21:28 / 15.03.2019
11 269

Sovchilik: “Qizning haqqida ehtiyot boʻling”

Sovchilik: “Qizning haqqida ehtiyot boʻling”
-­ Sovchilikka farosatli, uquvli, tilini tishlabroq gapiradigan, koʻngli toza insonlar yurgani maʼqul, deb gap boshladi hamkasb qiz suhbat mavzu uning turmush qurishiga taqalganida.

-­ Uyga sovchilar kelishibdi. Yigit shifokor ekan. Ilmiy ish qilayotganmish. Tagli-zotli insonlarning farzandi ekan. Yoshlik qilibmi, bir paytlari bir tatar qizni sevib qolib unga uylanmoqchi boʻlgan. Ota-onasi rozi boʻlmaganiga qiz bilan turmush qurib yashagan. Turmushlari olti yilcha davom etgan. Oʻrtalarida farzand boʻlmagani uchun ajrashishgan. Yigitning ota-onasi: “Oʻgʻlimizni orzu-havas, chimildiq, toʻy koʻrmagan, yaxshi bir qizga uylantiraylik”, deb qiz qidirishgan. Kimdir bizni koʻrsatishgan. Yigitning oʻzi sovchilarini mashinasida olib keldi.

Sovchilikka qoʻshni qishloqdan yigitning onasiga yaxshi tanish boʻlgan, bir paytlari onam bilan birga ishlagan ayol ovsini bilan kelgan. Gap orasida yigitning turmushi buzilganini qistirib oʻtishgan ekan onam, “qizi borning nozi bor” qabilida: “Avval uylangan ekan-da, qizimizni turmushi buzilgan erkakka uzatsak qandoq boʻlarkan” deganlar. Bu gapga javoban sovchilikka kelgan befarosat ayol yuzingda koʻzing bormi demay: “Ha, endi opa, qizingiz ham yosh emas-ku! Qizingiz ham oʻttizga kirib qoʻygan-ku! Nimasiga turmushi buzilgan erkakka uzatmas ekansiz?”, deydi. Oʻttizga kiradimi, ellikka kiradimi, ona uchun farzandi, qizi jonu jigaridan bunyod boʻlgan bolasi-ku! Sovchilik qilishga aqli yetgan odam shunga farosati yetmabdimi? Onamning jahllari chiqib, gʻazab bilan yuzlariga fotiha tortib mehmonlarning oldidagi piyolalarni yigʻishtirib:

- Qani, tez chiqinglar uydan, juda joninglar achiyotgan boʻlsa oʻzlaringni oʻn olti yashar qizlaringni beringlar oʻsha yigitga! - deb sovchilarni haydab yuboribdilar...

Sovchilik elimizning qadimiy udumlaridan. Oʻgʻil uylash niyatida boʻlganlar sovchilik asosida farzandlariga juft izlaydi. Sovchilarning asosiy vazifasi bir-biriga munosib yoshlarning boshini qovushtirish. Keksalar sovchilik qiladiganlar hayotiy tajribaga ega, koʻpni koʻrgan, oqilu dono va albatta, oilaviy hayotda baxtli boʻlgan kishilar boʻlishini taʼkidlaydi. Sovchilardan, ikki yoshning boshini qovushtirishga kirishgan kishilardan oʻta ehtiyotkor, ogʻzidan chiqayotgan har bir soʻzni oʻylab qoʻllash, mahorat, nuktadonlik va puxtalik talab etiladi. Zotan ikki yoshning taqdiri, kelgusidagi hayoti sovchilarning borgan joyida oʻzini tutishi, gap-soʻziga bogʻliq boʻladi. Yurtimizning har goʻshasida sovchilik bilan bogʻliq oʻziga xos urf-odatlar mavjud. Koʻpgina hududlarda sovchilik ishlarini avval ayollar bitirib, erkaklar unashtiruv masalasiga borishadi.

Zamonaviy sovchilik

Boshqa urflarimiz kabi sovchilikni ham zamonaga moslashtirib oldik. Bir paytlari mahallaning obroʻ-eʼtiborli, koʻpni koʻrgan kayvonilari sovchilikka chiqardi. Sovchilikka borgan xonadonlaridagi uy tutumi, qiz tarbiyalayotgan ayolning raftoridan bu oila xaridor tomonga munosib yoki munosib emasligini darrov uqib olishgan. Davrimizga kelib esa rasm-rusumlar ham ancha “sayqallandi”. Oʻgʻil uylantiradiganlar eng avval qizning ota-onasining moliyaviy ahvolini surishtirishga tushadi: “Ota-onasi nima ish qilishar ekan?”, “Uy-joyi qanaqa ekan?”, “Sarpo-surugʻi qanday ekan?”... Kelin qilmoqchi boʻlgan qizining mahallasiyu koʻchasidan tortib, oshxonayu, hammomigacha chiroyli boʻlishi kerak. Biror joydan “taʼbiga mos” qizning daragi chiqsa, yigitning onasiga kelin boʻlganiga uch-toʻrt yil boʻlgan kelinoyisi yoki hali turmushga chiqmagan opa yo singlisi hamrohlik qiladi.

