Jambuldagi fojia: qurbonlarning barchasi O‘zbekiston fuqarolari emas

  • 20 aprel 2019, 16:00
  • 1 178
  • Dunyo
  • Jambuldagi fojia: qurbonlarning barchasi O‘zbekiston fuqarolari emas
    Jambul oblastining Qorday tumani hududida, «Olmaota-Toshkent» avtoyo‘lining 181-kilometrida yo‘lovchi avtobus ag‘darilib ketishi oqibatida halok bo‘lganlar va jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolaridan tashqari, Qozog‘iston va Tojikiston fuqarolari ham bor. Bu haqda Qozog‘iston IIV matbuot xizmatiga asoslangan holda Tengrinews xabar tarqatdi deb yozadi Kun.uz.

    «Yo‘l-transport hodisasi oqibatida halok bo‘lganlarning 7 nafari Qozog‘iston, 3 nafari O‘zbekiston fuqarosi, yana bir kishining shaxsi aniqlanmadi. Jabrlangan holda shifoxonaga yotqizilganlar orasida esa Qozog‘iston, O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari bor», deyilgan xabarda.

    20 aprel kuni tongda, mahalliy vaqt bilan soat 05:09da Qozog‘iston janubidagi Jambul oblasti Qorday tumani hududida, «Olmaota—Toshkent» trassasining 181-kilometrida Van Hool rusumli yo‘lovchi avtobusi ishtirokida yo‘l-transport hodisasi yuz berdi. Avtobusdan oldinda ketayotgan Toyota Camry avtomobili yuk mashinasi bilan to‘qnashgach, haydovchisi to‘qnashuvdan qochishga uringan va avtobus ag‘darilib ketgan.

    Hodisa joyida 8 kishi halok bo‘lgan, 32 kishi turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga olib borilgan, keyinroq ularning 3 nafari vafot etgan.

    Dastlab, O‘zbekiston TIV Jambuldagi YTH oqibatida halok bo‘lganlar O‘zbekiston fuqarolari ekanini tasdiqlovchi axborot yo‘qligi, jarohatlanganlarning 7 nafari o‘zbekistonliklar ekani haqida xabar bergandi.

    Keyinroq Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev tvitterdagi rasmiy sahifasida Jambuldagi fojia haqida xabar qoldirib, bu YTH oqibatida O‘zbekistonning 11 nafar fuqarosi halok bo‘lganini bildirgandi.

    Keyinroq u tvitini o‘chirib tashladi va sahifasiga voqea bo‘yicha boshqa tvit joylashtirdi.

    «Qordaydagi trassada ro‘y bergan yirik YTH oqibatida 11 kishi halok bo‘ldi, ular orasida O‘zbekiston fuqarolari ham bor. Shuningdek, ko‘plab kishilar jarohatlangan. Ularning yaqinlariga hamdardlik bildiraman. O‘zbekiston Prezidentiga telegramma yo‘lladim. Yo‘llarimizdagi vaziyat xavotirli, bu haqda IIVdagi yig‘ilishda ham gapirgandim. Hukumatga kechiktirib bo‘lmas choralarni ko‘rish haqida topshiriq berdim!».

    Hozircha O‘zbekiston TIV Jambuldagi hodisa tafsilotlari bo‘yicha keyingi xabarni bermadi.
    Ayni vaqtda O‘zbekistonning 7 nafar fuqarosi tan jarohatlari bilan O‘tror va Qordaydagi shifoxonalarga yotqizilgan.

    O‘trordagi shifoxonaga yotqizilganlar:
    Marhamat Jumaniyozova, 1996 yilda tug‘ilgan, Xiva shahridan;
    Rohila Ahmetova, 1994 yilda tug‘ilgan;
    Shodlik Maqsudovich Jabborov, Xiva shahridan;
    Otabek Abdullayevich Matjonov, 1985 yilda tug‘ilgan, Qoraqalpog‘istondan;
    Sardor Anorboy o‘g‘li Haydarov, 1994 yilda tug‘ilgan.

    Qordaydagi shifoxonaga yotqizilganlar:
    Islomiddinov Abuxattar o‘g‘li, 1997 yilda tug‘ilgan;
    Zovodbek Muhammadjonov, 1999 yilda tug‘ilgan.

    Фикрлар

    » » Jambuldagi fojia: qurbonlarning barchasi O‘zbekiston fuqarolari emas