Munajjimlar bashorati: 28 mart kuni yulduzlar Sizga nimalarni va’da qilmoqda?

  • 27-03-2018, 23:01
  • 3 345
  • Hayot tarzi
  • Munajjimlar bashorati: 28 mart kuni yulduzlar Sizga nimalarni va’da qilmoqda?
    QO‘Y (21. 03 — 20. 04)
    28 martda muammo paydo bo‘lishi bilan darhol joyida bartaraf etishga harakat qiling. Agar o‘zingiz xatolikka yo‘l qo‘ysangiz, boshqalarni ayblamang. Bu ikki o‘rtada janjallar yuzaga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin. Kun oxirrog‘ida oila qurmaganlar romantik xarakterga ega vaziyatga tushib qolishlari kutiladi. Kechqurun moliyaviy ahvolingiz bilan bog‘liq ajoyib xabar eshitishingiz mumkin. Toza havoda sayr qilishni ham unutib qo‘ymang. Salomatligingizni juda ehtiyot qiling.

    BUZOQ (21. 04 — 21. 05)
    Kuningiz xayrli va mazmunli o‘tadi. Nima niyatingiz bo‘lsa, oson yo‘l bilan haqiqatga aylantirishingiz mumkin. Mas’uliyatni unutib qo‘ymasangiz, ishxonangizda ham yumushlarni a’lo darajada ado etasiz. Oilada juftingiz bilan kelishmovchiliklar paydo bo‘lish ehtimoli bor. Bu yoqimsiz hodisa ham ham sizning injiqliklaringiz tufayli sodir bo‘ladi. Jahd, g‘azabni bir chetga suring. Yo‘qsa, bu katta janjalga aylanib ketishi hech gap emas. Ovqatlanish qoida, me’yorlarini buzmang va rejimga amal qiling.

    EGIZAKLAR (22. 05 — 21. 06)
    28 mart kuni siz ham, ishlaringiz ham faqat olg‘a bosadi. Shu sababli sizga havas qiladiganlarga nisbatan hasad qiluvchilar ko‘proq bo‘ladi. Ularga ham qarshi turishga imkoniyatingiz yetarli. Kun davomida xizmat safarlari, tadbirkorlar uchun ish yuzasidan uchrashuvlar va hamkorlar bilan suhbatlar muvaffaqiyatli o‘tadi. Muhabbatda jiddiy xatoga yo‘l qo‘yishdan saqlaning. Kechqurun xonadoningizga kutilmagan mehmonlar tashrif buyurishi mumkin. Shu bahonada zararli odatlardan voz kechishni mo‘ljallagan bo‘lsangiz, to‘g‘ri o‘ylabsiz.

    QISQIChBAQA (22. 06 — 23. 07)
    Kun davomida optimizmdan voz kechmasligingiz tavsiya etiladi. Asosiysi, birovlar qarshisida sharmanda bo‘lishga olib keladigan jarayonlarga ro‘baro‘ bo‘lmang. Har bir ishni o‘zingizga qattiq ishongan holda amalga oshiring. Bu muhabbatda ham o‘z aksini topmog‘i zarur. Mabodo juftingiz sizga yuz foiz ishonmasa, sadoqatingizni isbot qiling. Bu ishda romantikadan unumli foydalansangiz bo‘ladi.

    ARSLON (24. 07 — 23. 08)
    28 mart kuni o‘ylab qo‘ygan barcha rejalaringiz amalga oshadi. Siz xatoga yo‘l qo‘ymasangiz, mayda-chuyda ko‘ngilsizliklar qarshisida ojiz qolmasangiz bas. Kunning ikkinchi yarmida ba’zilar pessimistik xarakterga ega harakatlarni sodir etishlari ehtimolga yaqin. Moliyaviy muammolarni bartaraf etish zarurati tug‘ilsa, sergaklikni oshiring. Agar yaqin orada yirik xaridlar qilishni mo‘ljallagan bo‘lsangiz, sergaklik juda asqotadi.

    PARIZOD (24. 08 — 23. 09)
    Ertalabdayoq qarindoshlar bilan orangizdagi ba’zi kelishmovchiliklarga nuqta qo‘yishingiz zarur. Ularga nisbatan muloyim munosabatda bo‘lsangiz, six ham, kabob ham kuymaydi. Vrach ko‘rigidan o‘tish, psixolog va tish do‘xtiri qabulida bo‘lish muvaffaqiyatli kechadi. Bir so‘z bilan aytganda, salomatligingizni mustahkamlash uchun albatta vaqt toping. Kechqurun eski qadrdonlardan biri bilan tasodifan uchrashib suhbat qurishingiz kutilmoqda. Surunkali xastalikka yo‘liqqanlar salomatliklarini nazoratda ushlasinlar.

