17:30 / 22.03.2019
4 499

Arining zahrin chekmagan...

Arining zahrin chekmagan...
Har yili aprel kelsa, shu voqea esimga tushaveradi.

Otam rahmatli qovun, tarvuz, uzum, anor, olma kabi mevalarni qishga gʻamlab qoʻyib, to may oyigacha saqlardi. Har gal uyda palov pishsa, izidan qovun soʻyilishi odat tusiga kirgandi. Bunday meva-cheva, poliz mahsulotlarini qishga saqlash kishidan oʻta mahorat va qunt talab qiladi. Axir, qishning qahratoni — sovuq kunlari bor. Otam ularni goʻdakni avaylaganday saqlardi.

Aprel oyining oxirlari edi oʻshanda. Otam bir kuni meni oldiga chaqirib:

— Akang anchadan beri kelgani yoʻq. Nevaralarimni sogʻindim. Saqlayotgan qovun-tarvuzlarimiz ham oz qolyapti. Har qaysidan bittadan ol-da, shaharga joʻna, — deb bittadan tarvuz-qovunni toʻrvaxaltaga solib berdi.

Shu paytgacha turganidan qovun va tarvuzning u-bu joylari urilib, zaha yegan. Otam bilan qovun-tarvuzlar orasidan saylab-saylab shuginani topgan edik. Shaharda yashaydigan akamlarnikiga joʻnar ekanman, otam:

— Yangang gap qilmasa boʻldi-yov, — deb qoldi.

“Gap topib, oʻlibdimi, jon der, qovunni aprelgacha saqlashning oʻzi boʻladimi? Bozorda tillaga ham topilmasa”, dedim ichimda.

Yoʻlga tushdim.

Jiyanlarim ur-sur qilib, qoʻlimdagi toʻrvaxaltaga yopishishdi. Kelinoyim bilan soʻrashgan boʻldim. Akam ishda ekan. Kechqurun mehmon sharafiga uyda osh qilindi. Akam bilan ancha vaqtgacha gaplashib, chaq-chaqlashib oʻtirdik. Osh suzildi. Oshni yeb boʻlgach, kelinoyim akamni oshxonaga chaqirdi. Akam men olib kelgan qovunni tiliklab, laganlarga qoʻyayotgan ekan, qoʻlimni yuvgani dahlizga chiqdim. Shunda kelinoyimning:

— Dadam ham xoʻp ziqna-da, kelib-kelib zaha yegan qovunlarni bizga joʻnatibdi, — degan gapi qulogʻimga chalindi. Ichimda bir nima chirt uzilganday boʻldi.

Beixtiyor otamning gapi xayolimga keldi. Qovun picha zaha yegan boʻlsa-da, juda shirin edi, jiyanchalar quvona-quvona yeyishdi. Kelinoyimning gapi koʻnglimni xira qilgan esa-da, jiyanlarimning quvonganiga men ham xursand boʻldim. Beixtiyor otamning “arining zahrin chekmagan bolning qadrini ne bilsin”, degan hikmatomuz gapini esladim.
Boltaboy MATQURBONOV,
Xorazm viloyati

Manba: Od-press.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Arining zahrin chekmagan...