08:24 / 22.09.2017
6 906

Omonat g‘or siri (17-qism)

Omonat g‘or siri (17-qism)
Oradan yarim soatlar o‘tib, Nilufar yig‘lay-yig‘lay uxlab qoldi. Xalil boyvachcha ham kosadagi ovqatni yarimlatmay, mast bo‘lib, o‘tirgan joyida mudrab-mudrab uyquga ketdi. Lazokat esa bir xo‘mrayib, bir kulib, to‘rt dugona bir bo‘lishib kafeda rosa o‘ynaganlarini, keyin Ma’muranikiga borib, ozginadan konyak ichishganini, boshlari aylanib er-xotin o‘ynaganlarini aytib berdi. Uning bahonasiga onasi tugul, o‘zi ham ishonmasdi. Ammo Mo‘’tabarxon uning qiz emasligini tan olmaganidan xursand bo‘ldi, hatto endi eri bilan Nilufarning bo‘lmag‘ur o‘ylarga borgani uchun adabini berib qo‘yishini ham ko‘ngliga tugdi.

Nilufar soat to‘qqizlardan oshganda uyg‘ondi. Shosha-pisha yuvinib, choy ham ichmay uydan chiqdi. Qiziga “zaharli nina”sini yaxshilab sanchib olishga shaylangan Mo‘’tabarxon labini tishlab qoldi. Chunki qizining vajohati boshqacha edi.

Shom mahali ko‘zini ochgan Xalil boyvachcha kimdir o‘zini yechintirib to‘shakka yotqizganini bildi-yu, bir muddat qayerda, nega ichganini eslolmay yotdi. Birozdan keyin harir ichko‘ylakda kenja qizining cho‘zilib yotgani, undan anqigan aroq hidi yodiga tushib asabi o‘ynadi. O‘rnidan sakrab turib yugurib bordi-da, eshikni qarsillatib tepib ochdi. Pastki qavatda bir o‘zi choy ichib o‘tirgan Mo‘’tabarxon cho‘chib tushdi. Erining uyg‘onganini sezib, yuragi hapriqdi. Ko‘zini bir yumib ochib, janjalga hozirlandi.

— Qalay, xonim?! — dedi Xalil boyvachcha oshxonaga kirib kelarkan, kinoya bilan. — O‘tiribsizmi kayfingizni surib!

— Dadasi, — dedi Mo‘’tabarxon kipriklarini pirpiratib. — Haligi, osh damlovdim, sizni uyg‘otishga haddim sig‘madi.

— Shunaqa degin! Hali osh qilib qo‘yibsanmi? Obbo sen-ey, to‘yning tayyorgarligini boshlab yuboribsan-da.

Xotin “g‘ing” demadi, tilini ichiga tortib, boshini xam qildi.

— Qani anavi oqpadar?!

— Adasi, haligi…

— Qani dedim!

— Tepada, xonasida!

— Chaqir!

— Avval…

— Chaqir!!!

Mo‘’tabarning mijjalari yoshga to‘ldi, u og‘ir-og‘ir qadam bosib oshxonadan chiqa boshladi. Xalil boyvachchaning jig‘ibiyroni chiqdi:

— Imillama!!! — bo‘kirib yubordi u.

Xotini sapchib tushib, qadamini tezlatdi.

Xalil boyvachcha o‘yga toldi, miyasi zo‘riqib, bu sharmandalikdan qutulish chorasini qidirardi. Bir mahal “lop” etib xayoliga Berdimurod tushdi: Lazokatni shunga uzatsa-chi? Shu bilan yopig‘liq qozon yopig‘ligicha qoladi. Bu o‘ydan boyvachchaning ko‘ngli yorishdi, ichida bir entikdi. Qiziga nafrati ham biroz susaydi. Shu tobda Berdimurodga buyurgan yumushi esiga kelib qoldi. Ikki kundan beri natijadan bexabarligiga avval ajablandi, keyin jahli chiqdi. Shu payt eshikdan Mo‘’tabarxon, uning ketidan Lazokat ko‘rindi. Xalil boyvachcha qovog‘ini uyib oromkursiga cho‘kdi. Erining kayfiyatida o‘zgarish sezgan Mo‘’tabarxon ichida: “Xudoga shukur-ey”, deya yengil tortdi.

— Qani, erka qiz, — masxaromuz jilmaydi boyvachcha, — yaxshi yuribsizmi?

— Rahmat… — boshini egdi Lazokat.

— Ko‘rinmaysiz?

— …

— Sendan so‘rayapman, it! — to‘satdan o‘kirib yubordi boyvachcha. — Qaysi go‘rlarda sanqib yurganding?!

— Ada… Adajon… — o‘zini arang tutib turgan Lazokat yig‘lab yubordi. — Mani kechiring…

— “Kechiring”?! Hali men kechirishim kerak bo‘lgan ish ham qilganmisan? Men eshitmagan ekanman. Gapir! Qulog‘im senda. Qani, qanday ayb ish qilibsan?

— Dadasi, — bidillab gapga aralashdi Mo‘’tabarxon, — dugonalari bilan kafeda o‘tirishgan ekan. To‘g‘rilikcha o‘tirishibdi, men hammasini surishtirib bildim dugonalaridan. Chimkentga yubormaganingizga qizingiz xafa bo‘lib…

— …maishat qilgan, shunaqami?! — xotinining gapini ilib ketdi boyvachcha. — O‘g‘il “dugonalar” bilan-a!