    TAROZI (24. 09 — 23. 10)
    28 martda bajarishingiz zarur bo‘lgan ishlar favqulodda ko‘payib, oldingi rejalardan voz kechishga majbur etishi mumkin. Lekin sizda kuch ham, imkoniyat ham yetarli. Ishdan cho‘chimasangiz ham bo‘ladi. Og‘ir vaziyatlarga tushib qolsangiz, yaqin do‘stlarni yordamga chaqiring. Siz ham bir paytlar ularga eng mushkul lahzalarda yordam qo‘lini cho‘zgansiz. Sinalmagan taomlarni tatib ko‘rish haqida o‘ylab ham ko‘rmang. Bu tavakkalchilik siz uchun juda qimmatga tushishi mumkin. Kechqurun toza havoda sayr qiling. Keyin esa yolg‘iz qolib dam oling, ertangi rejalarni tuzing. Yaxshi niyatlar qiling.

    ChAYoN (24. 10 — 22. 11)
    Shaxsiy hayotda ham, ishda ham qora terga botishingiz tavsiya etilmaydi. Boshqalar singari dam olishga, nafas rostlashga haqingiz bor. Pul masalasida hisob-kitobdan chalg‘ib qolmang, inqirozga yuz tutishingiz mumkin. Hisob-kitobga jiddiy munosabatda bo‘lsangiz, nafaqat pulingizni iqtisod qilib qolasiz, balki qo‘shimcha daromad olishga ham muyassar bo‘lasiz. O‘zingizni ehtiyot qiling. Yomon odamlarga qo‘shilmang. Atrofdagilar bilan muloqotda hazildan ko‘proq foydalaning.

    O‘QOTAR (23. 11 — 21. 12)
    28 mart kuni o‘zingizga yoqmaydigan, notanish bo‘lgan ishlarga qo‘l urishdan saqlaning. Bunday ishlarni ustalariga qoldiring. Ular shug‘ullanaversin. Ish joyingizda sizning lavozimingizga anchadan beri ko‘z tikib yurgan kimsa kayfiyatingizni buzishi kutiladi. U bilan muloqot silliq kechishi uchun tafakkurni ishga soling, qalbingizga quloq tuting. Kechqurun toza havoda sayr qiling. Ba’zilarga velosayr ham xalal bermaydi.

    TOG‘ EChKISI (22. 12 — 20. 01)
    Ishdami, uydami, arzimagan ko‘ngilsizlikdan fojia yasamang. Ko‘ngilsizliklarni yo‘qqa chiqarish uchun irodangizga suyaning. Bu qo‘lingizdan keladi. Kunning ikkinchi yarmida shaxsiy ish bilan boshqa shaharga safar qilish omadli kechadi. Moliyaviy masalada ham kuningiz tug‘ishi tayin. Muammolar xamirdan qil sug‘urgandek oson bartaraf etiladi. Kechki payt yoshi ulug‘ qarindoshlaringizdan xabar oling. Kerak bo‘lsa, moliyaviy ko‘mak bersangiz ham ziyon qilmaydi. Salomatligingiz pand bera boshlasa, darhol muolajalar tadorigini ko‘ring.

    QOVG‘A (21. 01 — 19. 02)
    28 martda muhim ishlarni kunning ikkinchi yarmiga qoldirganingiz ma’qul. Mabodo buning iloji bo‘lmasa, iloj qancha, chidaysiz. Juftingiz bugun sizning sadoqatingizni, muhabbatingizni nazoratdan o‘tkazish haqida o‘ylab qolishi mumkin. Tayyor turing. Sinovlar ancha murakkab kechishi kutilmoqda. Ayniqsa, boshqa jins vakil yo vakilasi bilan don olishib qo‘yishga ehtiyot bo‘ling. Bugun ortiqcha vazndan xalos bo‘lish doirasidagi amallar, bilim olish xayrli o‘tadi. O‘zingizni va yaqinlaringizni kutilmagan ko‘ngilsizliklardan ehtiyot qiling.

    BALIQ (20. 02 — 20. 03)
    Bugun boshqa kunlardagiga nisbatan ancha bo‘shashgan holda, sokin ish boshlasangiz ham bo‘laveradi. Qattiq kirishsangiz, organizmingizni zo‘riqtirib qo‘yishingiz mumkin. Kun davomida tanishlar, do‘stlar qo‘ng‘iroqlar qilib ko‘z ochirmasligi ham haqiqatdan yiroq emas. Moddiy ahvolingiz kechqurunga borib yaxshilanadi. Ammo bunga qadar ancha-muncha xaridlarni amalga oshirishga ulgurasiz. Oilasizlar birga ishlaydiganlardan birini yoqtirib qolishi mumkin.

    Manba: Hordiq.uz

    » » Munajjimlar bashorati: 28 mart kuni yulduzlar Sizga nimalarni va’da qilmoqda?