Qizimizga bir joydan sovchilar chiqdi, deydi tanish ayol. - Qizlik uy karvonsaroy, deydilar. Bosh ustiga koʻrib kutib oldik. Birozdan keyin maqsadlarini ayon qilgach, jagʻi-jagʻiga tegmay qizimizning maʼlumoti, qoʻlidan keladigan-kelmaydigan yumushlarni soʻrayotgan ayol diqqatimni tortdi. Yigitning opasi bilan onasi sovchilikka kelgan ekan, sersavol ayol opa ekanlar. Uydagi hamma roʻzgʻor anjomlariga oshkora razm solib chiqdi. Keyin bilsak, yigitning sovchilikka kelgan opasi turmushi boʻlmagan, ikki bola bilan ota uyiga qaytgan ekan. Keyingi gal kelganlarida, “Boshqa joylardan qiz qidira qolinglar” deb kuzatib yubordim. Dadasi “turmushni oʻyin bilib oilasini asrab qololmagan ayol, birovlarning boshini qovushtirib, baxtli boʻlishiga qanday aralashadi? Oʻz hayotini isloh qilolmagan ayoldan qanday sovchi chiqadi?” deb rosa meni koyidilar. Oʻgʻil uylantiradigan ota-onalar sovchilikka yuradigan ayollarning odob-axloqi, hayotdagi oʻrniga eʼtibor bersalar boʻlardi...

“Qizning haqqida ehtiyot boʻlish ahamiyatlidir. U nikoh bilan qul boʻlib qoladi va undan xalos boʻlolmaydi. (Yaʼni, oʻzi xohlaganini qilolmaydi, degan maʼnoda) Er oʻzi xohlagan paytda taloq berishga qodir. Agar kishi musulmon boʻlaturib oʻz qizini zolimga yo fosiqqa yoki bidʼatchiga yoinki aroqxoʻrga bersa, u oʻz diniga xiyonat qilibdi. Buning bilan Allohning gʻazabiga roʻbaroʻ boʻladi, oilada rahm-shafqatni uzib, qiziga yomonlikni tanlabdi” (Imom Gʻazzoliy)

Nasl-nasab hollari, nafaqa, meros va boshqa er-xotinlik hayotiga taalluqli boʻlgan rohat-farogʻat oʻzaro hamjihatlik bilan turmush qurishning muhim va jiddiy ishlaridan hisoblanadi. Shuning uchun nikohdan oldin “xitba” – sovchilik qilish zarurdirki, nikoh bogʻlashdan oldin er ayoli haqida va ayol eri haqida tanish-bilishlar, qoʻni-qoʻshnilar orqali maʼlumotga ega boʻlishi kerak. “Xitba”dan murod – sovchilik, yaʼni qizni, uning ahlidan oʻz nikohiga soʻrashdir.

Chunki nikoh aniq maʼlumotlar asosida boʻlsa, juftlar orasidagi hayot goʻzal boʻladi. Islom shariati, turmush qurish mavzusida jiddiy oʻylashga, sovchilik qilishdan oldin fikr yuritishga undaydi. Ayol kishi ham oila aʼzolarini bexabar qoldirib, oʻzi erga tegib olishi toʻgʻri emas. Islom ayolning xitbasini, javobgarligini ahli oilasiga topshirdi. Gʻarb qizlariga oʻxshab oʻzi xohlaganiga tegib ketaverishi mumkin emas. Ota va oila ahllari, qizlari uchun yaxshi xulqli, taqvodor kuyov qidirishlari shart. Uning boyligi va molini koʻzlashlari kerak emas.

Agar sovchi qoʻyuvchi xulqi yaxshi, taqvoli, sharafli, muruvvatli, ilmli va koʻrkam boʻlsa, qanday yaxshi. Bu yigit turmush qurish neʼmatiga va qiz unga hadya qilinishiga arziydi. Ular turmush qursa, yaxshilik bilan quradi va agar baʼzi ishlarini yoqtirmay qolsa, unga chiroyli muomalada boʻlaveradi. Shariatimizning goʻzal taraflaridan biri, kuyov uylanadigan ayolini koʻrib turmush qurishga chaqirganligidir. Bu narsa, ular orasida ulfat, yaqinlik va muhabbat davomiyligini taʼminlaydi. Boʻlajak turmush oʻrtogʻining chiroyi nikoh toʻyidan avval kuyovga maʼlum boʻlishi kerak. Buni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam buyurganlar. Shunda, yigit ham, qiz ham nikohga koʻngli xotirjam boradi.

