08:54 / 09.11.2018
5 321

Ommani manipulyatsiya qilishning 10 usuli

Ommani manipulyatsiya qilishning 10 usuli
Noam Chomskiy – tilshunoslik professori, faylasuf, jamoatchilik arbobi, kitoblar muallifi. Uni zamonamizning eng nufuzli intellektuallaridan biri sifatida tilga olishadi. Siyosiy mustabidlikning yorqin va izchil tanqidchisi bo‘lmish Chomskiy davlatning ibtidosidan to bugungi kungacha bo‘lgan rolini tahlil qiladi va uning rivojlanish vektorlarini belgilab beradi.

Davlat hokimiyati yoki siyosiy hokimiyat o‘z manfaatlariga ega bo‘lganida, tuturiqsiz ravishda o‘zini asrab qolish maqsadida o‘zini saylaganlarni boshqarishni birlamchi vazifasiga aylantiradi. Odamlar norozilik ko‘rsata boshlaganida esa zo‘ravonlikdan qochish uchun bunga qarshi targ‘ibotdan foydalanadi, targ‘ibot quroli bo‘lib OAV xizmat qiladi. Noam Chomskiy «Manipulyatsiya qilishning 10 usuli»ni tuzgan bo‘lib, uni e’tiboringizga havola etamiz.

1-usul: diqqatni chalg‘itish

Jamiyatni boshqarishning asosiy unsuri odamlar e’tiborini muhim muammolar hamda siyosiy va iqtisodiy hukmron doiralar qabul qiladigan qarorlardan chalg‘itishdir. Buning uchun esa axborot maydoni kam ahamiyati xabarlar bilan to‘ldiriladi.

Fuqarolarga zamonaviy falsafiy oqimlar, ilg‘or ilm-fan, psixologiya, neyrobiologiya va kibernetika sohasidagi muhim ma’lumotlarni olishga imkon berilmaydi. Buning o‘rniga axborot maydoni sport va shou-biznes xabarlari, yengil-yelpi materiallar bilan to‘ldiriladi.

«...fuqarolarning e’tiborini haqiqiy ahamiyatga ega bo‘lmagan muammolarga qaratib, chinakam ijtimoiy muammolardan chalg‘itish. Odamlar har doim nima bilandir band bo‘lishiga va ularning tafakkur uchun vaqti qolmasligini erishiladi: boshqa barcha hayvonlar singari dalada – qo‘tonda». (N. Chomskiyning «Sokin urushlar uchun sassiz qurol» kitobidan iqtibos).

2-usul: avval muammolar yaratib, keyin ularning yechimini taklif etish

Mazkur usul «muammo – reaksiya – yechim» deb ham ataladi. Muammo, qandaydir «vaziyat» yuzaga keltiriladi, bundan maqsad aholi orasida muayyan reaksiyani keltirib chiqarish va odamlarning o‘zi hukmron doiralarga kerakli qarorlarning qabul qilinishini talab etishidir. Masalan, shaharlarda zo‘ravonliklar kuchaytiriladi yoki qonli teraktlar uyushtiriladi, pirovardida odamlar xavfsizlikning kuchaytirilishini ko‘zda tutuvchi qonunlar qabul qilinishini va fuqarolik erkinliklarini cheklovchi siyosat olib borilishini talab qiladi.

Yoxud qandaydir iqtisodiy, terroristik yoki texnogen inqiroz keltirib chiqariladi. Shunda odamlar ijtimoiy huquqlari poymol bo‘lsa-da, inqirozning oqibatlarini bartaraf etish choralari haqida o‘ylay boshlaydi. Anglash lozimki, inqirozlar o‘zidan-o‘zi paydo bo‘lmaydi.

3-usul: asta-sekinlik bilan murosa

Unchalik mashhur bo‘lmagan biror choraning qo‘llanishiga erishish uchun uni kunma-kun, yilma-yil tatbiq etish kifoya. O‘tgan asrning 80 va 90-yillarida prinsipial yangi ijtimoiy-iqtisodiy shartlar (neoliberalizm) aynan shu usulda jahon bo‘ylab tarqatildi.

Davlatning funksiyalarini minimumga tushirish, xususiylashtirish, ishonchsizlik, beqarorlik, ommaviy ishsizlik, risoladagidek kun kechirishga yetmaydigan maosh. Bularning bari bir paytning o‘zida sodir bo‘lganida, shubhasiz, inqilobga olib kelardi.

4-usul: ijroni kechiktirish

Mashhur bo‘lmagan qarorni singdirishning boshqa bir usuli uni «og‘riqli va zarur» chora sifatida tanishtirib, uning kelajakda amalga oshirilishi uchun fuqarolarning roziligini olishdir. Ayni paytda emas, kelgusida qurbon berishga rozi bo‘lish osonroq.

Birinchidan, chunki bu birdaniga amalga oshmaydi. Ikkinchidan, omma har doim «ertaga hammasi yaxshi bo‘lib ketadi» degan umidni ardoqlashga moyil va undan talab qilinadigan qurbonliklar ro‘y bermaydi degan ilinj bilan yashaydi. Shu tariqa fuqarolarning o‘zgarishlar haqidagi o‘ylarga ko‘nikishi uchun ko‘proq vaqti bo‘ladi va vaqti kelganida o‘sha o‘zgarishlarni murosa bilan qabul qiladi.

