15:00 / 18.01.2020
3 470

Davlat xizmatida “Ustoz-shogird” instituti: xorijiy mamlakatlar tajribasi

Davlat xizmatida “Ustoz-shogird” instituti: xorijiy mamlakatlar tajribasi
Ustoz-shogirdlik an’analari qadimdan rivojlanib kelgan, ayniqsa ilm-fan, adabiyot va san’at, hunarmadchilik, me’morlik, tibbiyot kabi sohalarda ustoz-shogirdlik munosabatlari umuminsoniy qadriyatlariga aylanib ketgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3 oktabrdagi PF-5843-son Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosatini va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirishga oid birinchi navbatdagi chora-tadbirlar Dasturi” da yosh kadrlar uchun davlat organlari va tashkilotlaridagi tajribali rahbarlar va mutaxassislar tomonidan ustozlik institutini joriy qilish belgilangan.

Bugungi kunda ham ustoz-shogirdlik an’analari ko‘plab mehnat jamoalarida, shu jumladan, davlat idoralarida qo‘llanib keladi. Biroq, hozirgi vaqtda kadrlar siyosatida olib borilayotgan islohatlar ustozlikni rasmiy va professional tartibda amalga oshirishni talab qiladi.

Ko‘plab mamlakatlarda tajribali mutaxassisislarning yosh xodimlarga ustoz sifatida tayinlanishiga alohida e’tibor beriladi. Bu holda yosh xodimlar o‘z kasbiy mahoratini xizmat faoliyatidan uzilmagan holda, hamkasblari bilan bevosita aloqa jarayonida egallash va mustahkamlash imkoniga ega bo‘ladi. Tajribali va yetakchi mutaxassislarning ustozligi yosh xodimlarning kasbiy iqtidorini rivojlanishiga, xizmat vaziflariga ma’suliyat bilan yondashish va ularni mustaqil hal qilish ko‘nikmalarini oshishiga xizmat qiladi.

Xorijiy mamlakatlar tajribasiga nazar
Buyuk Britaniya davlat xizmatida ustozlik amaliyotiga tajribali xodim hali yetarli tajribaga ega bo‘lmagan xodimning kasbiy jihatdan rivojlanishiga ma’sul bo‘lgan jarayon sifatida qaraladi. Ustozlik jarayoni maxsus internet portallarga joylashtirilgan dasturlar va uslubiy qo‘llanmalar vositasida tashkil etiladi. Deyarli barcha vazirlik va idoralarda ustozlikni joriy etish borasidagi o‘z ma’lumotlar bazasi yaratilgan. Mazkur jarayonda zamonaviy axborot texnologiyalari va interaktiv o‘quv usullaridan keng foydalaniladi.

Avstraliyada ustozlikni tashkil etishning uchta asosiy dasturlari farqlanadi:
- lavozimga birinchi marta tayinlangan xizmatchilar uchun;
- mavjud va bo‘lajak rahbarlar uchun;
- ma’muriy–tarbiya strategiyasi sifatidagi ustozlik dasturlari.

Ustozlikni amalga oshirishda tegishli axborot–uslubiy qo‘llanma va tavsiyalardan, ustozlar va yosh xodimlar uchun treninglar o‘tkazish, masofadan turib va elektron shaklda o‘rgatishni tashkil etish singari usullardan faol foydalaniladi.

AQSHda ustozlik dasturlari individual xususiyatda bo‘lib, yangi xodimning o‘z vazifalari doirasini qanchalik mustaqil o‘zlashtirishiga ko‘proq urg‘u beriladi.

Yaponiya davlat idoralarida yosh mutaxassislarni moslashtirish va ustozlik dasturlarini ishlab chiqishda korporativ ruhni tarbiyalashga (kelib qo‘shilgan idora qadriyatlarini qabul qilish, idora sha’niga mos bo‘lish, jamoaga mansubligidan g‘ururlanish) ko‘proq ahamiyat beriladi.

Germaniyada yosh mutaxassislarning moslashuvi va ustozlik jarayoniga tegishli ko‘p jihatlar, masalan, ustozlikning maqsad va vazifalari, ustozlik qiluvchining vazifalari, ustozlik faoliyatining rag‘batlantirish masalalari me’yoriy hujjatlarda batafsil belgilab qo‘yiladi. Tegishli me’yoriy hujjatlarning mavjudligi ustozlik jarayonida ishtirok etuvchi barcha sub’ektlarning qonuniy himoyasini kafolatlaydi.

Rossiya ekspertlarining birinchi marta lavozimga tayinlangan davlat xizmatchilari orasida o‘tkazgan anonim so‘rovlari natijalariga ko‘ra, so‘ralganlarning 70% ga yaqini 3 oydan 6 oygacha bo‘lgan muddatda o‘z xizmat vazifalarini bajarishda ma’lum qiyinchiliklarga duch kelishgan va hamkasblar ko‘magiga muhtoj bo‘lishgan. Birinchi marta lavozimga tayinlangan va uch yilgacha xizmat qilayotgan davlat xizmatchilarining ko‘pchiligi ustozlar faoliyatini ijobiy baholashgan.

