18:30 / 20.09.2019
3 566

Rim hazorasi (sivilizatsiyasi) qanday edi?

Rim hazorasi (sivilizatsiyasi) qanday edi?
Rim tabobati
Rimliklar tibbiyotni yunonlardan o‘rgangan bo‘lsalar-da, keyinchalik ulardan o‘zib ketishadi. Rim atrofida botqoqliklar ko‘p ekani, boz ustiga aholi maishatparast bo‘lgani uchun kasallik darajasi yuqori edi. Avvaliga kasalliklarga afsungarlik bilan kurashib ko‘rishgan, but-sanamlarga qurbonliklar qilib shifo so‘rashardi. Bundan natija bo‘lavermagach (bo‘lmaydiyam-da) amaliy harakatlar boshlandi.

Imperator Vespasian davrida o‘quv dargohlarida tibbiyot fakultetlari ochilib, malakali tabiblar dars bera boshladi. Darslar yunon tilida o‘tilar, dorilar nomi lotin tilida yozilardi. Oliygoh bitiruvchilari “Jumhuriya tabiblari” deb nomlanardi. Bitiruvchilar qonuniy tabib hisoblanib, faoliyat boshlashi mumkin edi.

Tibbiyot davlat nazoratida bo‘lib, noto‘g‘ri davolash oqibatida bemorning o‘limiga sababchi bo‘lgan tabiblar qattiq jazolanardi. Shu tariqa malakali tabiblar soni ortib bordi (Uilyam Dyuyurant. “Qissatul xazora”).

Milodiy 100 yilda harbiy tibbiyot cho‘qqiga chiqdi. Imperiya qo‘shinining har bir bo‘linmasida 24 nafar jarroh xizmat qilardi. Zodagonlarning shaxsiy tabiblari bo‘lib, kambag‘allarning tibbiy ta’minoti davlat zimmasida edi.

Tibbiyot sohasi shunday taraqqiy etdiki, har bir kasallik bo‘yicha mutaxassislar yetarli bo‘lgan. Manbalarda kelishicha, Rimda tishga plomba qo‘yish imkoniyati ham bo‘lgan. Oliy tabaqaga mansub xonimlar orasida homilani oldirish (abort) keng tarqalgan, narkoz uchun “atropin”dan foydalanishgan. Pompey shahri xarobalaridan ikki yuzga yaqin jarrohlik asboblari topilgani ko‘p narsalar haqida dalolat beradi.

Suvi iliq buloqlar bilan davolash urf bo‘lgan edi. Bunday buloqlar mavjud mintaqalar chinakam sanatoriyaga aylanib ketgandi. Silga chalinganlar Misr va Shimoliy Afrikaga yuborilgan. Oltingugurt teri va yuqumli kasalliklarga qarshi qo‘llanilgan. Dorishunoslar kamyob dorilar sirini hech kimga aytmagan, natijada mo‘maygina daromad qilishgan (Uilyam Dyurant. “Qissatul xazora”).

O‘sha davrlarda Rimda tibbiyot fani bo‘yicha mashhur bittagina kotib bor edi: Avl Korneyl Se’s. Uning o‘zi tabib emasdi asli. U milodiy elliginchi yillarda dehqonchilik, harbiy yurishlar, falsafa, qonunchilik, tibbiyot kabi barcha fanlarni o‘z ichiga olgan kitob yozadi. Kitobning asosiy qismi bizgacha yetib kelmagan. Faqatgina tibbiyotga oid qismi mavjud. Kitobning e’tiborga molik tomoni shundaki, unda Gippokrat bilan Galen orasidagi olti yillik vaqt orasida tibbiyot qay darajada bo‘lgani bayon qilingan. Kitob sof lotin tilida yozilgan bo‘lib, undagi atamalar bugungi kungacha qo‘llanib kelinadi (Uilyam Dyurant. “Qissatul xazora”).

Rimda geometriya
Rim imperiyasida yo‘lsozlik, obodonchilik ishlari yaxshi rivojlangan edi. Kemalar shaharga yaqinroq kelishi uchun kanallar qazilgan, shahar toza ichimlik suvi bilan ta’minlangandi. Dengiz sohili devor bilan o‘ralgan bo‘lib, og‘ir toshlar va boshqa qurilish mollari uzoqdan keltirilardi.

Imperator Klavdiy (milodiy 41 – 54 y.y.), Neron, Troyan davrlarida qator shaharlarda bir necha portlar barpo qilindi, tog‘larni kesib qasrlar qurildi.

Yo‘llarning eni o‘n olti qadamdan yigirma to‘rt qadamgacha bo‘lib, chetiga har xil toshlardan to‘siqlar qilinardi. O‘sha davrlardayoq Rimliklar sementdan foydalanishgan. Imoratlariga pishiq g‘ishtlar ishlatgan, toshlar chiroyli qilib terilgan. Zodagonlar hashamatli qasrlarda istiqomat qilishardi.

Rim ko‘priklari o‘sha davr ilm-fani qanchalar gullab-yashnaganiga dalolat qiladi. Tibr daryosi ustiga to‘qqizta ko‘prik qurilgan. O‘sha ko‘priklardan biri Fabriyusdan hozir ham foydalaniladi. Bu ko‘prik dunyodagi eng qadimiysi bo‘lib, u milodiy 62 yilda barpo etilgan.

"Islom va olam" kitobidan

Manba: Azon.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rim hazorasi (sivilizatsiyasi) qanday edi?