5-usul: xalqqa kichik boladek murojaat qilish

Keng ommaga mo‘ljallangan aksar targ‘ibot chiqishlarida go‘yoki gap rivojlanishdan ortda qolgan maktab o‘quvchilari yoki aqlan noraso kishilar haqida ketayotgandek vajlar, qahramonlar, so‘zlar va ohang qo‘llanadi.

Bir kishi tinglovchini chalg‘itishni qanchalik ko‘p istasa, nomukammal gaplardan shunchalik ko‘p foydalanadi. Nega? Agar kimdir biror kishiga go‘yoki u 12 yashar yoki undan kichik yoshdagi boladek muomala qilsa, katta ehtimol bilan o‘sha kishining reaksiyasida xuddi 12 yashar yoki undan kichik bola singari tanqidiy baholash bo‘lmaydi.

Yuqorida va quyidagi tilga olingan usullarga duchor bo‘lgan keng auditoriya uchun mo‘ljallangan siyosiy nuqtlarga puch mulohazalar va siyqasi chiqqan haqiqatlar tiqishtirilgan bo‘ladi.

6-usul: hissiyotga iloji boricha ko‘proq e’tibor berish

Hislarga ta’sir ko‘rsatish neyrolingvistik dasturlashning klassik usuli bo‘lib, odamlarda ratsional tahlilni, oxir-oqibat sodir bo‘layotganlarni tanqidiy tafakkur qilishni to‘xtatib qo‘yishga qaratilgan.

Boshqa tomondan, hissiy omildan foydalanish ong ostiga fikrlar, istaklar, qo‘rquvlar, xavfsirashlar, majburlashlar yoki xalq-atvorning barqaror modellarini singdirish imkonini beradi. Terrorchilik qanchalik shafqatsiz, hukumat qanchalar adolatsiz, ochlar va xo‘rlanganlar qanchalik qiynalayotgani haqidagi sehr-jodu sodir bo‘layotganlarning haqiqiy sabablarini “kadr” ortiga yashirib qo‘yadi. Hislar – mantiqning dushmani.

7-usul: odamlarni johillikda ushlab turish

Odamlarni – ularni boshqarish uchun qo‘llanayotgan usullarni tushunmaydigan darajaga tushishiga erishish. Jamiyatning quyi sinflariga taqdim etilayotgan ta’lim sifati iloji boricha haminqadar va o‘rtamiyona bo‘lishi kerak, toki quyi sinflar ularni yuqori ijtimoiy sinflardan ajratib turadigan bilimsizlikni oshib o‘ta olmasin.

8-usul: fuqarolarni o‘rtamiyonalikdan zavqlanishga undash

Aholining ongiga ahmoq, razil va tarbiyasiz bo‘lish qanchalar urfda ekanini singdirish. Bu usul avvalgisi bilan o‘zaro bog‘liq. Zamonaviy dunyoda har qanday ijtimoiy sohalar – dinu ilm-fan, san’atu siyosatda o‘rtamiyonalik katta miqdorda namoyon bo‘lmoqda.

Janjallar, sariq sahifalar, sehr va afsun, shubhali yumor va populistik aksiyalar – bularning bari odamlar o‘z onglarini real dunyoning cheksiz kengliklariga qadar kengaytirmasligining oldini olish uchun xizmat qiladi.

9-usul: o‘zini aybdor his qilishni kuchaytirish

Odamni barcha baxtsizliklarining sababi o‘zining aqliy imkoniyatlari yoki sa’y-harakatlaridagi kamchiliklarda ekaniga ishonishga majburlash. Natijada odam iqtisodiy tizimga qarshi chiqish o‘rniga o‘zini o‘zi kamsitishni, hamma narsaga o‘zini ayblashni boshlaydi, bu esa tushkun kayfiyatga va ala-oqibat harakatsizlikka olib keladi.

Harakat bo‘lmasdan turib esa inqilob haqidagi gap bo‘lishi mumkin emas! Siyosatchilar ham, olimlar ham (ayniqsa, psixoterapevtlar), diniy arboblar ham odamlar o‘zini o‘zi kamsitishiga erishish uchun g‘oyat samarali doktrinalardan foydalanadi.

10-usul: odamlar haqida ularning o‘zidan ham ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lish

So‘nggi ellik yilda ilm-fan olamidagi taraqqiyot oddiy odamlarning bilimi va hukmron sinflar ega bo‘lgan ma’lumotlar o‘rtasidagi farqning yanada kattalashishiga olib keldi.

Biologiya, neyrobiologiya va amaliy psixologiyaning sharofati bilan «tizim» ham fiziologiya, ham psixika sohasida odam haqida ilg‘or bilimlarga ega bo‘ldi. Tizim – odam o‘zi haqida biladigandan ko‘proq narsani bilishni uddaladi. Bu shuni anglatadiki, aksar hollarda tizim katta hokimiyatga ega va odamlarni ularning o‘zidan ko‘proq boshqaradi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Ommani manipulyatsiya qilishning 10 usuli