Yigit toʻydan oldin qizni koʻrgan va uning koʻrinishi xotirasida qolgan boʻladi, qiz nikoh kuni koʻrib ajablanmaydi. Oʻrtada har xil qiyinchilik va mushkulotlar boshlanmaydi. Xuddi shunday qiz ham kuyovini koʻrishi va unga nisbatan nuqtai nazarni belgilab olishi kerak. Ayrim yigitlar tabiatan xunuk boʻlishi natijasida qizning qalbida unga nisbatan muhabbat boʻlmay qoladi. Chunki qiz yigitga yoqmay qolishi mumkin boʻlganidek, yigit ham qizga yoqmay qolishi mumkin.

Sovchilik faqat yigit tomonga emas

Qiz bola kishining nomusi va sharafi, uni muhofaza qilish va saqlash lozim. Inson moliga qanchalik sergak posbon boʻlsa, qizining sharafi, izzatiga molidan koʻra sergakroq boʻlishi kerak. Oqil odam qizini oʻziga munosib, nomusini saqlaydigan, u bilan qarindoshlari qanoatlanadigan va qizini baxtli qila oladigan erga nikohlaydi. Ammo baʼzi insonlar qizini kelinlikka taklif qilishni qiz tarafning shaʼniga toʻgʻri kelmaydi deb, hisoblashadi. Biroq bu nuqtai nazar salafi solihlarning odatlariga ziddir. Chunki bu manmanlik va johiliyatning bir koʻrinishi. Munosib juft va boshqalarga oʻrnak boʻladigan yigitni qidirish, qizni oʻzi xohlagan yigit bilan turmush qurishga qoʻyib berishdan koʻra yaxshiroqdir. Oilaga nomunosib boʻlgan er qizning ahliga or va isnod keltirishi mumkin.

Keyingi paytlarda “Falonchi, pismadonchining oʻgʻliga qizini tiqishtiribdi”, “Pismadonchi, falonchi yigitga qiziga uylanishni shaʼma qilibdi” degan gaplarni eshityapmiz. Bizningcha, bunday narsalarga hayratlanish va qizining baxtini oʻylaganlarni uyat qilishdan maʼno yoʻq. Oʻgʻil farzand boʻlsa, qiz ham farzand. Shoshma-shosharlikni qoralaydigan dinimiz ham qiz bolani tezroq uzatib, tengi bilan qovushtirishga daʼvat etadi. Qiziga qanday yigit munosibligini ota-ona yaxshi biladi. Qanchadan qancha yaxshi qizlar hech kimning nazariga tushmay, baxti ochilmay yuribdi. Shu bilan birga, qancha qizlar oʻziga nomunosib oilaga kelin boʻlib, hayoti tekis kechmayapti. Oilaviy baxt hammaga birdek zarur, nega endi oʻgʻil farzandga yaxshi juft izlash keragu, qiz bolaga sovchi kutib yotish yoki duch kelgan odamga uzatib yuborish kerak ekan? Oʻgʻildir, qizdir farzandini uyli-joyli qilish ota-onaning boʻynidagi qarz. Shuning uchun ham qiziga solih kuyov qidirayotganlarning ishi xato emas.

Mulohazadan muddao

Turmush qurishdan oldin umr yoʻldoshini tanlashga alohida eʼtibor berish shart. Bu borada ikki yoshni qovushtirish vazifasini olgan sovchilarning ham masʼuliyati katta. Oʻzaro hurmat, muhabbat, ishonch va samimiyat bilangina oilaning poydevori mustahkamlanadi. Oila qurayotgan ikki inson bir-biriga har tomonlama munosib boʻlsagina, oila qurishdan koʻzlangan soflik, baxt-saodat va xotirjamlikka erishish eshigi ochiladi. Umr yoʻldoshini tanlashda esa, uning sifatlari ichida ahli solihlik, odob-axloq va ilmlilik, maʼnaviyatga birinchi oʻrinda eʼtibor berilishi kerak. Chunki nikoh va oila qurish umr savdosi. Maʼnaviy olam, fasohat va nazokat umr oʻtishi bilan quvvatlanib boradi. Odob-axloq, ahli solihlik ham yillar davomida sayqallanib, ziyodalashaveradi. Albatta, ikki yoshning bunday sifatlarini toʻydan avval kattalarga obi-tobida yetkazuvchi shaxslar sovchilar boʻladi. Xayrli amal sari tugunini koʻtarib otlangan sovchijonlar ana shu haqiqatlarni unutmasalar, boʻlgani...
Umida ADIZOVA

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Sovchilik: “Qizning haqqida ehtiyot boʻling”