— Adajonisi, unaqa xayolga bormang, hammasi qiz bolalar ekan.

— Sening o‘zing kim-u, surishtirganing nima bo‘lardi! — xotiniga javoban Xalil boyvachcha achchiq kinoya qildi.

— Adajon…

— Qizim, — dedi boyvachcha so‘lish olib, — meni tiriklayin go‘rga tiqmoqchi bo‘lsang, shu ishingni yana takrorlayverasan. Endi xonangga chiq.

Lazokat boshini eggancha ortga tisarilib, ichidan sevingancha oshxonani tark etdi. U bir oycha burun o‘zini ilk marta erkak ixtiyoriga topshirib qo‘ygan edi. O‘sha payt dahshatga tushgan, birovga bildirmay rosa yig‘lab-siqtagandi. Qilmishidan hech kim xabar topmaganini bilgach, alamlari yodidan ko‘tarilib ketdi. So‘ng Ashur bankirning o‘g‘liga yana bir necha marta xufiyona nazokat hadya qildi…

— Xonim! — xotiniga tik qarab gap boshladi Xalil boyvachcha. — Qani, mening yonimga o‘tiring-chi!

Mo‘’tabarxon bo‘ri hurkitgan qo‘yday olazarak bo‘lib, qulog‘ini ding qilgancha, erining yonidagi oromkursiga omonatgina cho‘kdi.

— Endi, xotin, men yosh bola yoki go‘lmasman, yerning tagida ilon qimirlasa bilaman. Sen ming marta uringaning bilan foydasi yo‘q. Xullas, bir nima demasang ham hammasidan xabarim bor… Lekin buning ertaroq oldini olishimiz kerak.

Mo‘’tabarxon eriga savol nazari bilan termildi.

— Yo‘liki, — davom etdi boyvachcha, — qizingni erga berishimiz kerak. Shu haftadan qoldirmasdan.

— Kimga? — yutinib oldi Mo‘’tabarxon.

— Mening bir yaxshi yordamchim bor. O‘zi qishloqdan-u, lekin uddaburon bola. Birinchidan, qizingni xor qilib qo‘ymaydi. Ikkinchidan, Lazokatni ko‘cha-ko‘yda sanqitib qo‘ymaydi.

— Berdimurodmi?

— Umringda bir marta kallang ishladi-ya, qoyilman.

— Siz otasiz, — dedi Mo‘’tabarxon biroz o‘ylanib turib, — nima desangiz — shu.

— Ha-a, men nima desam, mana shu uyda hamma narsa bo‘ladi, shundaymi?

Xotini boshini silkib boyvachchani ma’qulladi. Bundan erning ham kulgisi keldi, ham g‘azabi qo‘zidi. U o‘zini bosolmay qoldi. Beixtiyor Mo‘’tabarxonning yuziga bor kuchi bilan shapaloq tortib yubordi. “Qars” etgan ovoz oshxonada aks-sado berdi. Baqirishgayam ulgurmagan xotini qo‘llari bilan yuzini bekitdi.

— Itdan tarqagan! — g‘azabdan boyvachchaning ko‘zlari chaqnab ketdi. — Hammasiga sen — molning qarindoshi aybdorsan. Endi men shu bir laycha, Berdimurodning oldidayam boshimni ko‘tarolmayman.

Mo‘’tabarxon “piq-piq” yig‘lashga tushdi, bu esa yongan olovga yog‘ sepganday gap edi.

— Hali sen ko‘zingdan siydigingni oqizayapsanmi?! — o‘rnidan sapchib turgan boyvachcha xotinining sochidan tortib yerga ag‘anatdi-da, tepkilashga tushdi. Mo‘’tabarxon har zarba tekkanida “Voy o‘ldi-i-im!” deb baqirar edi. Uning joniga shu payt kirib kelgan Nilufar oro kirdi. U yugurib kelib otasini quchoqlab chetga tortdi.

— Ada! — qichqirdi Nilufar jon holatda. — Nima qilayapsiz?!

— Qoch! — ko‘zi qonga to‘lgan boyvachcha o‘kirdi. — Hozir o‘ldiraman!

— Undan ko‘ra meni uring, adajon!

Nilufarning qichqirig‘i otasini insofga keltirdi. U qizini siltab tashlab, tashqariga yo‘l oldi. Xuddi shu payt xizmatkori ichkariga kirishni ham, kirmaslikni ham bilmay tashqarida turardi. Uning bu qilig‘i boshiga balo bo‘ldi: “Sen qaysi go‘rda yuribsan?!” deya boyvachcha uni tepkilashga tushib ketdi. Ammo nafasi bo‘g‘ziga tiqilib, zinaga o‘tirib qoldi. Xotini, qizi, xizmatkori — hammasini bo‘ralab so‘kdi. Xizmatkori boyvachchaning bu qiliqlariga o‘rganib qolgani bois, tepki ham, so‘kishlar ham unga zig‘ircha ta’sir qilmadi.

Nuriddin ISMOILOV

(Keyingi qismlarni yaqin soatlarda o‘qiysiz)

Manba: hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Omonat g‘or siri (17-qism)