14:15 / 09.03.2019
4 287

Tashbeh... (Badia)

Tashbeh... (Badia)
Yana uygʻonib ketdim yarim kechada. Ne iloj? Esga tushdi shekilli-da tagʻin bolalik…
Yoʻq, yoʻq, faqatgina yetimligim bahona emasdir uyqusizlikka? Axir, dunyoda mendaylar kammi…

Ammo… Baribir qoʻshni qishloqda onang yashab tursa-yu, yurak yutib unga erkalana olmaslik, hadding sigʻib padari buzrukvorning bir ogʻiz shirin soʻzidan umidvor boʻla bilmaslik, kimlarningdir qargʻishini beixtiyor tinglamoq, kimlarningdir turtkisiga bardosh aylamoq, yana kimlarningdir qosh-u qabogʻiga moʻltirab termulmoq alam qilarkan…

Toʻgʻri, men hattoki ota-buvalarim koʻrmagan, kechirmagan dardu iztiroblar ostida qoldim. Ota-bobolarim yurmagan past-baland soʻqmoqlarda yeldim, yugurdim. Ammo mening koʻz oʻngimda, shundoqqina qarshimda muhabbat bor edi, gʻoyibona suyanch bor edi. U menga uchqur qanotlar hadya etib, bulutning zahridan, gulduros chaqmoqlar qahridan toʻsib turganini hech kim bilmaydi. Bus-butun dunyo edi mening nazdimda oʻsha kuch-gʻudrat, oʻsha “yorugʻlik”…

Biz armon haqida koʻp soʻylaganmiz…

Armon ne oʻzi? Mavjudotmikan? Mavhumlikkinamikan yoki boʻlmasa?.. Yoʻq, u mavhumlikmas. Mavjudot desak-da xato boʻladi. Armon qoʻllarimiz hech qachon yetishi mumkin boʻlmagan olis yuksaklik, olis bir qoya. Aslida bu yuksaklik eng yorqin umid chirogʻi ekanki, xayolan u tomon talpinaverarkansan, qucharkansan uni, erkalarkansan. Poyida tiz choʻkaverarkansan, choʻkaverarkansan…

Men ishqimni yolgʻiz, oʻzim kabi gʻarib-u notavon qalbimda, ehtirosli, hayajonga qorishiq maktublarimda judayam sof, odmigina tilaklarga suyangancha asrardim, avaylardim, ikki dunyodan-da qizgʻonardim…

Afsus, umr tufroq ekan… Tufroq boʻlganda ham boʻz tufroq ekan gʻaribning umri…
Kimlar toptamadi, kimlar toʻzon koʻtarmadi bu boʻz tufroqdan…

Mundoq olib qaralsa, tufroqdan yaralgan deydilar-ku odamiy zotni. Ayni haqiqatga yoʻymoq boʻlsak bu inoyatni, boʻz tufroqdir nasibasi nechun gʻaribning?

Sukut… Sukut hokim qolaverar bunday mahalda.
Chunki hech kim sirlarini bergisi kelmas…

Uf-f-f…

Meni yomon tergadingiz bu tun hijronlar. Ne sababdan xilvatlardan turib soʻzlaysiz?..
Bilaman. Siz otamning ham, onamning ham elchisi emas.

Yolgʻiz oʻsha chor devordan sado berasiz. Hoynahoy, titrabgina, qoʻrqibgina uchrashgan edik oʻshanda ilk bor. Ha, ha. Siz unda tugʻilmagan edingiz chogʻi…

Tan olib deyar boʻlsam, kechroq tugʻilish ham yaxshilig-u ezgulikkadir. Chunki oʻsha “kech”gina hadya eta olarkan olis muhabbatni, koʻzlarga toʻtiyo etgulik shirin yolgʻonni…

Mayli, hammasi azaliy boʻlsin. Yomon niyatlar-u, quv nigohlar abadul-abad daf boʻlaversin roʻparamizdan. Toki, buloqdek tiniq, oʻsha ilk maktublardan-da oddiy qolaversin muhabbat ramzi…

Yoʻq, gʻariblig-u armon tutashsa, ikki daryo oraligʻi paydo boʻlishin hech kangullarga sigʻmas qilchalik nafsiz demasman. Asli, gʻariblik ham baxt-u, armon inoyat. Negaki, hanuzgacha otam, onam baxtsiz qolishgan, qaro qolishgan. Lekin ming afsus… Armon ularning qalbiga sira sigʻmagan. Balki… Sigʻmoqchi boʻlgan-u, anglashilmagan. Shu sababmi, tutqazgan shekilli Olloh menga biratoʻla toʻrt oliy baxtni.

Yana Olloh toʻrtta armonni ham inoyat etdi. Bir armonki, unga qancha yukinsang-da, ogʻrimaydi yarimta kangul…
Yoʻq, yoʻq, endi uxlamayman. Uxlayolmayman…

Hech boʻlmasa, oʻz-oʻzimga intilmoq istayman, topinmoq istayman koʻyimda. Mayli, titrab ketmasam ham olis tashrifdan.
Faqat…
Siz gʻariblikka yoʻymang sira uyqusizlikni.

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Tashbeh... (Badia)