Rossiyada Hukumat qarori bilan “Davlat fuqarolik xizmatida ustozlik to‘g‘risidagi Nizom” tasdiqlangan bo‘lib, unda davlat idoralari va tashkilotlarida ustozlikni joriy etish tartibi o‘rnatilgan. Hujjatga binoan, ustozlik davlat idoralariga birinchi marta xizmatga qabul qilingan xizmatchilarga nisbatan joriy etiladi.

O‘zbekiston davlat xizmatida ustozlik instituti
Bir qator xorijiy davlatlarning ustozlikni qo‘llash amaliyoti hamda bu boradagi tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni o‘rganish mamlakatimiz davlat xizmatida ustozlikni amalga oshirish borasidagi quyidagi umumiy qoidalarini ajratib ko‘rsatish imkonini beradi:
- ustozlik davlat xizmatiga birinchi marta qabul qilingan; birinchi marta yuqori lavozimlarga tayinlangan; o‘zi egallab turgan lavozimdan boshqa yo‘nalishdagi lavozimga tayinlangan davlat xizmatchilariga nisbatan qo‘llanadi;
- ustozlikni qo‘llashning asosiy maqsad va vazifalari: davlat xizmatchilarining yangi ish sharoitlariga ko‘nikishi va jamoaga kirishishida ko‘maklashish;
-davlat xizmatchilarining professional rivojlanishida yordam berish;
- lavozim vazifalarini bajarishga vijdonan va intizomli yondashishni o‘rgatish;
- ustozlikni qo‘llash muddati davlat idoralarining tegishli rahbarlari tomonidan ustozlik qo‘llangan xizmatchining kasbiy tayyorgarligi, uning lavozim vazifalari xususiyatilari hisobga olingan holda uch oydan bir yilgacha davrga belgilanadi.

Ustozlikka nomzodlarga qo‘yiladigan talablar:
- ustozlikka tayinlash davlat idorasi rahbarining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi;
- ustozlikka nomzodlar tajribali, hamkasblar orasida obro‘-e’tiborga ega, yoshlar bilan ishlashga layoqatli davlat xizmatchilari orasidan tanlab olinadi;
- ustozlik qo‘llangan davlat xizmatchisining bevosita rahbari unga ustoz etib tayinlanmaydi;
- ustozlik qiluvchi davlat xizmatchisi bir vaqtning o‘zida ikkitadan ortiq xodimga ustozlik qilishi mumkin emas;
- ustozlik davlat xizmatchisi tomonidan o‘z lavozim vazifalarini bajarish bilan bir qatorda olib boriladi;
- ustozlik vazifasi davlat xizmatchilari zimmasiga ularning roziligi bilan yuklanadi.

Davlat idorasida ustozlik ishini tashkil etish:
- ustozlikni qo‘llash borasidagi ishlarni tashkil etish va muvofiqlashtirish davlat idorasi xodimlar bo‘limi tomonidan olib boriladi;
- ustozlik jarayonini samarali o‘tkazish uchun rejalar, maxsus uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqiladi. Aniq dasturlar va rejalarning bo‘lmasligi davlat xizmatchilarining bu jarayonga nisbatan rasmiy munosabatlarini keltirib chiqarishi mumkin;
- ustozlikni qo‘llash davomida zamonaviy axborot texnologiyalari, yangicha yondashuvlardan faol foydalaniladi;
- ustozlikni tashkil etishga rahbarlik va uni nazorat qilish ustozlik qo‘llangan xizmatchi lavozimda bo‘lgan davlat idorasi tarkibiy tuzilmasi rahbari zimmasiga yuklanadi.

Davlat xizmatchisining ustoz sifatidagi faoliyatini baholash:
- belgilangan muddat tugagach, ustozlikni o‘tagan davlat xizmatchisi ustozlik qo‘llangan xodim haqida tavsifnoma tayyorlaydi. Tavsifnoma davlat idorasi tarkibiy bo‘limi rahbari tomonidan imzolanadi va xodimlar bo‘limiga topshiriladi;
- ustozlik faoliyatini baholash, rejalashtirilgan vazifalarni yosh xodim qay darajada o‘zlashtirgani, orttirgan kasbiy bilim va ko‘nikmalarini hisobga olgan holda baholanadi;
- davlat xizmatchilarining ustoz sifatida olib borgan samarali faoliyati attestatsiya va malaka imtihonlari davrida, xizmatchilarni lavozimlarga tayinlash, moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish chog‘ida hisobga olinadi.

“Davlat xizmati to‘g‘risida” qonun loyihasining VI bobiga “Davlat xizmatida ustozlik” deb nomlangan alohida moddani kiritish hamda davlat xizmatchilarini kasbiy tayyorlash shakllaridan biri sifatida ustozlik institutini mustahkamlab qo‘yish maqsadga muvofiqdir. Ustozlikni qo‘llashning asosiy maqsad va vazifalari, muddati, bu jarayon ishtirokchilarining huquq va majburiyatlarining qonunda batafsil belgilab qo‘yilishi davlat xizmati samaradorligini oshishiga xizmat qiladi.

A.Eminov
Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat
tadqiqot instituti mas’ul xodimi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Davlat xizmatida “Ustoz-shogird” instituti: xorijiy mamlakatlar tajribasi