.
Hozirgi kunda institutda yangi texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish maqsadida gemopoetik o‘zak hujayralarini davolash markazi tashkil etilgan. Ushbu yangicha davolash uslubini chuqur o‘zlashtirish maqsadida Turkiya, Germaniya, Rossiya, Chexiya, AQSH kabi mamlakatlarda 35 nafarga yaqin mutaxassislar, jumladan, gematolog vrachlar, laborantlar va hamshiralar malaka oshirib keldi.
Aytish joizki, o‘zak hujayrani ko‘chirib o‘tkazish bilan bog‘liq murakkab amaliyotga muhtoj bemorlar sog‘lig‘ini tiklash uchun shifoxonada yaratilgan sharoit ham nihoyatda muhimdir. Gemopoetik hujayralarni davolash markazidagi muolaja xonalari eng so‘nggi texnologiyalar bilan jihozlangani bu borada muhim ahamiyat kasb etayotir. Ya’ni, muolaja xonalari Fransiyadan olib kelingan uch bosqichda palata havosini sterillash, tozalash funksiyasini bajaradigan maxsus ventilyatsiya sistemasi bilan jihozlangan. Chunki, qon kasalligi tufayli transplantalogiya amaliyotiga muhtoj bemorning immuniteti nihoyatda zaif bo‘ladi. Bunday bemorlar uchun avvalo steril muhit yaratish muolajalarning asosiy qismi hisoblanadi. Markazda shunday sharoitlarning mavjudligi muolajalarni yuksak saviyada o‘tkazishga imkon yaratmoqda.
Jahon tibbiyotida o‘zak hujayrani ko‘chirib o‘tkazishning ikkita turi keng qo‘llaniladi. Birinchisi bemorning o‘zidan sog‘lom o‘zak hujayralarni ko‘chirib o‘tkazish. Bu amaliyot limfoma va miyeloma kasalliklarida qo‘llaniladi. Chunki, bu kasalliklarda insonning asosiy o‘zak hujayrasi sog‘lom bo‘ladi va uning bemorga qaytadan ko‘chirib o‘tkazish yordamida muolajalarni o‘tkazish mumkin. Hozirgi kunda mamlakatimiz tibbiyotida bu usuldan samarali foydalanilmoqda. Yuqorida qayd etilganidek, o‘tgan yili besh nafar bemor shu usul bilan shifo topdi.
Biroq, o‘tkir leykoz (oqqon) kasalligida bemorning asosiy o‘zak hujayrasi ham kasallangan bo‘ladi va bunday vaziyatda donor ko‘magiga ehtiyoj tug‘iladi. Mamlakatimiz olimlari hozirgi kunda jahon tibbiyotining bu usulini ham chuqur o‘zlashtirib, amaliyotga tatbiq etishga tayyor holda turibdi.
O‘tkir leykoz kasalligida o‘zak hujayra transplantatsiyasida bemor uchun eng avvalo uning tug‘ishgan aka-uka, opa-singillari asosiy donor bo‘la oladi. Shuningdek, boshqa insonlar ham agar bemorga o‘zak hujayrasining HLA-antigen tizimi mos tushsa, donor bo‘lishi mumkin. Kelgusida, bunday donorlik ko‘magiga ehtiyojni to‘liq qoplash maqsadida o‘zak hujayralar bankini tashkil etish ko‘zda tutilgan. “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi