17:34 / 02.01.2019
13 478

Dangasalikdan qanday qutulish mumkin?

Dangasalikdan qanday qutulish mumkin?
Loqaydlik qayerdan kelib chiqadi? Tushkunlik holati-chi? Hech nima qilishni xohlamaslik hissi-chi? Biror-bir topshiriqda diqqatni jamlay olmaslik-chi? O‘qishni istamaslik-chi? Sevimli ishning yoqmay qolishi-chi? Ruhiy bo‘shliq va shariat ko‘rsatmalariga rioya qilishni xohlamaslik-chi?

Dangasalik kishini aynitadi, parokanda qiladi. Bu nafaqat jismoniy, balki ruhiy holatga ham aloqadordir. Dangasalik ruhiy holat darajasida faoliyatni cheklovchi harakatlarni keltirib chiqaradi. Kishining miyasi birinchi o‘rinda uning xavfsizligini saqlashga shay turgan holatda bo‘ladi. Miya eng bezarar harakatlar – harakatsizlik deb hisoblashda nafsning sodiq do‘stidir. O‘smirlar va qariyalar uchun dangasalikka qarshi turish qiyinroq. Chunki har ikkala avlodda ham o‘ziga ishonchsizlik ulkan darajada bo‘lib, natijada o‘z-o‘zini himoya qilish maqsadida bekorchilikda qotib qolish vaziyati kelib chiqadi.

Boshqarib bo‘lmaydigan dangasalikning shunday shakllari ham mavjudki, ular depressiya hamda nevrozga olib borishi mumkin. To‘g‘rirog‘i, bunga uning sabablari bois bo‘ladi.

Agar siz dangasalikni yengishga qodir bo‘lmasangiz, uni hayotingizda qiyinchiliklar, tananing zaifligi, yomon kayfiyat bilan oqlamang. Agar u sizni quchog‘idan qutulib bo‘lmaydigan darajada tutib olgan bo‘lsa, unda mutaxassisga, ya’ni psixologga murojaat qiling. Ammo iloji boricha holatni bu kabi mushkul ahvolgacha olib bormagan yaxshi. Chunki bunday dangasalik ma’naviy hayotimiz uchun pastga tortib ketuvchi botqoqlikdir.

Doimiy ish bilan band bo‘lgan odam o‘zini «Bo‘sh vaqtim bo‘lganda ruhiy tarbiya bilan shug‘ullanaman», deya ovuntirib yuradi. Diniy sohada qilishni xohlagan narsalarning ko‘pi «vaqt bor bo‘lganda»ga suriladi. Odatda «vaqt bor bo‘lganda»ga bajarilishi shart bo‘lgan farz amallar ham kirib ketadi. «Keyin… qachondir… hozir juda bandman!» – millionlab insonlar shu yo‘sinda yashaydilar. Xo‘sh, ana o‘sha «keyin» kelganda-chi? Bir eslab ko‘ring: betob bo‘lib qoldingiz, vaqtingiz g‘ich-g‘ich. Ta’tildasiz, o‘ttiz kun baxtiyor bekorchilik! Sizni ishdan bo‘shatishdi, boshqa ishga joylashguningizga qadar vaqtingiz bemalol. Xullas, vaqt bor! Uni nimaga sarflaysiz? «Keyin»ga qoldirgan ishlargami? Yoki diniy adabiyot o‘qiysizmi? Qazo namozlar o‘qib hamda ro‘zalarni tutishga ishlatasizmi? Qur’on yodlaysizmi? Yo jussangizni issiqqina, shamol urmaydigan yerga joylashtirib, charchaganingizni, dam olishga muhtojligingizni bahona qilasizmi? «Keyinroq… dam olib bo‘lganimda», deysizmi?!

Mazza qilib dam olganingizdan so‘ng esa sizni o‘rinda yoyilib yotgan holingizda erkalab, yumshoqlik bilan dangasalik o‘z bag‘riga oladi. Boshida u yoqimli bo‘ladi, vaqt o‘tgan sari og‘irlashib, jonga tegadigan, hattoki jirkanch tusga kiradi. Biroq o‘z o‘ljasini qo‘yib yubormaydi! Uni o‘rgimchakka o‘xshatish mumkin. Sizga o‘z zahrini sochadi va siz asta-sekin ichingizdan chiriy boshlaysiz.

Dangasalikni davolovchi hech qanday sehrli vositalar yo‘q. Yagona davo – doimiy mehnat. Dangasalikdan himoyalovchi yagona vosita – uning quchog‘ida o‘tkazgan har bir soniyangiz bilan tantiqliklaridan qutulib olish qiyin kechishini anglab yetmoqlikdir. Faqat qattiq nazorat, faqat nafsning buzuqligiga nisbatan nafrat, faqat Yaratuvchidan qo‘rqish va ertami-indin behuda yashalgan hayot haqida savol-javob bo‘lishini tushunib yetish darkor! Eng qiyini so‘roq hozir emas, keyinroq bo‘lishini, yumshoqqina o‘rin hamda yog‘li shirin kulchatoylar esa ayni damdagina borligini anglash zarur. Shuning uchun ham kishi doim o‘ziga o‘zi hisobot berib turishi kerak. Mehnat va dangasalik tushunchalarini ajratib olish darkor. Dam olish vaqtini belgilab qo‘yish shart. Masalan, “Uyquga kuniga 8 soat sarflayman va yana 2 soatni dam olishning faolroq turiga ketkazaman”, deng. Albatta, bu jadvalga qat’iy rioya qilish lozim. Birdaniga vaqtni taqsimlash qiyin bo‘ladi, ayniqsa, rejadan to‘satdan ish hamda o‘qish yo‘q bo‘lib qolsa. Bir kun ham o‘zingizni bo‘shashtirmang, yangi reja tuzing. Xuddi oldingisi kabi unda ham 8 soat uyquga va 2 soat dam olishga, qolgan vaqtni boshqa ishlarga taqsimlab chiqing.

Asosiysi – dam olishga vaqt ajratish! Odatda dangasalikning sababi bo‘lib uzoq vaqt dam olishga vaqt ajratilmagani xizmat qiladi. Hordiq – Allohning rahmati, bizga tunni uxlab, orom olishimiz uchun yaratgan. Uzoq tin olmagan kishi keyin o‘zini to‘xtatishi qiyin bo‘ladi. Bu xuddi och qolgan inson kabidir: ovqatga tashlanib, to‘yganini bilmay yeyaveradi va shu yo‘sinda o‘ziga zarar qiladi. Shuning uchun nazorat, reja hamda har bir narsaga nisbatan oqilona yondashuv darkor. Har ishda me’yor bo‘lgani yaxshi.

Ruhiy tarbiya faqatgina vaqt talab qiladigan ish emas. Masalan, zikr – uni boshqa ishlar bilan ham qilsa bo‘ladigan eng oddiy ruhiy mehnatdir. Zikrni yo‘lda ketayotib, ovqat mahalida, kutish vaqtida qilish mumkin. Shuningdek, salavotlar va duolar ham shular qatoridadir. Ammo bunday amaliyotni e’tiborsiz qoldirmagan darkor. Piyoda yurish – kishi tanasining muskullarining doimiy faoliyatini ta’minlovchi zaruriy jismoniy mehnat. Zikr, salavot, duo – ruhiy mushaklarning doimiy faoliyatini ta’minlovchi ruhiy kuch. Mehnatda bardavom bo‘ling, shunda erinchoqlik qalbingizni kemirmaydi.

Manba: muslimaat.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Dangasalikdan qanday qutulish mumkin?